بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
KYeChIRIMLILIK – MO'MINGA HOS FAZILAT
Hurmatli jamoat! Dinimiz bizni solih amallarga buyurish bilan birga namunali va go'zal axloqqa ham targ'ib etadi. Zotan, din uch narsadan iboratdir: to'g'ri aqida, solih amal va namunali xulq. Ana shu maqtalgan axloqlardan biri halimlik va kechirimlilikdir. Bir so'z bilan aytganda kechirimli bo'lish, dinimiz ta'limotidir. Quyida bunga dalil o'laroq Qur'oni karim oyatlari va sunnati nabaviyada kelgan dalillarni keltirib o'tamiz:
خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ
ya'ni: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” (A'rof surasi 199-oyat).
Mazkur oyati karimada Alloh taolo O'z nabiysiga kechirimli bo'lish, insonlarni yaxshilikka buyurish va johil kishilarning gap so'zlariga e'tibor qilmaslikka buyurmoqda. Mo'min inson ushbu sifatlar bilan sifatlansa, Alloh taolo O'z kalomida maqtagan taqvodorlar qatorida bo'ladi. Zotan, U Zot shunday marhamat qiladi:
الَّذِينَ يُنْفِقُونَ فِي السَّرَّاءِ وَالضَّرَّاءِ وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
ya'ni: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 134-oyat).
Alloh taolo ato qilgan rahmat sababli Payg'ambarimiz alayhissalom sahobiylarga muloyimlik bilan muomala qilar edilar, sahobiylar ham U Zotning atrofida jipslashgan edilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الْأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ
ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so'rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 159-oyat).
Ya'ni “Siz, ey, Muhammad, Uhud jangida qilgan itoatsizliklari va harbiy intizomni buzganliklari uchun yoronlaringizni jazolash yoki tanbeh berib, dag'al muomala bilan xafa qilish o'rniga Mening Sizga ato etgan rahmatim va shafqatim tufayli ularga yumshoq munosabatda bo'ldingiz. Aks holda ular Sizdan yuz o'girib, hatto dindan ham qaytib ketishlari mumkin edi. Mazkur voqeada yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarini avf eting va gunohlarini kechirishni Mendan so'rang. Mendan ko'rsatma berilmagan ishlarda ular bilan bamaslahat ish tuting. Maslahatlashib bir qarorga kelgandan keyin Menga tavakkal qilib o'sha ishni amalga oshiravering. Zero, Men barcha ishlarini Menga tavakkal qilgan holda qiluvchilarni do'st tutaman”, deb Haq taolo o'z payg'ambari Muhammad alayhissalotu vassalomga xitob qilmoqda.
Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurilgan. Demak, kishilar o'zaro bir birlarini kechirishi, afv qilishligi bilan jamiyatda ahillik, birdamlik va bir birini qo'llab-quvvatlash, buning natijasida mustahkam jamiyat barpo bo'ladi.
Payg'ambarimiz alayhissalomning xulqlarida ham kechirimlilik o'z aksini topgan edi. Oisha onamizdan Payg'ambarimiz alayhissalomning xulqlari haqida so'ralganda shunday javob berganlar:
لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلاَ مُتَفَحِّشًا وَلاَ صَخَّابًا فِي الْأَسْوَاقِ، وَلاَ يَجْزِي بِالسَيِّئَةِ اَلسَّيِّئَةَ، وَلَكِنْ يَعْفُو ويَصْفَحُ
رواه الامام الترمذى والامام احمد
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so'zlarni so'zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom Uhud g'azotida jarohat oldilar, muborak yuzlari qonadi. Bu haqda Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu shunday deydilar: “Payg'ambarimiz alayhissalom yuzlaridagi qonni artib, o'tgan payg'ambarlardan birini qavmi urib, jarohat etkazishganini aytib turganlari ko'z o'ngimda turibdi. U zot alayhissalom: “Ey, Alloh! Qavmimni kechirgin, ular bilishmayapti”, der edilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bu voqea bizga Payg'ambarimiz alayhissalomning kechirimlilik va ulug' xulqlarini ko'rsatadi.
Jamiyat mustahkam va barqaror bo'lishida islomiy odob axloqqa har qachongidanda muhtojroqmiz desak mubolag'a bo'lmaydi. Jumladan, inson zotiga Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug' sifat va fazilatlardan biri – kechirimli bo'lishdir. Alloh taolo insonlarning tashqi ko'rinishini go'zal va hushbichim qilib yaratgan. Agar inson siyrati va ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u mukammallik darajasiga etishi mumkin.
Barcha go'zal xulqlarni o'zlarida jam qilgan Zot – Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo'lish fazilati borasida shunday deganlar:
مَنْ كَظَمَ غَيْظًا، وَهُوَ يَسْتَطِيْعُ أَنْ يُنْفِذَهُ، دَعَاهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَلَى رَءُوسِ الْخَلاَئِقِ، حَتَّى يُخَيِّرَهُ فِي أَيِّ الْحُوْرِ شَاءَ
(رواه الامام الترمذي عن سهل بن معاذ بن أنس الجهني، عن أبيه)
ya'ni: “Kimki qodir bo'la turib, g'azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xaloyiq oldida hurlardan xohlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Azizlar! Habaringiz bor, kuni-kecha Prezidentimizning amaliy sa'y-harakatlari bilan “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriyadagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalarga” borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bolalar O'zbekistonga qaytarildi. “Mehr” insonparvarlik operatsiyasining uzviy davomi sifatida muborak Ramazon oyi kunlari amalga oshirilgan ushbu tadbir ulkan ahamiyatga ega bo'lib, buning o'ziga xos ramziy ma'nosi bor. Ma'lumki, ushbu oyda yaxshilik, kechirimlilik, o'zgalarga mehr-oqibat ko'rsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yanada ko'proq namoyon bo'ladi. Ana shu jihatdan, ushbu tadbir ayni vaqtida va o'rnida tashkil etilganini alohida ta'kidlash lozim.
Vaqtida Vatan, tinchlik, yaqinlarining qadriga etmasdan o'zga yurtlarga yanglish “jihod”, “hijrat” iddaolari bilan chiqib ketgan insonlar ta'bir joiz bo'lsa, xalqimiz hotirjamligi va ravanaqiga nomaqbul ish qilgan edilar, deb aytsak xato bo'lmas. Ammo, xalqimizning bag'rikenglik, pushaymonlarni avf etish hislatlari, Davlat rahbarining kechirimlilik siyosatining ifodasi sifatida ayblariga pushaymon ekanliklari sababli ularning Vatanga qaytish, jamiyatimiz ravnaqi yo'lida harakat qilishlari uchun yana bir bor imkon berildi.
Aslida, “jihod”, “hijrat” tushunchalari islomda katta ahamiyatga ega. Bu shunchaki har bir kishi o'zining tushunchasi va xohish-istagi bilan amalga oshirilaveradigan ishlar emas. Uning mazmun-mohiyati, shart-sharoiti, maqsad chuqur o'rganilib, so'ng amalga oshiriladi. Bu borada etarli bilimga ega bo'lmagan ayrim fuqarolar Suriya, Iroq erlariga ketib, fitnalarning avj olishi, begunoh insonlarning, mo'min-musulmonlarning qonlari nohaq to'kilishiga sabab bo'lishi albatta, ulkan gunohdir. Buni anglamagan yoshlar Suriyaga chorlab jar solayotgan soxta da'vatchilarning iddaolari yolg'on ekani, holbuki u erlarda jihodning farzi ayn bo'lishi uchun belgilangan shartlarning birortasi unda mavjud emasligini bilmaydilar.
Bugungi kunda qilib qo'ygan ishlaridan ming pushaymon qilayotgan, urush o'lkalarida xoru zor bo'lib, lagerlarda asirlikda qiynalayotgan ayollar va bolalarni kechirgan Prezidentimiz va xalqimiz ularga tom ma'noda insonparvarlik, mo'minlik va muruvvat qo'lini cho'zmoqda.
Bilib-bilmay xato qilgan va bugun qilmishiga chin ma'noda pushaymon bo'lib, Vataniga qaytarilganlar, farzandlarini bag'riga bosib, mamlakatimizda qaror topgan insonparvarlik, adolat uchun shukronaliklarini izhor etishlari zarur.
Hurmatli jamoa! Ramazon oyining oxirgi o'n kunligi toq kechalari – Qadr kechasi izlanadigan vaqtdir.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:
لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ
رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه
ya'ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim undan foydalanib qolmasa, shubhasiz (juda ko'p narsadan) mahrum bo'libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o'tkazgan kishi 83 yilu to'rt oylik ibodatdan afzalroq savob olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:
مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ﴾
رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه
ya'ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o'tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag'firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ba'zi hadisi shariflarda mana shunday muborak kechalarda hammaning duosi qabul bo'lishi, lekin silai rahmni uzgan, o'zaro arazlashganlar ijobatdan mahrum bo'lishi aytilgan. Shu sabab arazlashganlar shu kunlarda yarashib, yana silai rahmni bog'lashga astoidil harakat qilaylik.
Aziz yurtdoshlar! Mana shu kunlarda ko'pchilik musulmonlar fitr sadaqasini berishga shoshiladilar. Hadisi shariflarda zikr qilinishicha bu sadaqa ro'za davomida yo'l qo'yilgan xato kamchiliklar to'ldiruvchi bo'ladi.
Fitr sadaqasini berish zakotga qodir kishilarga vojib, boshqalarga ixtiyoriy hisoblanadi. Uni Ramazon oyi davomida berish ham joiz, ammo afzali hayit namozga chiqishdan oldin berishdir.
Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin, mana shunday xursandchilik kunlarimizni ko'p qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla!Kelgusi ma'ruza “Ramazon hayiti muborak!” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.
Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.
Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.
Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.
Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.
Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.
Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.
“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan