— “Musulmon banda tahorat olganida tana a'zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo'luvchi hadislar bor-mi?
— Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a'zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig'ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e'tibor talab etiladi. Bu erda banda tirnog'i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o'rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog'idan, ko'zidan, ikki qo'lidan, ikki oyog'idan chiqib ketadi. Agar o'tirsa, gunohlari kechirilgan holda o'tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog'i, ko'zi, qo'li va oyog'i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo'lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo'min banda tahorat qilib, og'zini chaysa, og'zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko'zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo'lini yuvsa, qo'lidan, hatto qo'lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mash tortsa, boshidan, hatto ikki qulog'idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog'ini yuvsa, oyog'idan, hatto oyog'ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So'ngra masjidga borishi, (o'qigan) namozi unga qo'shimcha (savob) bo'ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma'lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo'ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o'qilsa, bu namoz orqali banda ko'p ajrlarga erishadi.
— Yosh bolalar Qur'oni karimni tahoratsiz ushlasa bo'ladi-mi?
— Ba'zi ulamolar, yosh bolalar Qur'oni karimni tahoratsiz ushlasa bo'ladi, deyishgan. Shunday bo'lsa-da, ular Qur'oni karimni hurmatlash, e'zozlash ruhida voyaga etishlari uchun ularga Qur'on odoblarini, uni tahoratsiz ushlab bo'lmasligini, shuning uchun tahorat bilan ushlashlari lozimligini o'rgatish zarur.
— Mahsiga mash tortish haqida ma'lumot bersangiz? Mahsida oyoq terlasa, hidlansa tahorat buziladi-mi?
— Islomda insonlar uchun osonlashtirilgan amallardan biri tahoratda oyoqni yuvish o'rniga oyoq kiyimga, ya'ni maxsiga mash tortishdir. Ammo g'usl vojib bo'lgan kishi oyoq kiyimini echib yuvadi. Maxsi deb oyoqning oshig'ini berkitadigan oyoq kiyimga aytiladi. Oyoq kiyimi bo'lgan maxsiga mash tortish shariatimizda joizdir. U erkak va ayol uchun barobar, ularga xoh safarda bo'lsin, xoh muqimlikda qishin-yozin mash tortishga ruxsat etiladi.
Maxsiga mash tortish shartlari:
1-Oyoqning oshiqlarini berkitgan bo'lmoqligi.
2-Oyoqning kichik barmoqlaridan uchtasi ko'rinadigan miqdorda yirtiq bo'lmasligi.
3-Yurgan vaqtda oyoqdan echilib ketadigan darajada bo'lmasligi.
4-Suv o'tmaydigan bo'lishi. Bugungi kundagi paypoqlarga mash tortish joiz emas.
5-Kamida bir farsax (taxminan 8 kilometr) miqdordagi yo'lni bosib o'tishi bilan yirtilib ketmasligi.
6-Maxsini to'la tahoratli holda kiygan bo'lmoqligi ham shart.
Mash tortishning farzi qo'lning kichik barmoq uchtasi miqdoricha ikki qadamning ustiga ham qo'l bilan silamoqlikdir. Oyoqning ostiga yo yonlariga mash tortish durust emas.
Mashning muddati tahorat buzilgan vaqtdan boshlanadi. Muqim uchun mash torib yurish muddati yuqoridagi paytdan boshlab bir kecha-kunduz, ya'ni 24 soat, musofir uchun yuqoridagi vaqtdan boshlab uch kecha-kunduz, ya'ni 72 soat hisoblanadi.
Mahsida oyoq terlasa, hidlansa tahorat sinmaydi. Alloh bilguvchi!
— Janoza namozlarida faqat tahorati bor kishilar qatnashishlari kerak-mi?
— Janoza namoz bo'lgani bois, avvalo uning uchun namozdagi kabi poklik shart, ya'ni janoza o'qimoqchi bo'lgan kishi avvalo tahoratli bo'lishi, usti-boshi ham pok bo'lishi kerak. Tahoratsiz holda yoki nopok kiyim bilan janozaga quloq qoqqan kishi janozadan benasib bo'lishdan tashqari qattiq gunohkor ham bo'ladi, janoza namoziga va mayyitga nisbatan nihoyatda hurmatsizlik qilgan bo'ladi. Shuning uchun, janozaga qatnashadigan odam albatta, tahoratli bo'lishi lozim. Tahoratsiz holda safga aralashib, tahoratlilarning namoziga xalal bermasliklari kerak.
— Ba'zida tahoratsiz holda biror ma'rakaga kirib o'tishga to'g'ri keladi. Shunday paytda Qur'on tilovat qilishga to'g'ri kelib qolsa, qanday yo'l tutish kerak?
— Ma'lumki, tahoratsizlik ikki xil – katta va kichik tahoratsizlik bo'ladi. Inson junub bo'lsa, ehtilom bo'lsa, buni katta tahoratsizlik deyiladi. Unday odam g'usl qilishi vojib bo'lib, Qur'onni yoddan ham o'qishi mumkin emas. Ammo junub bo'lmagan, g'usl qilishi vojib bo'lmagan, balki kichik tahoratsiz bo'lgan bo'lsa, bunday odam Qur'onni yoddan tilovat qilsa bo'ladi. Ammo savobi oz bo'ladi. Shuning uchun savobim ko'p bo'lsin degan kishi tahorat qilib olishi kerak.
— Ayrim ko'p qavatli uylarda hojatxona va yuvinish xonasi bir joyda bo'ladi. Shu erda tahorat olish mumkin-mi?
— Hojatxonaning axlati oqib ketadigan bo'lsa, o'sha erda tahorat qilsa bo'ladi. Bugungi ko'p qavatli uylardagi va oqava suvi turmaydigan xonalardagiga o'xshashlarda ham.
— Masjidlarda namozdan oldin jamoat bo'lib tahorat olishadi. Shunda odamlar o'zaro gaplashishadi. Lekin tahorat vaqtida gapirish joiz emas, deb eshitdik. Shu to'g'ri-mi?
— Ayrim ulamolar tahorat olayotgan vaqtda gapirish makruh, degan fikrni bildirishgan. Ammo ularning makruh degan so'zlari shar'iy istilohdagi makruh bo'lmay, balki lug'aviy, ya'ni bunday qilmagan afzal, degan ma'nodadir. Ammo yaxshilikka chorlovchi yoki yomonlikdan qaytaruvchi so'zlarni gapirish makruh emas. Tahorat olishda til va ko'ngilning Alloh taolo zikri yoki har bir a'zoni yuvishda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan duolar bilan mashg'ul bo'lishi mustahabdir.
Tahorat olayotganda ehtiyojdan ortiq suv ishlatmaslik, ust-boshga suv sachratmaslik kerakligi ham muhimdir.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.