Masjidlar Alloh taologa eng mahbub maskanlardir. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir”(Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar. Chunki masjidlarda Alloh taologa ibodat qilinadi, U zotga zikrlar aytiladi, tasbehlar tushiriladi.
Ana shunday ma'volardan biri Toshkent viloyati Angren shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi Ohangaron va Baxt ko'chalari chorrahasida barpo etilishi rejalashtirildi. Barcha qulayliklarga ega bo'ladigan bu jome masjid Toshkent bilan vodiy viloyatlarini bir-biriga bog'lovchi A-373 xalqaro avtomobil' yo'li bo'yida 0.70 gektra maydonda barpo etilayotgani yurtimizning ham ichki, ham xalqaro sayyohlik salohiyatini yanada mustahkamlaydi.
Masjidlar Alloh taoloning Yer yuzidagi uylaridir. Ular er yuzidagi eng pokiza makonlardir. Minoralardan azon sadolari yangraydi, tavhid kalimalari takrorlanadi. Masjidlar uzra rahmatlar yog'iladi, masjid ahlini sakinat o'rab oladi, masjid ahlining ustiga barakalar yog'iladi.
Masjidlar ma'rifat maskanidir. Saodat asrida elchilar masjidlarda kutib olingan. Turli mamlakatlarga musulmon elchilar masjidlardan tarqalishgan. Alloh taolo masjidlarni shirk va kufrdan toza saqlab, bunday marhamat qiladi: «Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo'shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!”(Jin surasi, 18-oyat).
Masjidlar obodligi toat-ibodat bilan, zikrlar, tasbehu tamhidlar ila bo'ladi. Alloh taolo Qur'onda karimda: «(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko'tarilishiga va ularda O'z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbeh ayturlar» deb marhamat qilingan (Nur surasi, 36-oyat).
Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga erishtiradigan yo'l deb e'lon qilgan: “Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o'shaning mislini qurib beradi”,(Imom Buxoriy rivoyati).
Mo'min kishi Alloh taoloning uylarini obod qilishga, u erda namoz o'qib, ma'naviy fayzli qilishga urinar va qalbi doimi masjidlarga bog'liq ekan, ikki dunyo baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishajak, inshoalloh.
Angren, Chirchiq va Olmaliq shaharlari hamda viloyatimizning boshqa hududlaridagi masjidlarni barpo etilishiga o'zining hissasini qo'shayotgan saxovatpesha mo'min-musulmonlarga Rabbim jannatlardan O'zi va'da qilgan qasrlarni nasib aylasin.
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV