Dinimiz mo'min-musulmonlarni bir-birlari bilan aka-ukalardek yaxshi munosabatda bo'lishga buyuradi. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o'rtasini tuzatib qo'yingiz va Allohdan qo'rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Ikki musulmonni o'rtasini isloh qilish – aslida ularga yordam qilishdir. Chunki ba'zan oddiy tushunmovchiliklar ortidan ham o'zaro adovatlar kelib chiqadi. Bu borada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlariga yordam berishga chaqirib, bunday marhamat qiladi: “... Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Demak, dinimiz o'zaro birdamlikka va ezgu ishlarda bir-birimizga ko'makchi bo'lishga buyurar ekan, avvalo, o'z haqqimiz hamda zimmamizdagi boshqa musulmonlarning haqlarini ham yaxshi bilmog'imiz darkor. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmonni (boshqa) musulmonning zimmasidagi haqlari oltitadir”, – dedilar. Shunda: “Ular nimalar, yo Rasulalloh?” – deyildi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Qachon uchratsangiz, unga salom bering; sizni (uyiga mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qiling (ya'ni chaqirilgan joyga boring); nasihat so'rasa, nasihat qiling; aksa ursa va “Alhamdulillah” desa, unga javob qaytaring; bemor bo'lsa, uni ziyorat qiling; agar vafot etsa, janozasida ishtirok eting”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida ummatlariga bir-birlaridagi haqlarini o'rgatmoqdalar:
Ikki musulmon uchrashganda ularning birlarida ikkinchisiga nisbatan salom berish haqi bor. Ulardan qay biri avval salom bersa, savobning ko'pini oladi va narigi birodariga alik olishni farz qiladi.
Bir musulmon to'y yoki marosim qilib, biror tanishini taklif qilsa, o'sha taklifga javoban mazkur marosimga borish – taklif qilinganning musulmonlik burchidir.
Qiyin vaziyatga tushgan inson maslahat so'raganda, unga to'g'ri maslahat berish ham musulmonlik burchi hisoblanadi.
Har bir musulmon aksa urganida “Alhamdulillah” deyishi lozim. Uning aksa urib, hamd aytganini eshitgan kishiga esa, unga “Yarhamukallohu” (Alloh sizga rahm qilsin) deb, yaxshilik tilamog'i – musulmonlik burchidir.
Bemor bo'lgan musulmonni ziyorat qilib, ko'ngil so'rab, uning duosini olish –avvalo musulmonlik haqqi, qolaversa – insoniylik burchidir.
Vafot etgan musulmonni shariat ahkomlariga muvofiq dafn qilish –musulmonlar zimmasidagi farzi kifoyadir. Shuning uchun biror musulmonning vafoti haqidagi xabarni eshitgan har bir musulmon iloji boricha janozaga qatnashmog'i lozimdir.
Alloh taologa behad hamdu sanolar bo'lsinki, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon mana shunday mo'min-musulmonchilik haqlariga rioya qilib kelganlar. Mahalladagi boquvchisini yo'qotgan oilalar holidan xabar olish, yoshi ulug'larni xizmatlarida bo'lish kabi ezgu ishlar xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Musulmon inson boshqa musulmonning biror gunoh ish qilayotganidan xabardor bo'lsa, uni bu ishidan qaytarishi ham – bir mo'minlik burchidir. Chunki bu – haqiqiy do'st-birodarlik ramzidir. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizlardan birortangiz o'zi uchun yaxshi ko'rgan narsani boshqa musulmon uchun ham ravo ko'rmagunicha (komil) mo'min bo'la olmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
So'fi Olloyor bobomiz ham bu haqda bunday deganlar:
Hudoning buyrug'idin toysa nogoh,
Birodarlik o'shaldur – qilsang ogoh.
Musulmon insonning zimmasidagi boshqa musulmonlarning haqlaridan biri – uning tilidan va qo'lidan boshqalar ozor chekmasligidir. Alloma ibn Rajab rahimahulloh o'zlarining “Jome'ul ulum val hikam” asarlarida: “Musulmonga har qanday ko'rinishda, xoh so'z bilan, xoh fe'l bilan bo'lsin, nohaq aziyat berish – halol emasligi shariy dalillarda o'z ifodasini topgan”, – deganlar.
Musulmon insonning boshqalardan uch kundan ortiq arazlamasligi ham musulmonlik haqlaridan hisoblanadi. Afsuski, bugungi kunda arzimagan sabablarga ko'ra bir-birlari bilan arazlashib yurgan mo'min-musulmonlar ko'zga tashlanib turibdi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida: “Musulmon kishiga o'z birodaridan uch kundan ortiq arazlash – halol emas. Kim uch kundan ortiq arazlasa va shu holida vafot etsa, do'zaxga kiradi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).
Musulmonlarning bir-birlaridagi haqlari bir qancha bo'lib, quyida ulardan ba'zilarini sanab o'tamiz:
Alloh taolo barchamizga o'zaro hamjihat bo'lib yashashni muyassar qilsin!
"Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir" (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin" (Imom Hokim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: "Qiyomat kuni bir jarchi, odamlarni afv qilganlar qani? "Robbingiz huzuriga mukofotingizni olgani keling", deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir", deganlar.