Inson Allohning suygan quli bo'lishi uchun nima qilishi kerak? Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi qudsiyda bildiriladiki, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohu taolo aytadiki, «Hech bir bandam unga farz qilingan narsalardan ko'ra sevimliroq narsa bilan Menga yaqinlasha olmaydi. Bandam Menga nafl ibodatlari bilan ham yaqinlashadi. Nihoyat Men uni sevaman». Ya'ni Hazrati Mavloga etishish sari yo'naladi. «Hatto uhibbahu». Nihoyat men u qulimni sevaman. Nafl ibodatlarini qilaverib yaqinlashganda, nihoyat Alloh u qulini sevadi... Sevildimi, u qul avliyo bo'ladi, karomatlarga, fazilatlarga ega bo'ladi.
Alloh rizosiga erishishning eng qisqa, eng savobli yo'li zikrdir.
Shuning uchun tariqatda zikr vazifalarini bajarasizlar.
– Boshqalar qilmaydi, boshqalar tark etadi, namoz o'qimaydi, boshqalar unaqa, boshqalar bunaqa demaysizlar.
Bizga boshqalar kerak emas, bizga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keraklar! Biz uchun avliyoullohning tushunchasi, olimlarning so'zi muhim. Boshqalar, yomon odamlar o'rnak bo'lolmaydi, yaxshi odamlar o'rnak bo'lishi kerak!
Hatto «Majalla» degan Usmoniylarning katta huquq asarlaridan birida aytilganki: «Botil mokisun 'alayh», ya'ni botil o'rnak bo'lmaydi.
– Taqsir, falonchi bunday qiladi, men ham shunday qilsam...
Yaxshiyu lekin uning qilgani zotan botil-da! Sen u botilni nima uchun o'rnak qilib olayapsan? U o'rnak bo'la olmaydi. Sen: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday qilgan, men ham shunday qilaman», – deb aytgin va qilgin!
Botil o'rnak bo'la olmaydi, haq o'rnak bo'la oladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilgan bo'lsalar, sen ham qil. Lekin Shayton qilgan bo'lsa, sen qilma! Shaytonning qilgani o'rnak bo'lmaydi. Shayton: «Men undan yaxshiroqman», – deb Odam alayhissalomga sajda qilmagan. Alloh ham uni jannatdan quvdi... Demak, Shaytonning qilganini qilmaslik uchun, kibrlanmasliging kerak! Kibr shaytonning axloqidir, kibrlanma, Shaytonning qilganini qilma!
Har kungi zikr vazifalaringiz bo'ladi. Nega har kun? – Chunki, zikr darveshning ozuqasidir. Darvesh zikrdan ma'naviy ozuqa oladi. Inson ovqat bilan quvvatlanganidek, oziq olganidek, darvesh ham zikr bilan quvvatlanadi, oziqlanadi.
– Qachon zikr qilishimiz mumkin?
– Har doim, har vaqt qila olasizlar. Zikrning majburiy bir vaqti bo'lmaganidek, qilinishi mumkin bo'lmagan vaqti ham yo'q.
Kunning istalgan vaqtida qila olasiz. Ishingizni bitirib: «Mana ishim ham bitdi, endi chekkaga o'tirib, zikrimni ham bajaray», – degan vaqtingiz bemalol bajarishingiz mumkin.
– Mening hech o'tiradigan holim yo'q. Qari onam, otam bor, uchta bolam bor, uy ishlari bor, ko'p ishlayman. Kechga borib charchab qolaman.
– Bo'pti, unday bo'lsa vazifani yo'l-yo'lakay bajar. O'tirib qilolmasang, ish jarayonida yurib aytishing mumkin-ku?
– Mehmonxonada, dam olish xonasida o'tira olmayman... Umuman vaqt top, qil! Kartoshka archganingda, pomidor to'g'raganingda qil...
Hatto o'tgan kuni bu erga bir bo'yoqchi keldi, qo'liga cho'tkasini olib, qo'shiq aytib bo'yay boshladi. U qo'shiq aytib ish qilayapti, sen nega zikr aytib ishingni qila olmaysan?
Hatto zikr qilib ovqat pishir. Zikrli ovqatning fayzu barakasi ham ko'p bo'ladi. Yeganga ham foydasi bo'ladi. Hullas, zikr qilib pishir...
Har doim zikr qilish mumkin, bahonaga o'rin yo'q. Beshta yoki to'qqizta bolang bo'lsa ham, sutkasi bilan – 24 soat ishlasang ham orada zikr qilishing mumkin.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi