Agar biz shukr qilsak, Alloh taolo ne'matlarini ziyoda qilishini va'da qildi va itoat qilsak, bu ne'matlarni davomiyligini kafolatini berdi. Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida shukr qiluvchilarni madh qilgan. Jumladan, Baqara surasida bunday marhamat qildi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan eb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Said ibn Jubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi bunday deganlar: “Bandalarning Alloh taologa sevimlirog'i shukrli va sabrli bandadir – musibat kelsa, sabr qiladi, ne'mat berilsa, shukr qiladi” (Imom Ahmad va Imom Tabariy rivoyatlari).
Alloh taoloning har bir ishida hikmat borligi uchun ham bu sanovli kunda barchamizga ibratlar bor. Ozmi-ko'pmi kamchiliklarimizni bildik, xato-nuqsonlarimizga tavba qildik, sinovli kunlarga sabr qilishni o'rgandik va hokazolar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov Sharof Rashidov tumanidagi “Yakkaqayrag'och” masjidiga tashrifi chog'ida ana shu mavzuda go'zal ma'ruza qildilar. Keyin namozxonlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Bundan namozxonlar minnatdor bo'ldilar.
Shundan so'ng Salohiddin domla juma namozini jamoat bilan ado etib, yakunda Haq taolodan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so'rab xayrli duolar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xixmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar bir qavm ahdni buzsalar, Alloh ularning ustidan dushmanlarini g‘olib qilib qo‘yadi. Agar ular o‘lchovdan urib qolsalar, o‘simliklardan man qilinadilar va qurg‘oqchilikka giriftor bo‘ladilar", dedilar (Ibn Mardavayh rivoyati).
Imom Nasoiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda: “Agar (odamlar) o‘lchov va tarozidan urib qolsalar, qurg‘oqchilik va ozuqa tanqisligiga uchraydilar”, deyilgan.
Bu hadisda tarozidan urib qolish, birovga o‘lchab yoki tortib berayotganda kam qilib berish kabi holatlar ham yomon oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanmoqda. Bundan ma’lum bo‘ladiki, birovning haqqini yeyish, harom yo‘llar bilan boshqalar molini o‘zlashtirish rizqning kamayishi, barakaning ko‘tarilishi va turli xil og‘ir holatlarning kelib yuzaga kelishiga omil bo‘lar ekan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li