Bugun, 11 may kuni Tayloq tumanidagi “Yastepa” jome masjidining yangi binosi ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlar idorasi Masjidlar bo'limi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov masjid ahlini jome bilan, mehmonlarni tashrif bilan qutlab, masjidning eski holati, qayta qurish jarayoni, bunda Diniy idoraning hissasi haqida so'zlab berdi.
Shundan so'ng O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov so'zga olib, jamoatga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari salom va tabriklarini etkazdi, qayta barpo etilgan ushbu masjid ziyorat turizmi doirasida mahalliy va xorijiy sayyohlarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun yo'l bo'yida barcha qulayliklar ega qilib qurilganini bayon etdi.
Ushbu masjid hududi 40 sotox bo'lib, atrofi devor bilan o'ralgan. Jome binosining umumiy maydoni 459 kvadrat metr, ichki qismi esa 165 kvadrat metrni tashkil etadi, ayvon xonaqoh binosini uch tomondan o'ragan. Balandligi 8 metr, eni 7 metrli gumbaz xonaqohga o'zgacha fayz berib turibdi. Yangi qad rostlagan tahoratxona barcha sharoitga ega bo'lib, unda bir vaqtning o'zida 20 ga yaqin odam foydalanishi mumkin.
Shuningdek, Majmuadan ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona, shuningdek, imom-xatib, noiblar, mutavali va qorovulxonalar, majlislar zali, kutubxona o'rin olgan.
Masjidga 10 mingdan ortiq aholisi bo'lgan “Shopo'lat”, “Yangi hayot”, “Yastepa”, “Shoxkash” va boshqa mahallalaridagi mo'min-musulmonlar ibodatlarini ado etadi. Hozirda jomega kundalik besh vaqt namozga 100 nafarga yaqin, juma namozlariga 600 nafar atrofida, ikki hayit namoziga 3000 ming kishi namoz o'qishga keladi. Masjid ichida 1000 nafar, hovliga 2000 kishi bemalol ibodat qilishi mumkin.
Alloh taolo masjidlarni O'ziga eng mahbub makonlar qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir...” deganlar (Imom Muslim rivoyati). Haq taolo uchun er yuzidagi eng mahbub maskanni bunyod etish mo'min-musulmonlar uchun oliy maqsad va ne'matlardan biridir.
Mazkur jome masjid saxovatpesha vatandoshlarimizning ko'magida bunyod etildi. Albatta, bunday savobli amallarning mukofoti Allohning zimmasidadir.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to'kis ado etganlar, zakot berganlar va Allohdan boshqadan qo'rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o'shalar hidoyat topuvchilardan bo'lsalar” (Tavba surasi 18-oyati). Ushbu oyatda Yaratgan Robbimiz masjidlarni obod qiluvchilarning iymoni borligiga guvohlik bermoqda. Bu naqadar baxt-saodat.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o'shaning mislini qurib beradi”, deganlarini eshitganman”.
Ma'lumot uchun, “Yastepa” jome masjidi ilk bor 1918 yili qurishi boshlangan. Masjid 1999 yili Adliya vazirligidan ro'yxatdan o'tgan. Jomega 1999-2005 yillarda marhum Hushnazar domla Hasanov (Alloh u kishini rahmat qilsin) imom-xatiblik qilgan. Shundan so'ng 2006 yili jomega Abdunabi domla Himmatov noib bo'ladi, 2007 yildan buyon imom-xatib sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbir so'ngida Alloh taolodan bu kabi xayrli ishlarni bardavom qilishini, unga hissa qo'shayotganlardan rozi bo'lib, qilayotgan xayru ehsonlarining ajru mukofotlarini ko'paytirib berishini so'rab duoi xayrlar qilindi!
B.Hushboqov
tayyorladi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV