Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

09.07.2021 y. Poraxo'rlik – taraqqiyot kushandasi

7.07.2021   3405   15 min.
09.07.2021 y. Poraxo'rlik – taraqqiyot kushandasi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِوَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

PORAHO'RLIK – TARAQQIYoT KUShANDASI

Muhtaram jamoat! Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo'lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba'zida faqat ma'lum shaxslarga etsa, ba'zisining zarari keng ko'lamli bo'lib, butun jamiyatga salbiy ta'sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri poraxo'rlikdir.

Poraxo'rlik – jamiyatda adolat, tenglik, sog'lom raqobat va halollik ustun bo'lishiga to'sqinlik qiladigan illatlardan biridir. Bu illat davlat va jamiyatning rivojiga salbiy ta'sir qilgani sababli deyarli har bir jamiyat unga qarshi kurashadi. Kurashda natijaga erishganlari katta rivojlanishga erishmoqdalar, uni enga olmagan jamiyatlarda esa buning aksi.

Aksariyati musulmonlar bo'lgan bizning jamiyatimizda bu masalaning echimi qanday bo'ladi!? Aslida, biz dinimiz ko'rsatmalari, sevimli Payg'ambarimiz sunnatlariga amal qilsak, poraxo'rlik, korruptsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga o'rin qolmaydi. Dinimiz va imonimiz shuni taqozo qiladi.

Poraning mohiyati va ta'rifi haqida ulamolarimiz shunday deydilar: “Pora – biror shaxs tomonidan, hukm qiluvchi yoki boshqalarga uning foydasiga hukm chiqarishi yoki u istagan narsaga etkazishi uchun beriladigan narsa”. Boshqa ta'rifda: “Pora – haqni botilga chiqarish yoki botilni haq qilib ko'rsatish uchun beriladigan narsa”, – deyiladi.

Kimnidir foydasiga nohaq hukm chiqarish yoki o'zining zimmasida bo'lgan ish uchun pora olish hech ixtilofsiz harom amal bo'lib, katta gunohlardan biridir.

Qur'oni karimda bu mavzuda shunday deyiladi:

 سَمَّاعُونَ لِلْكَذِبِ أَكَّالُونَ لِلسُّحْتِ

ya'ni: “(Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) eydiganlardir...” (Moida surasi 42-oyat). Mufassir, tobe'in Sa'id ibn Jubayr rahimahulloh: “Oyatdagi “harom”dan murod poradir”, deganlar.  

Alloh taolo mo'min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o'zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Oyati karimada shunday deyiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِّنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنتُمْ تَعْلَمُونَ

ya'ni:Mol (va boylik)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan emangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'li bilan eyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!(Baqara surasi 188-oyat).

Bu oyatning zamirida o'g'rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, jumladan, poraxo'rlik bilan o'zgalarning mollarini o'zlashtirish haromligi yotadi.

Yana boshqa oyati karimada shu ma'no takrorlanadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi 29-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom ham doimo poraxo'rlikning yomonligidan ogohlantirdilar va undan qaytardilar. Poraxo'rlik mavzusida mashhur bo'lgan  hadis Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

                                            لَعْنَةُ اللَّهِ عَلَى الرَّاشِي وَالْمُرْتَشِي

ya'ni: “Allohning la'nati pora beruvchi va pora oluvchiga bo'lsin!” – dedilar.

Boshqa hadisi sharifda: “Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la'nati bo'lsin”, – deyilgan  (To'rt sunan sohiblari va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).

Yana bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o'rtasidagi vositachi ham la'natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o'rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.

Jumhur ulamolarimiz: “O'zining haqqiga etisha olmayotgan yoki o'zidan zulm yo zararni daf qilmoqchi bo'lgan kishigina pora berishi mumkin, bunday holatda gunoh pora oluvchining bo'yniga tushadi”, – deydilar.

Yana bir hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

الراشي والمرتشي في النار

ya'ni: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do'zaxdadir” (Imom Tabaroniy Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Poraxo'rlikning yana bir ko'rinishi vazifador, mas'ul shaxslarning aslida, o'z zimmalaridagi ishlarga ham sovg'a-hadya olishlaridir. Unday kishilar avvaldan belgilangan, talab qilib oladigan sovg'alari natijasida bir ishni olishga nomzod bo'lganlar ichida haqlisi emas, balki, salohiyatsiz bo'lgani ish ustiga keladi. Keyin u qurgan uylar qulaydi, qurgan ko'priklari cho'kadi, ishlar ko'zlangan natijani bermaydi. Bunday hadyaning pora ekani kunday ravshan. Shuning uchun Payg'ambarimiz alayhissalom zakot molini yig'ishga jo'natgan kishi sovg'a olganida unga: “Ota-onasini uyida kutib o'tirganida, unga hadya qilisharmidi?!” – deganlar.        

Ba'zilar porani hadya deb nomlab olishadi. Aslida, poraning hadyadan farqi shuki, hadyani so'rab olinmaydi. Yana hadya ikki o'rtada muhabbat hosil qilish uchun qilinadi. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zaro hadyalashinglar, o'rtalaringizda muhabbat paydo bo'ladi” (Imom Molik “Muvatto” kitoblarida rivoyat qilganlar). Pora beruvchi va oluvchi o'rtasida muhabbat paydo bo'lmaydi, chunki pora beruvchi nimadandir ta'magir bo'ladi. Mabodo ular o'rtasidagi ish hal bo'lmasa, o'zaro katta dushmanchilik paydo bo'ladi.

Alloma Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Vazifador kishiga haqni o'zgartirish uchun hadya berilsa, unga egalik qilishi (foydalanishi) joiz emas”.

Aytish joizki, millatimiz xulqida yaxshilikka yaxshilik qaytarish ruhi bor. Mas'ul shaxs undan hech narsa talab qilmay, ta'ma qilmay, o'z vazifasini bajarib, fuqaroni ishini bitirsa, unga yaxshilik qaytargisi keladi. Hech qanday ta'masiz, ishi bitib, bemalol ketishi mumkin bo'lib turganda ham, ko'nglidan chiqarib, hadya bermoqchi bo'lsa, bunda ikki tomonga ham bir gunoh yo'q. Pora avvaldan belgilangan, so'rab olinadigan, haqni nohaq, nohaqni haq qilish uchun beriladigan narsa bo'ladi.  

Davlat tomonidan odamlarni engilini oson qilish uchun vazifador qilingan ayrim kishilar odamlardan biror narsa olmasalar ularning ishlarini bitirmaydilar. Bu o'zlariga yuklangan omonatga xiyonat, o'zgalarga zulm qilish va odamlarning mollarini harom yo'l bilan eyishdir.  

Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: “Payg'ambarimiz alayhissalom U kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!” deyishsa: “Ha, haqiqatan u mollar Payg'ambarimiz alayhissalomga hadya bo'lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg'ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo'lishgan. Bizga esa boshliq bo'lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo'ladilar”, – dedilar.

Yana bir holat borki, bu millatning oyog'iga bolta uradi, uning ma'naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta'lim sohasidagi poraxo'rlikdir. Chunki bilimdon o'qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta'lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga kelganda yana poraxo'rlik bo'lib, bilimdon qolib, nodon o'qishga kirib ketsa, o'z-o'zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo'qoladi. Chet ellarda o'qish va o'sha erlarda ishlashga qiziqish kuchayadi. Natijada millatning ko'pgina salohiyatli farzandlari boshqa davlatlar foydasiga ishlaydi. Vataniga qaytib, yana poraxo'rlikka duch kelishini bilsa, undan ko'ra chet elda qolishni ma'qul ko'radi. Shunday qilib eng bilimdon va foydali kishilardan mahrum bo'lib qolaveramiz.  

Hurmatli jamoa! Bir kishi pora yoki harom bo'lgan hadyani qabul qilsa, uni egasiga qaytarish vojib bo'ladi. Ba'zi olimlar esa: “Nohaq o'zlashtirilgan mollar, ma'lum bo'lsa, egasiga qaytariladi, ma'lum bo'lmasa, musulmonlar foydasiga sarflanadi”, – deyishgan.

Shom diyorining qozisi Imom Avzo'iyning yoniga bir nasroniy kishi bir mesh asal bilan keldi va: “Ba'labakkaning voliysi menga zulm qildi, o'sha kishiga men haqimda yozsangiz”, – dedi. Imom unga: “Hohlasang asalingni o'zingga qaytaraman va xat yozib beraman. Hohlasang uni qabul qilaman va xat yozmayman”, – dedilar. U: “Mayli, asalni qaytaringda, xat yozib bering”, – dedi. Keyin Imom voliyga undan xirojni kamaytirishni so'rab xat yozdi. Voliy u zotning so'zlarini e'tiborga olib, nasroniyning jizyasi (jon solig'i)dan o'ttiz dirham arzonlashtirdi.

Bu hikoyadan Imom Avzoiyning asalni olib, voliyga xat yozishni xush ko'rmaganlari, balki uni pora deb bilganlari aniq bo'ladi.

Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo'rlik va shunga o'xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo'lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi har bir sohadaga zanjir singari bog'lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so'rasa, gohida biz o'zimiz ularga sovg'a taklif qilamiz, o'zimiz ularni shunga o'rgatamiz va loyiq bo'lmagan o'ringa yoki narsaga erishmoqchi bo'lamiz. Qars ikki qo'ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo'lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo'lishi bayon qilingan.

Azizlar! Bugun juma mav'izalarida davom etib kelayotgan fiqhiy suhbatlarimizni davom ettirib, namozni buzuvchi amallarni o'rganamiz. Namozni quyidagi amallar buzadi:

-  Namozda ozmi, ko'pmi dunyoviy so'zni so'zlash. Bu holatda namozxon garchi beixtiyor so'zlasa ham namozi buziladi;

-  Yanglishib bo'lsa ham birovga salom berish yoki salomga alik olish;

 - Namozda eb-ichish;

-  Namozxonning ko'kragi qibladan boshqa tomonga burilishi;

-  Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida bir amalni uch marta qilish (masalan: kiyimni to'g'rilash, qashinish va hokazo amallar);

-  O'zi eshitadigan darajada kulish namozni buzadi tahoratni buzmaydi. Ammo yonidagi shaxs eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi;

-  Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish yoki “oh-voh” deyish yoki yig'lash. Ammo oxiratni o'ylab, jannatdan umidvor bo'lib, do'zaxdan qo'rqib yig'lasa namozi buzilmaydi;

-  Uzrsiz tomog'ini qirish yoki yo'talish (masalan: ataylab yo'talish kabi);

-  Aksa urib “Alhamdulillah” degan kishiga namoz asnosida “Yarhamukalloh” deyish;

-  Namozda turib, biror xabarga javob berish. Bunda namozxon garchi, Qur'on oyatini o'qib javob bergan bo'lsa ham namozi buziladi (masalan: “Falonchi vafot etdi”, deyilsa, namoz o'qiyotgan kishi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji'un”, deb javob bersa);

-  Tayammum bilan namoz o'qiyotgan kishining suvga qodir bo'lishi;

-  Bomdod namozini o'qish paytida quyoshning chiqishi;

-  Takbiri tahrimada “Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho'zish, ya'ni “Aaallohu akbar”, deyish (bundan tashqari, “Akbar” lafzidagi “a” tovushini cho'zib “Aaakbar” va “ba” tovushini cho'zib “Akbaaar” deyish ham namozni buzadi)

- Namozning farzlaridan birini tark qilish;  

-  Namoz ichida o'qiladigan sura va duolarni kitobga qarab o'qish;

-  Namozning ichida odamlardan so'raladigan narsani Allohdan so'rab duo qilish (masalan: “ey Alloh, menga ko'p mol-mulk ber”, yoki “Falonaga meni uylantir”, – deyish kabi). (Manba: “Muxtasarul viqoya” va “Nurul izoh” kitoblari).

Alloh taolo barchalarimizni gunoh amallardan salomat saqlasin! O'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Qurbonlik fazilati va unga oid hukmlar”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   2041   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar