Afg'oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi va Milliy birdamlik partiyasining shimoliy hududlar bo'yicha rahbari Al-Hoj Muhsin Donesh «Dunyo» AA uchun bergan interv'yusida O'zbekiston ijtimoiy hayotida ro'y berayotgan o'zgarishlar, diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qadriyatlar va ulug' ajdodlar merosini targ'ib etish va saqlash yo'nalishida qilinayotgan chora-tadbirlarni e'tirof etdi.
– O'zbekistonda diniy-ma'rifiy qadriyatlarni avaylab asrash va tarixiy obidalarni tiklash masalasida amalga oshirilayotgan islohotlar diqqatga sazovordir, - dedi u. – Buni biz O'zbekistonga qilgan tashriflarimiz davomida, xususan, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Hiva va Termiz shaharlarida bo'lganimizda his qilganmiz.
Mamlakat rahbariyati dunyoda kechayotgan turli murakkab jarayonlarga qaramasdan, o'z taraqqiyot yo'nalishini to'g'ri tanlab olgan va bu yo'ldan og'ishmay rivojlanishda davom etmoqda. Bu, jumladan, diniy va madaniy sohalarda yaqqol ko'zga tashlanyapti. Biz O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada jiddiy ijobiy islohotlar amalga oshayotganiga guvoh bo'layapmiz.
Kuzatuvlarim davomida O'zbekistonda diniy islohotlar ikki yo'nalishda olib borilayotganiga shohid bo'ldim. Birinchisi, diniy ekstremizm va ayrimachilikning tarqalishiga yo'l qo'ymaslik uchun o'z tajribasiga tayangan islohotlarning amalga oshirilayotganidir. Bu jarayonni shaxsan men ijobiy baholayman. Chunki dunyo davlatlarida kechayotgan jarayonlarni tahlil qiladigan bo'lsak, diniy ekstremizm va ayrimachilik davlat asoslariga jiddiy zarba etkazadigan omillardan biri hisoblanadi. Ikkinchi yo'nalish - bu diniy islohotlar natijasi — yangi madrasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ulamolar kengashi va ko'plab diniy tashkilotlar ochilayotganidir. Jumladan, islom olamida yuksak obro'ga ega bo'lgan Imom Termiziy tadqiqot markazi bunga yaqqol misol bo'la oladi.
O'zbekiston ushbu ijobiy islohotlari bilan har qanday ekstremizm va ayrimachilikdan xoli bo'lgan mo''tadil sof islom namunasini (Qur'oni Karimdagi oyatga muvofiq “Va kazolika ja'alnaakum ummatan vasatan”, ya'ni “Biz Sizlarni bir mo''tadil ummat qildik”) dunyo hamjamiyatiga namoyish qilmoqda.
O'zbekistonda diniy bag'rikenglik tamoyillaridan og'ishmasdan barcha dinlar bir-birlarini inkor qilmagan holda mavjud qonunlar asosida rivojlanmoqda.
Yaqin Sharq mamlakatlari — Suriya va Iroqdagi urush o'choqlariga borib qolgan, og'ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarni Prezident Shavkat Mirziyoevning shaxsiy tashabbusi va qat'iyati bilan Vatanga qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday insonparvarlik tadbirlari har qancha tahsinga sazovor.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati