Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Gumondan chetlaninglar. Chunki gumon so'zlarning eng yolg'onidir. Birovlarning ayblarini axtarmanglar. Va so'zlariga quloq tutmanglar, ya'ni josuslik qilmanglar. Biror narsaga faqat o'zingiz ega bo'lishga oshiqmang. Hasad qilmang. Bir-biringizga g'azab qilmang. Hamda orqa o'girib munosabatlarni buzmang. Ey Allohning bandalari, sizlarga buyurilganidek birodar bo'linglar».
Ushbu hadisi sharif juda ham zarur bo'lgan foydalar va odoblarni o'z ichiga olgan.
1-Gumon. Bu erdagi gumon bilan qilinadigan amallardan ogohlantirish, ijtihod o'rni va shar'iy hukmlar manbasi bo'lgan gumondan qaytarish emasdir. Ijtihodiy gumon bu shar'iy dalillardan bir hukmni yaxshilab tushunishdir. Qaytarilayotgan gunon esa musulmon haqida dalilsiz yomon o'ylash yoki u bilan biror kishiga zarar berib qo'yishi mumkin bo'lgan gumondir. Bunga dalil sifatida:
«Ey iymon keltirganlar! Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir..» Hujurot surasi, 12 oyat.
So'zlarning eng yolg'oni deb sifatlangan gumon haqida mushkullik yuzaga keldi. Shu bilan birga gumonga suyanmay atayin aytilgan yolg'on, gumonga suyanib aytilgan yolg'ondan ko'ra yomonroqdir. Sohibini u sababidan zalolatga ketishi ko'proqdir. Uning nasfga qoldirgan izi ataylab aytilgan yolg'onning izidan kattaroqdir. Shkningdek, odamlar orasida qoldiradigan izi ham kattadir.
2-Birovning aybini ahtarish va josuslik qilish. Gumon qilishdan ogohlantirishdan so'ng bu ikkisining zikr qilinishi juda ham o'rinlidir. Chunki gumon qiluvchi aytadiki: "Haqiqatni bilish uchun tekshiryapman", deb, u odamga ham "Josuslik qilma" deyiladi. Josuslik qilishlikdan faqat biror kishini halokatdan qutqarib qoladigan holat bo'lsagina qaytarilmaydi. Masalan biror ishonchli kishi bir kishini falonchi zulm qilib o'ldirmoqchi desa bu holatda shariat uni qidirib, josuslik qilishga ruhsat beradi.
3-biror narsani faqat o'ziniki bo'lishga oshiqish. Masalan savdo sotiq ishlarida kuzatiladigan holatlar kabi.
4-bir-biringizga hasad qilmang. Hadisning zohiri ikki kishi tarafidan baravar sodir bo'ladigan hasaddan nahiy qilmoqda. Lekin bu nahiy ikki va undan kishini o'zi bilan cheklanib qolmaydi. Garchi bir kishi hasad qilsa ham bu mazammat qilinadi, uni qilishdan qaytariladi. Farqi yo'q, hasadning sababi birovga berilgan ne'matni yomon ko'rish bo'ladimi, yoki o'sha ne'matni hasadchiga o'tib qolishini xohlash bo'ladimi barobar. O'sha narsaga erishadimi yo'qmi bu ham teng. Agar bu maqsadga erishish uchun harakat qilsa bog'iy bo'ladi. Agar ojizligi uchun harakat qilmasa bu gunoh bo'ladi. Agar taqvo qilib harakat qilamasa, uzr bo'ladi. Chunki u nafsidagi yomon ruhiy holatini daf qilolmaydi. Unga nafsiga qarshi kurashishi etarli bo'ladi.
“Uch narsadan mening ummatim hanuz qutula olmaydi. Ular: xasad, badgumonlik va irimdir. Shu narsalardan qutulish yo'li shuki, hasad qilsangiz zulmga o'tmang. Gumonu shubha qilsangiz, uni xaqiqat hisob qilib unga asosan ish tutmang. Biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Allohga tavakkul qilib, yo'lingizda va ishingizda davom etavering!”.
5-Bir-biringizga g'azab qilmang. Buni ham ikki kishi tarafidan sodir bo'lishi shart emas. Alloh taolodan boshqasi uchun g'azablanish mazammat qilingan ishlardandir. Ammo bir kishiga Allohga isyon qilayotgani uchun g'azab qilish vojib va bunga savob ham oladi.
6-bir-biridan orqa o'girish bu, bir kishiga dushmanligi uchun, haqorat qilgani uchun, yordam bermagani uchun, o'zboshimchalik qilgani uchun, tortishib qolgani uchun yoki salom bermagani uchun orqa o'girishdir.
7-Allohning bandalari birodar bo'linglar. Ya'ni qondosh aka-ukalardek bo'linglar. Bu buyruq shafqat, rahmat, muhabbat, hamdarlik kabi birodarlik talab qiladigan barcha yaxshi hislatlarni o'z ichiga olgan. Sizlar Alloh taologa Banda bo'lishlikda barobarsiz va bir millat qilingansiz. Va kimning ishi mana shunday bo'lsa, undan inkor qilinadigan ishlar sodir bo'lmagan bo'ladi. Ular huddi qondosh aka-ukalardek bo'lishlari vojib bo'ladi.
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.