2024 yil 9 fevral' kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida bo'lib o'tayotgan Musulmon donishmandlar kengashi yig'ilishida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari ushbu Kengashga qabul qilinganlari e'lon qilindi.
Musulmon donishmandlari kengashi raisi, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib janoblari Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarini ushbu nufuzli kengash a'zoligiga qabul qilish haqidagi qarorni o'qib eshittirdi. Ahmad Toyyib janoblari o'z so'zida Markaziy Osiyo mintaqasida hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan ko'plab ulamolar orasidan faqatgina O'zbekiston muftiysi a'zo qilinganiga alohida urg'u qaratdi.
Yig'ilishda ishtirok etayotgan dunyoning etakchi va taniqli ulamolari Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarini Musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilinganlari tarixiy voqea bo'lganini ta'kidlab, yurtimizdagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarni yuksak e'tirof etdilar.
Allohga shukrki, O'zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanib, ko'p tomonlama munosabatlar yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o'rnatildi, turli davlatlar diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi, xorijdagi ilmiy konferentsiyalar, Qur'on musobaqalari va ko'rgazmalarda vakillarimiz munosib ishtirok etdi. O'z navbatida, taklif va tashabbuslarimiz musulmon dunyosi tomonidan qo'llab-quvvatlanib, nufuzli tadbirlar hamda anjumanlarga mamlakatimiz mezmonlik qildi.
Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining Musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilinganlari yurtimizda davlatimiz Rahbari rahnamoliklarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarning yuksak e'tirofi bo'ldi.
Muftiy hazratlari o'z navbatida Kengash raisi Ahmad Toyyib janoblari, Bosh kotib Muhammad Abdussalom va a'zo ulamolarga bildirilgan ishonch uchun samimiy tashakkur aytdilar. Shuningdek, mushtarak maqsadlar bo'lmish Islom dini, musulmon ummatiga xizmat qilish, bashariyat muammolarini birgalikda hal etish, xalqlar manfaatlarini ta'minlash, tinchlik yo'lidagi muloqotlarni kengaytirish va ajdodlar merosini tadqiq etish borasida bor bilim-tajriba hamda imkoniyatlarni safarbar etishlarini ma'lum qildilar. Shuningdek, nufuzli Kengashga a'zolik sharaf bo'lish bilan birga katta mas'uliyat ekanini so'zladilar.
Ta'kidlash joizki, Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga a'zo bo'lishlari Alloh taoloning fazli hamda yordami bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma'rifatini keng yoyish va mo'min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlashdagi sermahsul mehnatlari samarasidir.
Alloh taolodan Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlariga Musulmon donishmandlar kengashidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV