Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Shavvol oyining olti kunlik ro'zasi va unga qanday duo qilinadi?

10.05.2021   26422   6 min.
Shavvol oyining olti kunlik ro'zasi va unga qanday duo qilinadi?

ShAVVOLNING OLTI KUNLIK RO'ZASI

— Ramazon oyidan keyin tutiladigan olti kunlik ro'za haqida batafsil ma'lumot bercangiz.

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon oyidan keyin hijriy-qamariy taqvimning o'ninchi oyi hisoblanadigan Shavvol keladi. Ushbu oy ham fazilatli va barakotli oylardandir. Ayniqsa bu oyda sog'lig'i va imkoni bor kishilar nafl ro'za tutsalar, ko'plab ajru-savobga ega bo'lishlari va'da qilingan. Jumladan Abu Ayyub Ansoriy roziyallohuu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ortidan shavvol oyidan olti kun ro'za tutsa, yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, shavvolning olti kunida ro'za tutgan kishi yil davomida ro'za tutganlik savobiga erishar ekan. Zero Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur)...” (An'om surasi, 160-oyat).

Ushbu olti kunlik ro'zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo'ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Hulosa” nomli fatvo kitoblarimizda Shavvol oyidagi olti kunlik ro'zani ketma-ket tutilishi shart emasligi, balki oy davomida tutib ham ado etish mumkinligi aytib o'tilgan.

Shavvolning olti kunida ro'za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro'zasidagi yo'l qo'yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo'ladi. Zero beayb – yolg'iz Parvardigor! Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o'qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo'l qo'ygan nuqsonlarini to'ldiradi.

Qolaversa, shavvolning olti kunida ro'za tutish o'z mohiyati bilan musulmon kishining ro'zadan zerikmaganiga, balki unga rag'bati kuchli ekaniga dalolat qiladi. Zero, bu oydagi ro'zaning hikmati haqida Alloma Ibn Rajab rahimahulloh bunday degan: “Ramazon oyidan keyin ro'za tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi ro'zasining qabul bo'lgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi, davomli qiladi”.

 

ShAVVOL OYI RO'ZASIDA QANDAY DUO QILINADI?

Ramazondan keyin Shavvol oyida tutiladigan 6 kun ro'zada qanday duoni o'qish kerak? 

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Shavvol oyida ro'za tutish borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ramazon oyi ro'zasini tutib, unga qo'shimcha tarzda shavvol oyida olti kun ro'za tutgan kishi yil bo'yi ro'zador bo'lgan kabidir” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Bu ro'zada muayyan duo yo'q. Nafl ro'zasi kabi tutiladi.

 

NAFL RO'ZA KAFFORATI

— Nafl ro'zani qasdan buzganda ham kafforat bormi?

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Yo'q Ramazoni sharifning hurmatidan faqat Ramazon ro'zasini qasdan buzganlarga kafforat buyurilgan. Boshqa ro'zalar qazo, nazr yoki nafllarda qasdan buzganlarga kafforat buyurilmaydi. Ularni qasdan buzilganda, faqat o'sha kunning qazosini tutish buyuriladi, xolos.

 

QOLDIRGAN RO'ZALARIMNI QANDAY TUTAMAN?

 O'tgan yillari tutolmagan ro'zamni shu yil tutmoqchiman. Ushbu qolib ketgan ro'za qanday tartibda tutiladi? Buni ham uzluksiz tutish kerak-mi yoki orada dam olib tutsa bo'ladi-mi?

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon ro'zasini tutmagan kunlari uchun qazosini tutib berish kishining zimmasidagi farz amaldir. Ya'ni ramazon oyida tutmagan bo'lsa, boshqa oylarda uni tutib beradi. Ro'zani qazosini tutishda imkoniga qarab tezroq tutib beradi, ketma-ket bo'lishi shart qilinmagan. Ammo kafforat ro'zasini tutishda oltmish kun uzluksiz tutadi. Mabodo orada bir kun uzilsa, oltmish kunni yana boshidan boshlab ketma-ket qilib tutadi. Ramazon ro'zasini niyat bilan boshlab, keyin uni qasdan buzsa, kafforat vojib bo'ladi.

 

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Abu Mansur Moturidiy Qur’on haqida

30.04.2025   4200   6 min.
Abu Mansur Moturidiy Qur’on haqida

Qur’on faqat qiroat qilish uchun emas, balki uch maqsadda nozil bo‘lgan:

  1. Qur’onni Qiyomatgacha saqlash va uning boqiy qolishi hamda yo‘q va unut bo‘lib ketmasligi uchun.
  2. Oyatlardan eslatma olish, ulardagi hukmlarni anglash, Allohning bandalardagi haqlari va bandalarning bir-birlaridagi haqlarini tushunib olish uchun.
  3. Oyatlardagi ko‘rsatmalarga amal qilish, ulardagi va’zlardan nasihat olish, qaytariqlardan tiyilish va mo‘minlar Qur’onni o‘zlariga yo‘lboshchi qilib olishlari uchun”.

Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onning barakasiga musharraf bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi haqida bunday yozadi: “Alloh taolo Qur’onni “muborak”, ya’ni barakali kitob deb nomlagan. Chunki Qur’onga ergashgan, uni mahkam ushlab, ko‘rsatmalariga amal qilgan banda odamlarning ko‘zlari va qalblarida muhtaram va sharafli insonga aylanadi. Baraka shudir! Inson baraka bilan barcha yaxshiliklarga ega bo‘ladi! Ziyodalashish va o‘sishda bardavom bo‘ladi! Buning uchun, albatta, Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni banda o‘zi uchun zararli va foydali narsalarni hamda bajarish va saqlanish lozim bo‘lgan ishlarni tanib olishi darkor”.

Ma’lumki, Qur’oni karim arab tilida bo‘lib, uning ma’nolarini tushunish va tadabbur qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida Imom Moturidiy rahimahulloh quyidagi ko‘rsatmalarni beradi: “Qur’onni tadabbur qilish hakim (donishmand) va ahli basar (olim)larning ishi bo‘lib, avom xalqning bunda nasibasi yo‘qdir. Avom xalq mazkur ikki toifa tushuntirib bergan narsalarga ershgashishlari va ularga iqtido qilishlari shartdir”.

“Qalbi bor odam, ya’ni taammul va tafakkur qilgan banda Qur’ondan ibrat oladi. Bu oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb nomlangan. Chunki olimlar aql borasida ixtilof qilganlar. Ba’zi olimlar qalb aqlning o‘rni desalar, ayrimlari aql boshda joylashgan, lekin uning nuri qalbga yetib boradi va qalb aql vositasida g‘aybiy narsalarni ko‘ra boshlaydi, deganlar. Shuning uchun ham ba’zi oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb atalgan. Zero, ikkisining orasida bog‘liqlik mavjud bo‘lib, bu tarzda ishlatilishi lug‘atda keng tarqalagan.

Shuningdek, va’z-nasihatni qalbi hozir bo‘lgan holda tinglaganlar ham Qur’ondan ibrat oladilar. Ilm hosil bo‘lishi va tushunishning asosiy ikki omili Qur’oni karimda o‘z isbotini topgan. Birinchisi tafakkur va tadabbur qilish orqali, ikkinchisi esa qalbi hozir bo‘lgan holda jon qulog‘i bilan tinglash natijasida hosil bo‘ladi. Kimda shu ikki hislat topilsa, aql – qalbi bilan yaxshi-yomonni ajrata oladi. Alloh bilguvchiroqdir!”

“Qo‘rqinch va azob haqidagi oyatlar tilovat qilinganda Allohdan qo‘rqadigan bandaning teri titrab ketadi, rahmat oyatlari o‘qilganda esa, qalbi va terilari muloyimlashadi. Allohdan qo‘rqadigan banda har qanday oyatni o‘qisa ham, badani titrab, qalbi taskin topadi”.

Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onni tinglab yig‘lash mo‘tadil holda bo‘lishi kerakligini quyidagicha ifodalaydi: “Qatoda rahimahulloh bu haqda bunday degan: “Iymoni mustahkam bandalarning badanlari titrab, ko‘zlari yig‘laydi va qalblari Qur’on bilan xotirjam bo‘ladi. Ammo bid’atchilarga o‘xshab, aqllaridan ozib, xushlarini yo‘qotmaydilar”.

Darhaqiqat, qasamki, bu ummatning orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, U zotning suhbati uchun Alloh tanlab olgan sahobalar va ularning shogirdlaridan-da bilimliroq kimsa yo‘q! Mazkur salafi solihlar Qur’on o‘qilganda aqldan mosuvo bo‘lib, bexush bo‘lishni bid’at sanaganlar”.

“Inson tanasiga turli ofat va kasalliklar xavf solgani kabi dinga ham ofat va zararli dardlar rahna solib, unga talofat yetkazish va uni halokatga duchor qilishga harakat qiladi. Alloh taolo tanamizni ofat va kasalliklardan saqlash uchun dori-darmonlarni yaratib qo‘ygan. Din ofati va illatlariga esa Qur’onni shifo qilib qo‘ygan! Shuning uchun ham Qur’on mazkur oyatda qalb – sadrlardagi kasalliklarga shifo va pand-nasihat deb zikr qilingan. Zero, Qur’on qotgan qalbni yumshatadi, qurigan ko‘zlarni yoshga to‘ldiradi va qorong‘u sadr – dilni nurga to‘ldiradi”.

“Qur’oni karim dunyoda shifo istaganlar uchun shifo va unga amal qilganlar uchun rahmatdir. Qur’ondan yuz o‘girgan va uni mensimaganlar uchun esa haqiqatni ko‘ra olmaslik, zarar va zulmatdir. Qur’onga ta’zim va hurmat nazari bilan qaraganlar esa shifo topadilar. Inson odatda ko‘z nuri va havodagi nurning birlashishi natijasida biror narsani ko‘ra oladi. Agar insonning ko‘zi ko‘r bo‘lsa, havodagi nur qanchalik yorqin bo‘lmasin, hech narsani ko‘ra olmaydi.

Shuningdek, ko‘z nuri qanchalik o‘tkir bo‘lmasin, havoni zulmat qoplagan bo‘lsa, inson hech narsani ko‘ra olmaydi. Huddi shu kabi, qalbida kufr, shubha va shikr bo‘lgan inson Qur’on nuri va uning shifosini ko‘ra olmaydi. Chunki qalbini zulmat qoplagan bo‘ladi. Qalbida imon nuri bo‘lgan mo‘min esa, Qur’onning nuri va shifosini ko‘rishga qodirdir. Dori-darmonlar ham shunga o‘xshaydi. Ular qanchalik foydali bo‘lmasin, inson tabiatiga mos kelmasa, shifo hosil bo‘lmaydi, aksincha, zarar bo‘ladi. Qur’on ham huddi shunday! U o‘zi shifo va rahmat bo‘lsa ham, qalbi kufr va shirk bilan kirlangan insonlarga shifo bo‘lmaydi, aksincha, xasrat-nadomat va zulmat bo‘ladi!”

“Qur’on din va inson joniga zararli bo‘lgan barcha kasallik va dardlarga shifodir”.

Imom Moturidiy rahimahulloh xushu’ bilan tilovat qilishni quyidagicha ta’riflaydi: “Xushu’ Allohdan qo‘rqish natijasida paydo bo‘lgan xavfning ta’siri bo‘lib, yuz va boshqa barcha a’zolarda zohir bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zi olimlar: “Namozdagi xushu’ namoz o‘qiyotgan banda o‘ng va chap tarafida turganlarni tanimasligidir. Chunki yonida turgan odamni tanish tilovat qilayotgan oyatni tushunishga xalal beradi”, deganlar.

Manba: Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004.