Kecha, 14 iyun' kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta ustozi Muhammad Ayubxon domla Homidov va Toshkent shahar “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil Muhammad Sodiq domlalar Namangan viloyatiga safarlari mobaynida, Chust tumani “Mavlono Lutfulloh” masjidi va “Katta bog'” masjidi qavmlari, mo'ysafid otaxonlar, keng aholi vakillari va mehrga tashna insonlar bilan uchrashdilar.
Dastlab, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta ustozi Muhammad Ayubxon domla Homidov ushbu tumandagi " Mavlono Lutfulloh " jome masjidi jamoasi bilan asr namozini o'qigach, yig'ilganlarga yurtimizdagi xayrli ishlar haqida ma'lumot berish bilan birga, bugungi kunning dolzab mavzulari bo'yicha ma'ruza qildi, qavmning savollariga javob berdi. Mo'min-musulmonlar o'zlarini qiynab kelayotgan savollariga mukammal javoblar olganlaridan qoniqish hosil qilganlari va minnatdorliklarini izhor qildilar.
Shuningdek, Toshkent shahar “Shayx Muhammadsodiq Muhammad Yusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil Muhammad Sodiq domla ham diniy-ma'rifiy sohada qilinayotgan xayrli ishlar, yangiliklar haqida ma'lumot berib, bugungi zamonning muhim masalalari bo'yicha, jumladan, yoshlarning ilm olishi, kitobga muhabbat qo'yishi, o'z kasbining ustasi bo'lib etishishida ilmning o'rni beqiyosligi to'g'risida ma'ruzalar qilib berdilar.
Suhbat yakunida ulamolar Haq taolo yurtimizga tinchlik-ofiyat, fayzu baraka va tan-sihatlik so'rab duolar qildilar.
Muhammad Ayyubxon domla Homidov hamda Ismoil Muhammad Sodiq domlalar Chust tumanidagi ehtiyojmand aholi vakillari holidan xabar olib, ularga "Vaqf" fondining moddiy yordam puli va oziq-ovqat mahsulotlarini va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi "Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot matbaa ijodiyot uyida chop etilgan kitoblarni hadya sifatida topshirdilar, xayrli duolar qildilar.
***
Toshkent shahar “Kamoliddin Orif al-Buxoriy” masjidi imom-xatibi Zakariyo domla Hafizullayev Chust tumani "Ibrohim Halilulloh" jome masjidida asr namozini o'qigach, yig'ilganlarga tinchlik va shukronalik, yurtimizdagi xayrli ishlar haqida ma'ruza qildi, qavmning savollariga javob berdilar.
So'ng, tumandagi ijtimoiy ko'makka muxtoj, bemor bo'lgan oilalarga “Vaqf” xayriya jamoat fondaning Namangan viloyati filiali tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat jamlanmasi, diniy-ma'rifiy kitoblar va ehtiyojlariga ko'ra maishiy buyumlar taqdim etilib borilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).