Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Hanafiy mazhabi va hanafiylikning afzalliklari Abu Hanifaning  hayotlari 

23.06.2021   3470   8 min.
Hanafiy mazhabi va hanafiylikning afzalliklari Abu Hanifaning  hayotlari 
 
Hanafiylik mazhabining asoschisi No''mon ibn Sobit rahmatullohi alayh – Abu Hanifa kunyasi va Imomi A'zam laqabi bilan shuhrat qozongan zot bo'lib, mil. 699 yilda Ko'fada tavallud topgan. 
Bu zot tobeinlardan bo'lib, Payg'ambar alayhissalomning suhbatida bo'lgan Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Abu Avf, Abu Amoma, ibn Abbos kabi sahobai kiromlar bilan uchrashib, muloqotda bo'lgan. 
Abu Hanifa rahmatullohi alayh islom ilmlari rivoj topgan davrda yashagan. Ehtimol shu sabab ham yoshligidan boshlaboq ilm tahsil qilishga kirishgandir. Uning uchun o'z davrining eng ko'zga ko'ringan ulamolaridan dars olish va ilmiy munozaralar olib borishga imkoniyati mavjud edi. Ayni paytda kasb egasi bo'lib, ipakchilik bilan shug'ullangan. 
Bu zotning shaxsiy fazilati, hayoti va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan manbalarda ilmiga amal qiluvchi olim, parhezkor obid, taqvodor zohid, Allohga doimiy iltijo qiluvchi kamtarin banda sifatida ta'riflangan. Zero, diniy faoliyatda faqat ilmning o'zi kifoya qilmaydi: ilm bilan birga taqvo va Allohga doimiy bog'liq bo'lish zarur. U zotning vafotidan so'ng g'assollik qilgan Hasan ibn Ammora yuvishni tamomlab, kafanlab qo'yilgan jasadiga qarab: "Alloh sizni rahmat qilsin, mag'firat aylasin. O'ttiz yildan beri ro'zasiz yurmadingiz. Qirq yil yonboshingiz ko'rpa ko'rmadi. Sizdan keyin kelganlarni charchatdingiz. Qorilarni sharmanda qildingiz", – degan ekan.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhning ilm va taqvoda tengsiz ekanligini o'z zamonasi va undan keyingi davr ulamolari tomonidan samimiy e'tirof etilgan. Jumladan, Imom Shofeiy:“Fuqaholarning barchasi fiqh borasida Abu Hanifaga muhtojdirlar”, – degan bo'lsalar, Imom Molik u zot bilan bir qancha ilmiy bahslardan so'ng: “Albatta, u buyuk faqihdir”, – degan ekan.
Darhaqiqat, Abu Hanifa rahmatullohi alayh buyuk faqih bo'lgan. Dastlab kalom ilmi bilan shug'ullanib, mutakallim sifatida ushbu sohada katta iqtidor va yuksak malakaga ega bo'lgan bo'lsa-da bu yo'ldan ko'ra fiqh ilmi va unga tegishli bo'lgan fanlarni o'zlashtirish orqali odamlarga xizmat qilish va ularning hayotiy muammolarini echim topib berish yo'lini ma'qul ko'rgan. U zot hali biror shaxs amalga oshirmagan islom huqushunosligi yo'nalishi bo'yicha yangicha usulni joriy qilgan. Ya'ni turli masalalarni echishda Qur'on va Sunnadan so'ng qiyos va ra'yni asosiy mezon sifatida tanladi. 
Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bu ijtihodiy yo'nalishi mohiyatini yaxshi tushunib etmagan, dalillarni faqat zohiriy tomoniga qarab, ichki ma'nolarni chuqur anglamagan ba'zi kimsalar shoshqaloqlikka yo'l qo'ygan. Vaholanki, u kishi tomonidan istehson va urfning hukmlar ishlab chiqishda dalil sifatida amaliyotga joriy qilishi ko'pchilikni lol qoldirgan hamda tutgan yo'lini barcha mashhur ulamolar tomonidan yuksak baholangan edi. 
“Kashfuz-zunun” muallifi Hoji Halifa hanafiylik haqida quyidagi fikrni bildiradi: “To'rt mazhab ichida birinchi o'rinda turadigan va haqiqatga yaqin bo'lgani, Abu Hanifa rahmatullohi alayh asos solgan mazhabdir. Negaki, ushbu mazhab boshqalaridan ittifoqqa asoslangani, ustuvorligi, oliy iste'dod mahsuli bo'lganligi, nazariyalarinining kuchliligi va ilmul-ahkom sohasida to'g'ri fikrlar yuritilganligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi”.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi, Imom Shofeiy ustozi bo'lgan qozilar-qozisi Imom Abu Yusuf shunday deydi: “Hadis va undagi fiqhga oid nuqtalarni izohlab berishda ustozim Abu Hanifadan ko'ra olimroq odamni ko'rmaganman”.
Islom huquqshunosligining zabardast vakili, doktor Abu Zahraning ta'kidlashicha: “Abu Hanifaning ijtihodi va hadislarni o'rganishdagi tutgan yo'li, u yashagan muhitda ko'p qiyos qilishga va uning taqazosiga qarab qismlarga bo'lingan. Ilm doirasining kengligi tufayli ko'z o'ngida sodir bo'layotgan masalalarnigina bahs qilish bilan chegaralanib qolmay, balki kelajakda voqe' bo'lishi mumkin bo'lgan va hatto kutilayotgan masalalarni ham nazaridan chetda qoldirgan emas”.
Qadimda va bugungi kunda ham Abu Hanifa rahmatullohi alayhga qilingan ta'nalardan biri u zotni hadis ilmida qoloqlikda ayblashlikdir. Buni u zotning bor-yo'g'i 17 ta hadis rivoyat qilganligi bilan izohlashadi. Bu, albatta, hanafiylik ta'limotidan chuqur xabar topmagan kimsalar tomonidan aytilgan. Vaholanki, Abu Hanifa yolg'iz o'zlari rivoyat qilgan hadislar soni 215 ta, boshqalar bilan sheriklikda rivoyat qilgan hadislari soni esa juda ham ko'p bo'lgan. Deylik, u zotning “Musnad” nomli kitobidagi namoz bobining o'zida 108 ta hadis keltirilgan.
Shuningdek, ba'zi kimsalar Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qiyosni zaif hadisdan ustun qo'ygan,  deyishadi. Ulamolar bu masalani ham o'rganib chiqib, imomi A'zam zaif hadisni qiyosdan ustun qo'yadi, degan xulosaga kelgan. Bunga misollar ham keltirganlar: “Namozda qahqaha bilan kulsa tahorat ketishi zaif bo'lsa ham, Abu Hanifa uni qiyosdan ustun qo'yib qabul qilgan”. 
Abu Hanifa rahmatullohi alayh muxoliflariga raddiya berib, shariatning asosiy manbalaridan hukm chiqarish bo'yicha o'z uslublarini quyidagicha bayon qilgan: “Kimki, bizni Qur'on va hadis ta'limotlaridan qiyosni ustun qo'yadi deb ayblasa, Allohga qasamki, u yolg'onchi va tuhmatchidir. Qur'on va hadis turgan joyda kim ham qiyosga ehtiyoj sezadi?! Biz qiyoslash uslubini o'ta zarur bo'lgandagina tatbiq etamiz. Biror masala uchun Qur'on va hadisda dalil topa olmaganimizdagina, uni boshqa dalilu–hujjati bor masala bilan qiyoslaymiz. Birinchi navbatda dalil va hujjatni Qur'ondan, so'ngra hadisdan izlaymiz va ulardan topa olmagan taqdrimizdagina, sahobalar so'zlariga murojaat qilamiz. Sahobalar ham mazkur masalada hamfikr bo'lmagan taqdirlaridagina, ma'noning oydinlashishi uchun ikki masalaning umumiy illatini topib, bir hukmni ikkinchi hukmga qiyos qilamiz”.
Kezi kelganda yana bir mulohazani ta'kidlab o'tish lozim. Ba'zilar Abu Hanifani ra'y, ya'ni fikriy fiqhning asoschisi deyishadi va hadisni ko'p ishlatgan imomlarga qarshi qo'yishadi: go'yo boshqa imomlar hadisdan hukm chiqarishganu, u zot esa o'z fikrlariga suyangan. Aslida, bu ham xato fikr. Imom Molik rahmatullohi alayh umuman boshqa sharoitda, ya'ni Madinada – hadis ilmining markazida yashab ijod qilganligi hamda u zotning har bir fiqhiy masala aytganlarida, unga qo'shib hadisdan dalilini keltirganliklari bilan Abu Hanifa rahmatullohi alayh yashagan sharoit va unga turtki bo'lgan ko'plab omillarni taqqoslab bo'lmaydi. Imom A'zam o'zlari ajam bo'lganlar, asosan, arab bo'lmagan  xalqlar bilan yashaganlar, balki shunga o'xshash boshqa omillar ham turtki bo'lganki, u kishi fiqhiy hukmni aytishda o'z so'zlari bilan ifodalaganu, ortidan unga dalil bo'lgan hadisni sharoitdan kelib chiqib zikr qilmagan bo'lsa ehtimol. Buni hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblarni mutoala qilgan har bir kishi darhol anglab etadi. Hususan, hanafiy ulamosi Ali Qorining “Muxtasari viqoya” nomli asariga yozilgan “Niqoya” nomli sharhni o'qigan kishi hanafiy mazhabida aytilgan har bir masalaning oyat va hadisdan dalili bor ekanligiga to'la ishonch hosil qiladi.
Davomi bor...
 
Buxoro shaxar “Ho'ja Tabband” jome'
masjidi imom xatibi Ashurov Azizbek
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvo berishga kim haqli

13.06.2025   4598   6 min.
Fatvo berishga kim haqli

Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.

Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.

Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.

Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.

Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.

Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.

Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.

Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.

Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.

Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.

Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.

Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.

Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.

Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!

Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!


Manba: "Ahli sunna" telegram kanali

MAQOLA