Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

TAFSIRI IRFON: BAQARA SURASI, 257 OYaT

25.05.2021   3656   1 min.
TAFSIRI IRFON: BAQARA SURASI, 257 OYaT

ٱللَّهُ وَلِيُّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ يُخۡرِجُهُم مِّنَ ٱلظُّلُمَٰتِ إِلَى ٱلنُّورِۖ وَٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ أَوۡلِيَآؤُهُمُ ٱلطَّٰغُوتُ يُخۡرِجُونَهُم مِّنَ ٱلنُّورِ إِلَى ٱلظُّلُمَٰتِۗ أُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٢٥٧

  1. Alloh mo'minlarning do'stidir, ularni zulmatdan nurga chiqaradi. Kofirlarning ulfati esa tog'utlardir, ularni nurdan zulmatga chiqaradi. Ana shular do'zaxiylardir, ular unda abadiy qolajaklar!

Alloh taolo mo'minlarning do'sti bo'lgani uchun ularni johillik zulmatlaridan hidoyat nurlariga chiqardi, Qur'oni karim va so'nggi Payg'ambarining sunnati bilan sharafladi. Alloh taoloning amr-farmonlariga amal qilish bilan johil, qabila-qabila bo'lib yashagan kishilar yana Parvardigor shariatini ushlab, mukarram insonlarga aylanishdi. Inson Alloh yuborgan nur, ya'ni Qur'on va Sunnatni mahkam tutib, ma'naviyati keng, madaniyati yuksak bo'ldi. Ruhan quvvatga to'lib, o'zgalarga bo'ysunmaydigan va o'zgalar bo'ysundira olmaydigan muzaffar millatga aylandi. Kofirlarning do'stlari esa tog'ut-shaytonlardir. Shu bois ular Alloh nuridan bebahra qolib, moddiy jihatdan qanchalar rivojlanmasin, ma'naviy jihatdan qashshoqligicha qolishaveradi. O'zlarining idroksizliklari, imonsizliklari tufayli mukarramlikni qo'ldan boy berishadi, xorlikka yuz tutishadi. Alal-oqibat do'zaxga mahkum bo'lib, azob joyida abadiy qolib ketishadi

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning so‘nggi kunlari

07.04.2025   1752   2 min.
Rasululloh ﷺning so‘nggi kunlari

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: Qachonki, Allohning yordami va g‘alabasi kelsa oyati nozil bo‘lganidan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam betob bo‘ldilar.

Payshanba kuni u zot alayhissalom boshlarini bog‘ich bilan bog‘lab, odamlarning oldiga chiqdilar. So‘ngra minbarga chiqib, o‘tirdilar. Ranglari sarg‘aygan, ko‘zlari yoshlanib turgan edi. Keyin Bilolni chaqirib, Madinada: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlariga to‘planinglar. Zero, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sizlarga oxirgi vasiyatlari» deb nido qilishga buyurdilar.

Bilol roziyallohu anhu odamlarni chaqirdi, kattayu kichik – hamma to‘plandi. Uylarning eshiklari ochiqligicha qoldi, bozorlar ham o‘z holiga tashlab kelindi. Hatto bokira qizlar ham parda ortidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlarini eshitish uchun chiqib keldilar. Masjid yig‘ilganlar uchun torlik qilib qoldi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Orqadagilarni ham sig‘diringlar”, dedilar. So‘ng u zot sollallohu alayhi vasallam yig‘lab: “Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, dedilar. Allohga hamdu sano aytdilar, payg‘ambarlarga, jumladan o‘zlariga ham salovot yo‘lladilar. Keyin uzun xutba o‘qidilar, jumladan bunday dedilar:

«Ey odamlar! Alloh taolo sizlarni qiyomatda katta bir tepalikka to‘playdi. U kun og‘ir kundir. U kunda molu-davlat va bola-chaqa foyda bermas. Yetkazdimmi? Ey odamlar! Tillaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni yig‘latinglar, qalblaringizni bo‘ysundiringlar, badanlaringizni charchatinglar, dushmanlaringizga qarshi kurashinglar, masjidlaringizni obod qilinglar, iymoningizda ixlosli bo‘linglar. Birodarlaringizga xayrixoh bo‘linglar, o‘zingiz uchun oxiratga yaxshi amal qilib jo‘natinglar, farjlaringizni saqlanglar, mollaringizdan sadaqa beringlar. Bir-biringizga hasad qilmanglar, yaxshiliklaringiz ketib qoladi. Bir-biringizni g‘iybat qilmanglar, halok bo‘lasizlar. Yetkazdimmi?»

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kimki bir mo‘minning aybini yashirsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning aybini yashiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim odamlarning (bir rivoyatda: musulmonlarning) obro‘sidan tilini tiysa, qiyomat kuni Alloh uning toyilishini (xatosini) kechiradi”.

Bir musulmonning obro‘sini to‘kmay, yaxshilik qilgani sababidan Alloh taolo ham uni kechirim deb atalmish ulkan yaxshilik bilan mukofotlaydi.

Yorqinjon qori FOZILOV