Yarim oy Islomning xalqaro miqyosda tan olingan ramzi hisoblanadi. Dunyo bo'ylab nasroniylarni xoch, yahudiylarni Dovud yulduzi va musulmonlarni yangi oy bilan tasavvur etishadi. Ammo hilol Islom ramzi sifatida qachondan joriy bo'lgan?
Islomning ilk davrlari
Ilk musulmon jamiyatida tan olingan biror bir ramz yo'q edi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom davrida islom qo'shinlari va karvonlari o'zlarini tanitish maqsadida oddiy rangli, odatda yashil, oq, ba'zan qora bayroqlardan foydalanganlar. Keyingi avlod musulmon etakchilari ham oddiy oq, qora, qizil va yashil rangli bayroqlardan foydalanishda davom etdilar, ularda biror bir belgi, yozuv yoki ramz yo'q edi.
Masalan, Umaviylar qora, Abbosiylar esa oq bayroq ishlatgan. Saudiyaning hozirgi yashil bayrog'i Abbosiylarning ettinchi hukmdori Halifa Ma'mun tomonidan ilk bor yashil bayroq sifatida qabul qilingan.
Usmoniylar avval moviy bayroqdan foydalanib, keyin uni qizil bilan almashtirgan.
Usmonlilar davlati
Usmonlilar davrida yarim oy va yulduz ramz sifatida musulmon dunyosiga kirib keldi. Milodiy 1453 yilda Usmonlilar Konstantinopolni (Istanbul) zabt etganda, ular bayrog'i va ramziga hilol-yangi oyni aks ettirdilar.
Sababi Qustontiniya qal'asi 3 qavatli mustahkam devor bo'lgani sababli bir necha asrlar davomida uni hech kim zabt eta olmagan. Shunda Sulton Muhammad Fotih yuzlab km uzoqlikda joylashgan qo'shinini qal'aning barcha tomonidan keltirib, quruqlikdan ham, suvdan ham bir vaqtning o'zida hujum qilib qal'ani ishg'ol qilishni reja qiladi. Bu hujum hamma bo'linmalarning qo'mondonlari shom vaqtida yangi oyni ko'rishlari bilan kechasi yo'l yurib, o'zlari uchun qal'aning belgilangan nuqtasiga borib tong otishi vaqtiga to'g'ri keldi.
Mislsiz g'alaba sabab yangi oy islom ramzi sifatida bayroqlarga ko'chdi. Undan oldin na Qustontiniyada va na boshqa din vakillarida oy diniy ramz sifatida olinganligi biror bir manbada isbotlangan emas!
Boshqa ma'lumotlarga ko'ra, Usmonli davlati boshlig'i Fotih Sulton shaharga qo'shin kiritishdan oldin tushida hilolni ko'radi va buni zafarga mujda sifatida qabul qilib, yarim oyni o'z davlatiga ramz deb e'lon qiladi. Yarim oy ichidagi besh yulduz Islomning besh ustunini anglatadi. Besh nuqta Usmonli bayroqlarida doim ham tasvirlanmagan va ba'zan bitta yulduz belgisi ham ishlatilgan va bugungi kunda ham musulmon dunyosi va sharq xalqlarida ishlatiladigan bayroqlarda ham ularning soni har xil.
Yuzlab yillar davomida Usmonlilar davlati musulmon olamini boshqargan va ushbu ramz Islom dini belgisi sifatida odamlar ongiga singib bordi. Oy ramzi, aslida, islom diniga emas, Usmonlilar davlati bilan bog'liq.
Islomda ramzga munosabat qanday?
Ushbu tarixiy ma'lumotga asoslanib, ba'zi musulmonlar yarim oyni Islomning ramzi sifatida ishlatmaydilar. Islomda tarixan hech qanday ramz bo'lmagan deb hisoblaydilar. Ko'pchilik Ka'bani, xattotlik yozuvini yoki masjidning oddiy tasvirini Islom ramzi sifatida ishlatishni afzal ko'rishadi.
Ulamolar hilolni ramz sifatida ishlatilish borasida biror karohiyat mavjud emas deganlar, shuningdek, hilol yangi oyni boshlanishini bildiradi va uni ko'rish orqali Ramazon e'lon qilinadi.
G'arb tarixchilari Islomdan bir necha ming yil oldin ham bu belgi, ya'ni hilol oy ramzi bor ekanligi va qadimgi xalqlar o'zlarining ramzi sifatida ishlatganligi to'g'risida ma'lumotlarni ilgari suradi. Ramzning kelib chiqishi va qanday ma'nolarni aks ettirgani to'g'risida esa ma'lumotlarni tasdiqlashning imkoni yo'q, deydilar.
A.Toshpo'latov
Islom instituti «Hadis va islom tarixi fanlari» kafedrasi mudiri
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar