بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِرَبِّ الْعَالَمِين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْاَمِين، وَعَلَى آلِهِ وَأصْحَابِهِ أَجْمَعِيْنَ أَمَّا بَعْدُ
ALLOHNING ZIKRI ILA QALBLAR OROM OLUR!
Muhtaram jamoat! Yurtimiz ahli 2021 yil 15 avgust kuni ulkan musibatga, og'ir judolikka uchradi. Ko'p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki mintaqadagi mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, fazilatli ulamo, ulug' ustoz, mufassir, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar... U kishining haqqiga istig'for aytib, Alloh taolodan rahmat so'rash – har birimizning zimmamizdagi burchdir. Alloh taolo marhum muftiy hazratlarini ellik yillik dini mubinimiz yo'lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga sazovor aylab, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
Aziz jamoat! Dinimizda targ'ib qilingan, savobli va Parvardigorga sevimli amallardan biri – Alloh taoloni ko'p zikr qilish, uni hamdu sanolar bilan eslab yod etishdir. Zero Alloh taoloni eslab yod etish bandaga dunyo va oxiratda ko'plab foydalar keltiradi.
Birinchidan, banda Alloh taoloni zikr qilish bilan Robbisining ilohiy buyrug'ini bajargan bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلًا
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!” (Ahzob surasi 41-42-oyatlar).
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu bu oyat haqida shunday deydilar: “Alloh taolo nimani farz qilsa, unga chegara qo'ygan, keyin uni bajaradiganlarga uzrli holatlarni bayon qilgan. Ammo Alloh taoloni eslab yod etish uchun chegara qo'yilmagan. Niso surasining 103 oyatida: “Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng, turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doimo) Allohni yod eting!”, deb marhamat qilgan. Aqli hushi joyida bo'lgan kishi uchun zikrni tark qilishga uzr yo'q.
Alloh taoloning “Allohni ko'p zikr qilingiz”, degan so'zining ma'nosi ertayu kech, dengiz va quruqlikda, sog'lik va kasallikda hamda oshkor va maxfiy “Allohni zikr qiling”, deganidir. Mufassir Mujohid rahmatullohi alayh aytadilar: “Ko'p zikr qilish – U Zotni hech unutmaslikdir” (Tafsiri Bag'aviy kitobidan).
Zikrning fazilati haqida Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
أَلاَ أُنَبِّئُكُمْ بِخَيْرِ أعْمالِكُمْ، وأزْكَاهَا عِنْدَ مَلِيكِكُمْ وأرْفَعِهَا في دَرَجَاتِكُمْوَخَيرٍ لَكُمْ مِنْ إنْفَاقِ الذَّهَبِ والفِضَّةِ وَخَيْرٍ لَكُمْ مِنْ أن تَلْقَوا عَدُوَّكُمْ فَتَضْرِبُوا أعْنَاقَهُمْ وَيَضْرِبُوا أعْنَاقَكُمْ قَالَوا بَلَى، قَالَذِكر الله تَعَالَى
(رواه الإمام الترمذي عن أَبي الدرداءِ رضي الله عنه)
ya'ni: “(Ey, musulmonlar!) Amallaringizning yaxshisiga dalolat qilayinmi?! Robbingiz nazdida pokizasi, darajangizni ko'taruvchisi, tilla va kumush infoq-ehson qilishingizdan yaxshirog'i, dushmanga yo'liqib, ularga siz, sizga ular qilich bilan zarba berishidanda yaxshirog'i...?!” “Ha, ayting”, deyishdi sahobalar. U Zot alayhissalom: “Amallarning yaxshisi – Alloh taoloning zikridir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ikkinchidan, Alloh taolo mag'firat va ulug' ajr va'da qilgan erkak va ayollardagi bir nechta sifatlardan bir sifatga ega bo'ladi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا
ya'ni: “...Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir” (Ahzob surasi 5-oyat).
Demak, bir qancha savob ishlar qatorida qalbi, tili va a'zolari bilan Alloh taoloni zikr qiluvchilarga gunohlarining kechirilishi va oxiratda ulug' ajr – jannat tayyorlab qo'yilgan. (Tafsiri Tabariy kitobidan). A'zolar bilan zikr qilish – a'zolarni savob amallarga ishlatishdir.
Payg'ambarimiz alayhissalom zikr qiluvchi kishi va zikr qilmaydigan kishini quyidagicha tasvirlaydilar:
مَثَلُ الذي يَذْكُرُ رَبَّهُ وَالَّذِي لا يَذْكُرُ رَبَّهُ، مَثَلُ الْحَيِّ وَالْمَيِّتِ
( متفق عليه عن أبي موسى رضي الله عنه)
ya'ni: “Robbisini zikr qiluvchi va Robbisini zikr qilmaydigan kishining misoli xuddi tirik va o'lik kabidir” (Muttafaqun alayh).
Uchinchidan, mo'min-musulmonlar Alloh taoloni ko'p zikr qilish sababli qalb xotirjamligiga erishadilar. Shundan keyin ular dunyodagi sinovlarni osonlik bilan engadilar. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ
ya'ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra'd surasi 24-oyat).
Alloh taoloning zikri qalbga taskin olib kelish bilan qiyinchilikni engillikka, g'amni xursandchilikka aylantiruvchi va ne'matlarni jalb qiluvchidir. Hech bir narsa Alloh taoloning zikri kabi qiyinchilikni daf qila olmaydi. Payg'ambarimiz alayhssalom mahzun bo'lganlarida:
لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ العَظِيمُ الحَلِيمُ، لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ رَبُّ العَرْشِ العَظِيمِ، لا إلَهَ إلَّا اللَّهُ رَبُّ السَّمَوَاتِ ورَبُّ الأرْضِ، ورَبُّ العَرْشِ الكَرِيمِ
ya'ni: “Ulug' Allohdan o'zga iloh yo'q! Halim Allohdan o'zga iloh yo'q! Osmonlar, er va Arshning Robbisi Allohdan o'zga iloh yo'q!”, deb duo qilardilar.
Gohida Yunus alayhissalomning baliq qornida aytgan zikrlarini eslatib, kim shu zikrni qilsa, Alloh taolo uning g'amini ketkazishini aytardilar:
لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ
ya'ni: “Sendan o'zga iloh yo'q! Sen aybu nuqsondan poksan! Men o'zimga zulm qiluvchilardan bo'ldim”.
Mus'ab ibn Sa'd raziyallohu anhudan, u kishi otasidan bunday rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U Zot: “Sizlardan biringiz har kuni mingta savobni qo'lga kirita olmaydimi?” – dedilar. Shunda U Zotning hamsuhbatlaridan bir kishi: “Qanday qilib birortamiz mingta savobga ega bo'lishi mumkin?” – deb so'radi. “Yuzta tasbeh aytadi. Shunda unga mingta savob yoziladi va undan mingta gunoh o'chiriladi”, – dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, 1 marta “Subhanalloh” degan bandaga 10 ta savob yoziladi va undan 10 ta gunoh o'chiriladi. Vaholanki, bunga 1 soniya vaqt ketadi xolos. Bundan Islomda savob amal qilish juda ham osonligi kelib chiqadi. Boshqa bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
مَنْ قَالَ: سُبْحَانَ اللهِ العَظِيمِ وَبِحَمْدِهِ غُرِسَتْ لَهُ نَخْلَةٌ فِي الجَنَّةِ
رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه
ya'ni: “Kim “subhanallohil aziym va bihamdihi” desa, unga jannatda bir xurmo ekiladi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Kim o'zining jannatdagi bog'ida xurmolari ko'p bo'lishini istasa, mazkur rivoyatda kelgan zikrni ko'proq aytsin. Bu esa juda ham oson. Bir daqiqaning o'zida uni bir necha bor aytish mumkin bo'ladi.
Azizlar! Mazkur zikr-tasbehlardan boshqa yana bir qancha zikrlar bor. Masalan, “Subhanalloh”, “Alhamdulilloh”, “Allohu akbar”, “Astag'firulloh”, “Sayyidul istig'for”, turli salavotlar va boshqalar. Shuni ham ta'kidlash kerakki, zikrlarning eng ulug'i Qur'on tilovati bo'lib, har bir musulmon tilovati Qur'onga va'da qilingan ajru savoblardan nasibador bo'lishi maqsadga muvofiqdir.
Abu Hurayra raziyallohu anhu kunda o'n ikki ming marta, Holid ibn Marvon esa yuz ming marta tasbeh aytar edi.
Bir kishi do'stidan: “Uyingizdan ishxonangizga borguncha yo'l qancha vaqt oladi?”, deb so'rabdi. Do'sti: “Agar yo'l tiqilinch bo'lsa, sakkiz yuzta tasbehni, agar yo'l ochiq bo'lsa, ikki yuz ellikta tasbehni oladi”, deb javob beribdi. Javobning go'zalligiga qarang!
Demak, shariatimiz zikr qilishga katta yo'l ochib, yurganda ham, turganda ham, kasb-hunar bilan mashg'ul bo'lganda ham, ulov minishda ham va boshqa zikr qilishga imkon bo'ladigan ishlar bilan mashg'ul bo'lganda ham, u bilan mashg'ul bo'lishga ruxsat bergan. Hatto tahoratsiz holda ham zikr qilishga ruxsat berilgan. Ayollar uzrli bo'lgan paytlarida tahoratli holatda yurishlarining imkoni yo'q. Shunday bo'lsada, shariatimiz ularga bunday paytlarda Qur'on tilovatidan boshqa barcha zikrlarni qilishga ruxsat bergan. Shunday ekan, musulmon kishi mazkur holatlarda ham zikr qilib, katta ajru savoblarga erishishi mumkin.
Hulosa shuki, Alloh taoloning roziligini topish va oxiratda yutuqqa erishish musobaqasida g'olib bo'luvchilar Alloh taoloning zikrini ko'p qiluvchi mo'min va mo'minalardir. Zero Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar: “Mufarridlar peshqadam bo'ldilar”. “Ey, Allohning Rasuli! Mufarridlar kimlar?”, deyishdi. U Zot alayhissalom:“Alloh taoloni ko'p zikr qiluvchi erkak va ayollar”, – deb javob berdilar.
Alloh taolo barchamizni ko'p zikr qiluvchi bandalaridan qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Eslatma:Hurmatli imom-domla!Namozlarni ochiq maydonda, barcha karantin qoidalariga amal qilgan holda ado etilishi hamda juma xutbasi, duolari va qiroatlarining muxtasar bo'lishini ta'minlashingizni so'raymiz!
Bir savdogar boy odam oshqozon-ichak kasalligidan azob chekib, ko‘p muolaja olgan, bir necha marta jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan edi. Turli xil muolajalardan so‘ng ham ahvoli o‘nglanmadi. Bir kuni bu tashvishlardan juda zerikib ketdi va mashinasiga o‘tirib boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay, Nil daryosi bo‘yida joylashgan kichik bir qishloqcha yonida to‘xtadi. Uzoqdan bir dehqonni ko‘rib qoldi. Dehqon esa yerga to‘shalgan tuproqda o‘tirib, bir nima yeyish bilan band edi. Boy odam mashinasidan tushib, dehqonning ovqat yeyayotganini kuzata boshladi.
Dehqon uni ko‘rib qolib: "Mehmon bo‘ling, ovqatdan yeng, choy iching!" deb chaqirdi. Boy odam o‘zining ovqat yeya olmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo dehqon uning bahonasiga qaramay, uni taklif qilishda davom etdi. Axiri boy odam yerga to‘shalgan joyga o‘tirdi. Uning oldiga ovqat to‘la patnis qo‘yildi. Unda butun pomidorlar, bodring, ko‘katlar, salat bargi, pishirilgan bedana tuxumlari, non va ko‘mirda qaynatilgan choy bor edi.
Boy odam dehqonni xafa qilmaslik uchun bir dona pomidorni olib og‘ziga solmoqchi bo‘ldi. Dehqon unga: "Bismilloh" deb yegin, dedi. Boy "bismilloh"ni aytib pomidorni og‘ziga soldi. Biroq zum o‘tmay qornida qattiq og‘riq paydo bo‘lib, yerga yiqildi. Dehqon qo‘rqqanidan oilasi bilan uni uyiga olib kirib, yotoqxonaga yotqizishdi. Boy odam o‘zining dori-darmonlarini olib, og‘riqni bosishga urinish bilan ovora bo‘ldi.
Shu kecha dehqon uyidagi namozxonada qoim bo‘lib, boy odam uchun Allohdan shifo so‘rab, tinmay duo qildi. Saharga yaqin, boy odam dehqonning “Allohim, echkining haqqi bilan!” deb qo‘llarini duoga ochganini ko‘rib qoldi. Hayratda qolgan boy, dehqondan so‘radi: "Bu "echkining haqqi" nima degani?".
Dehqon shunday javob berdi: "Bu Alloh bilan mening oramdagi bir sir".
Boy odam dehqondan bu sirni ochishni so‘radi va holi joniga qo‘ymaganidan keyin dehqon hikoya qila boshladi: "Yoshligimda ishchi bo‘lib ishlardim, olgan maoshimni to‘plab, uylanish uchun saqlardim. Uylanishim uchun menga 100 junayh miqdorida mablag‘ zarur edi. Bir kuni qo‘shnimning qizi ikki egizak bola tug‘ib, onasi vafot etib qoldi. Qo‘shnimning boshi qotgan, bolalarni emizadigan ona kerak. Ammo qishloqda esa, o‘zini bolasiga qo‘shib yana ikki bolani emizadigan ayol yo‘q. Bolalarning ochlikdan yig‘lashlari menga eshitilgan sari yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Shundan keyin men to‘yim uchun yig‘ib yurgan 35 junayh pulni olib, bozorga bordim. Bolalar uchun kiyim-kechak va uy uchun kerakli buyumlar sotib oldim va qo‘shnimga sezdirmay narsalarni uning hovlisiga kiritib qo‘ydim. Qo‘shnim narsalarni ko‘rib xursand bo‘ldi, ammo yana bu bilan qo‘shnimning muammosi hal bo‘lmasligini bilar edim.
Bir kecha tushimda bir shayx kelib: "Qo‘shningning hovlisiga echki bog‘la", dedi.
Ertalab turib, qolgan pulimga yangi bolalagan echki sotib oldim. Qo‘shnimning hovlisiga olib kirib bog‘ladim. Shundan keyin qo‘shnimning uyida bolalarning chinqirab yig‘lagan ovozi tindi. Qo‘shnim esa har kuni “Echkini olib kelgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” deb duo qilar edi. Men uchun bu echki Alloh bilan oramdagi bir sir bo‘lib qoldi. Har qachon shu duo bilan Allohdan so‘rasam, Alloh qabul qiladi. Bu kecha echkining haqqi bilan senga shifo so‘rab Allohga duo qildim. Inshaalloh, Alloh senga shifo beradi, dedi. Boy odam dehqonning hakoyasini eshitdiyu, ammo unga unchalik e’tibor qilmadi.
Lekin shu voqeadan keyin yana bir marta shifokorning huzuriga tahlil uchun borganida shifokorning xulosasini eshitib hayratdan qotib qoldi. Chunki unga bir necha yillardan beri og‘riq azobini berib kelayotgan oshqozon va ichaklaridagi dardidan asar ham qolmagan edi.
Boy odam bu gapni eshitgach, shoshilgancha dehqonning huzuriga bordi va uning qo‘llarini o‘pib minnatdorchilik bildirdi va unga ham shunday savobli ishlar qilishni o‘rgatishini so‘radi. Dehqon esa uni qishloq bo‘ylab olib yurib, faqir va muhtojlarning uylarini ko‘rsatdi va har bir faqirning uyini oldida bir to‘xtab, unga: "Alloh bilan savdo qil!" dedi. Boy odam: - Qanday qilib Alloh bilan savdo qilish mumkin? deb so‘radi. Shunda dehqon: "Alloh bilan savdo qilishning yo‘llari ko‘p. Eng muhimi ixlos bo‘lsin. Shunda bir og‘iz shirin so‘zing ham sadaqa hisobida bo‘ladi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV