O'zbek halqining go'zal odatlaridan biri mayyit chiqqan honadon ahliga ta'ziya izhor etib, o'tganlar haqqiga Qur'on oyatlaridan tilovat qilib, savobini bag'ishlashdir. Bu odat aslida halqimizga Islom dini ta'limoti asosida kirib kelgan. Qur'on oyatilari nafaqat marhumlarga hatto uni o'qiguvchilarning o'ziga ham manfaatlidir. Ahli sunnat ta'limoti bo'yicha, tiriklar tomondan qilingan yaxshi ishlarning savobi albatta, marhumlarga etib boradi. Bu etiqod halqimizning qon-qoniga singgib ketganki, hatto uni Islom dini ilmlaridan to'liq xabari yo'qlar ham biladi. Mahalla-ko'y, tanish-bilishlar orasida ta'ziya bo'lsa, darhol borib honadon egalariga tasalli berib, fotiha o'qib kelish odati ham shundandir.
Ammo, keyingi davrlarda yangi chiqqan ayrim adashgan toifalarning talqin qilishicha, Qur'on o'qib savobini o'tganlarga bag'ishlashning foydasi yo'q emish. Takfirchi salafiylarning rahnamolaridan biri sanalmish, ibn Bozning “Al-fatava”, deb nomlangan kitobida bu haqda quyidagi ma'lumotni uchratasiz:
“ان قراءة القرءان على أموات المسلمين ضلال”
Ya'ni, “musulmonlarning o'liklariga Qur'on tilovat qilib savobini bag'ishlash haromdir!”.
Ibn Bozning bu fatvosi salafi-solihlar jumlai jahon ahli sunna musulmonlarining fikriga xilofdir. Shu bilan birga uning bu va bu kabi boshqa bid'atlari tinch-totuv yashab kelayotgan musulmon millatlar orasida fitna, adovat va ixtilof urug'larini sochuvchi omil vazifasini ham o'tab berdi.
Mayyitlarga tilovat savobining etib borishi ummati muhammadiyaning ijmo'si bilan isbotlangan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh o'zining mashhur “Al-azkor” nomli asarida aytadi:
”Tiriklar duosining o'tganlarga manfa'ati bor, amallarning savobi ham etib boradi, deb ulamolar ijmo' qilganlar”.
Shuningdek, imom Navaviy hazratlari imom Shofe'iy rahmatullohi alayhdan quyidagicha rivoyat qilgan:
ويستحب أن يُقرأ عند الميّت شىء من القرءان وإن ختموا القرءان عنده كان حسنًا
Ya'ni, “mayyitning qabri oldida Qur'on oyatlaridan o'qishlik mustahabdir, agar Qur'onning hammasini o'qib xatm qilinsa, yanada yaxshi bo'ladi”.
Imom Shofe'iyning bu so'zlari “tilovat savobini bag'ishlash harom”, degan salafiylarning barchasiga qarshi hujjat bo'ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ham, اللهم اغفر لاهل البقيع , “Ey Alloh Baqi' qabriston ahlini kechirgin”, deb duo qilganlari mashhur hadislarda kelgan. Va yana, janoza namozining o'zida ham uchinchi takbirdan keyingi o'qiladigan duoda “tiriklarimiz va o'tganlarimizning gunohlaridan o't”, deb duo qilinadi. Bu duoni hatto o'sha ibn Bozning o'zi ham, izdoshlari ham o'qib kelishadi.
Ma'qal ibn Yasorning hadisida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning:
اقرءوا يـس على موتاكم
“O'liklaringizga Yasin surasini o'qinglar”, degan tavsiyalari aytilgan.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilgan bir hadisda aytilishicha, Payg'ambarimiz alayhissalom bir kun qabristondan o'tar ekan, to'satdan ikki yonma-yon qabr oldida to'xtaydilar va ashoblariga biron novda keltirishni buyuradilar. Ashoblar darhol xurmo novdasini keltiradi, Rasululloh novdani ikkiga bo'lib, ikkala qabr ustiga sanchib qo'yadi. Bu holga ajablanib qarab turgan sahobalarga Ul zot: “Shu ikki qabr egalari qabrida azob chekishmoqda, ularning biri bavlidan saqlanmas, ikkinchisi esa birovlarning aybini tashib chaqimchilik qilar edi. Zora, shu novda quriguncha ularning azobi engillashsa..”, dedilar. Huddi shu hadisning sharhida imom Navaviy aytganlarki: “Oddiy bir novdaning aytgan tasbihlaridan qabr ahliga manfaat bo'lsa, inson zoti o'qigan oyatlarning qanday nafi bo'lmasin?! Albatta, Qur'on oyatlarining nafi novdaning tasbihidan ko'proq bo'ladi”.
Bu kabi hujjat dalillarni ko'plab keltirish mumkin. Qadimdan mag'ribu-mashriq musulmonlari o'qilgan oyatlarning savobi marhumlarga etadi, deb e'tiqod qilib kelgan. Keyingi davrlarda salafiylar paydo bo'ldi-yu ummat qabristonlari payhon qilindi. Ular tomondan musulmonlar avval mushrikka chiqarildi so'ngra esa, alloma-yu avliyolarning maqbaralari buzib tashlandi, portlatildi. Birdam, hamjihat musulmonlar orasiga dushmanchilik kiritildi. Salafiylarning qilayotgan bu kabi harakatlari nafaqat musulmonchilik, balki insoniylikka ham mos kelmaydigan vahshiylikdan boshqa emasdir.
Andijon viloyati
Tojiboyev Botirjon
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Hozirgi muborak kunlarda aziz yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Muhtaram hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirildi.
President.uz