Avval xabar berganimizdek, shu yil 29 sentyabr' – 1 oktyabr' kunlari Qirg'iziston musulmonlari idorasi O'sh shahar qoziligi tomonidan o'tkazilgan “Islom — tinchlik tayanchi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi. Ushbu anjumanda Toshkent shahridagi “Ubay ibn Ka'b” jome masjidi imom-xatibi, taniqli ulamo Abdulhakim qori Matkulov boshchiligida bir guruh yurtimiz ulamolaridan tashkil topgan delegatsiya mazkur anjumanda ishtirok etib etib qaytdi.
Quvonarli jihati, Qirg'iziston musulmonlari idorasi qarori bilan anjumanda ishtirok etgan yuqori martabali diniy ulamolar orasidan O'zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi rahbari, taniqli olim Abdulhakim qori Matqulov ta'lim-tarbiya hamda ko'p yillik din va ma'rifat sohadagi xizmatlari, ko'plab shogirdlar etishtirgani uchun “El ardoqlagan olim” faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi.
Ushbu nufuzli faxriy yorliqni Abdulhakim qori Matqulovga O'sh shahar “Imom Hasan” jome masjidida juma namozi avvalida jamoat huzurida O'sh shahri bosh imom-xatibi Ubaydulla domla Sariebayev tomonidan topshirildi.
Alloh taboraka va taolo “El ardoqlagan olim” faxriy yorlig'ini taniqli ulamo Abdulhakim qori Matqulovga muborak aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD