Islom bayrog'i ostida faoliyat ko'rsatayotgan ekstremizmning paydo bo'lishi va rivojlanishi tarixning muayyan davrida ustuvor bo'lgan ko'plab omillar, turli jarayonlarning o'zaro ta'sirlashuvining natijasi deb tushunish mumkin. O'rganish, din niqobi ostida paydo bo'lgan ekstremistik harakatlarning g'oyaviy ildizlari islom tarixining birinchi asriga borib taqalishini ko'rsatadi. Respublikamiz birinchi Prezidenti ta'kidlab aytganlarki: “Asrimiz vabosi bo'lmish bu jirkanch illatning faqat shafqatsiz ko'rinishlarini emas, balki ildizlariga etib borib, jamiyat hayotidan, dunyo xalqlari hayotidan uni tag-tomiri bilan sug'urib tashlash – barcha davlatlarning eng dolzarb vazifasi bo'lishi kerak, bu yo'lda barchamiz bir tan, bir jon bo'lib harakat qilishimiz, qattiq kurash olib borishimiz shart”[1].
Tarixiy manbalarda mazkur oqimlarning tarqalishi, faoliyati va ularning o'ziga xos yo'nalishlari batafsil tahlil qilingan. Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugungi kunda faoliyat ko'rsatayotgan deyarli barcha ekstremistik guruhlar o'sha oqimlarga xos xususiyatlarni o'zida jamlagan holda, ular qo'llagan uslub va g'oyalardan keng foydalanib kelmoqda.
Islom niqobidagi ekstremizmning ilk vakillari sifatida 657 yili xalifa Ali roziyallohu anhu askaridan ajralib chiqqan, o'zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo'shilmaganlarni «dindan qaytgan» deb e'lon qilib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borgan «xorijiylar» (arabcha – «ajralib chiqqanlar», «isyonchilar») oqimi faoliyati fikrimizning isboti bo'la oladi[2].
Demak, Islomda dastlab paydo bo'lgan firqa xorijiylardir. Boshqa dinlarda bo'lgani kabi musulmonlar ichida ham firqalar bo'lgan. Payg'ambar Muhammad alayhissalom aytganlaridek, Islom dinida 73 ta firqaga bo'linish yuz beradi. Ularning bittasigina to'g'ri yo'lda, qolganlari esa, zalolatda hisoblanadi. Qur'on oyatlari va hadislarda ham firqalarga bo'linmaslikka buyuriladi. Horijiylar o'z talqinlaridagi «sof» islom qoidalariga qat'iy rioya qilish tarafdori edi. Ilk Islomda inson e'tiqodini belgilashda niyatga e'tibor berilgan bo'lsa, xorijiylar amalga qarab baho berdi. Aynan xorijiylar o'z qarashlari va faoliyatiga qo'shilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g'oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo'llash orqali hukmdorlarni jismonan yo'q qilish amaliyotini boshlab bergan edi. Shuningdek, xorijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini qilgan ishlariga qarab baholash kerak, deb hisoblab, o'zlarining talqinidagi Islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga bo'ysunmaslik, uni ag'darib tashlash zarurligi haqidagi g'oyani ilgari surgan edi. Bunday g'oyalar hokimiyat uchun kurashning zo'ravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishiga va minglab kishilarning halok bo'lishiga olib keldi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:»Yahudiylar etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'lindilar. Nasorolar etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'lindilar. Mening ummatim esa etmish uch firqaga bo'linadi», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Yetmish ikkitasi do'zaxda, bittasi jannatda. U – jamoatdir» iborasi ziyoda qilingan[3].
Hadisning davomida esa kelajakda Islom ummati etmish uch firqaga bo'linib ketishi haqida xabar berilmoqda. Ming afsuslar bo'lsinkim, bu gaplar yuzaga chiqdi. Islomga e'tiqod qilib yurganlar ichida ham turli-tuman firqalar paydo bo'ldi. Kezi kelganda shuni ta'kidlab o'tish lozimki, ushbu hadisda va shu ma'nodagi boshqa hadislarda zikr qilingan firqalardan murod aqiydaviy firqalardir. Ba'zi bir haddidan oshganlar o'ylaganidek, fiqhiy mazhablar emas. Chunki fiqhiy mazhablar o'z nomi bilan mazhab, firqa emas. Fiqhda ixtilof, bir-birini kofir qilish yo'q. Fiqhda sirtdan xilof bo'lib ko'ringan narsa aslida bir narsani ado etishning turli ko'rinishlari, xolos. E'tiqoddagi bo'linish esa firqachilik deb nomlanadi. Bunda har bir firqa boshqasini kofirga chiqaradi. Ularning kelishmovchiliklari tavhid asoslari, qazoi qadar, Payg'ambarlik shartlari kabi masalalarda bo'ladi. Aqiyda kitoblarida ana o'sha firqalarning asosini quyidagi olti firqa tashkil etishi aytilgan[4]:
«Yetmish ikkitasi do'zaxda, bittasi jannatda, u jamoatdir». Ya'ni, Islom ummatida paydo bo'lgan etmish uchta e'tiqodiy firqadan etmish ikkitasi do'zaxga, bittasi jannatga tushadi. O'sha jannatga tushadigan firqa jamoat firqasidir. Ya'ni, musulmonlarning asosiy ommasini jamlab, Kitob va Sunnatga amal qiluvchi toifadir. Bu saodatli toifa «Ahli sunna va jamoa» nomini olgan, ya'ni e'tiqod bobida Sunnatga muvofiq ish ko'ruvchi va musulmonlarning ommaviy jamoasini birlashtiruvchi mazhabdir. Alhamdulillah, bizning yurtimiz musulmonlari doimo shu mazhabda bo'lib kelganlar va bundan buyon ham shunday bo'lib qolishi uchun harakat qilmoq lozim.
VII asrning ikkinchi yarmida xorijiylar orasida rahbarlarining ismi bilan ataladigan bir necha firqalar paydo bo'ldi. Ana shunday mutaassib firqalar orasida eng murosasiz va shafqatsiz jamoa nomini olgan Nofi' ibn Azraq boshchiligidagi «Azraqiylar» oqimi alohida o'rin egallaydi. Azraqiylar gunohi kabira (katta gunoh) qilgan barcha musulmonlarni «kofir» deb, ularning ta'limotiga qo'shilmagan kishilarga qarshi jihod e'lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini to'kishni halol, deb bilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatning 73 firqaga bo'linishini aytganlar. Bu aytganlari vafotlaridan keyin o'z tasdig'ini topdi. U firqalardan qadariya, murjia va xavorijlarni o'z hadisi shariflarida nomma-nom keltirib, ulardan ogoh bo'lishni vasiyat ham qilganlar. Hulafoi roshidinlar zamonidan to Imom Moturidiy zamonasigacha, asosan quyidagi firqa yoki oqimlar paydo bo'lib, ummati muhammadiya o'rtasiga tafriqa va fitna solishga harakat qilgan edilar. Ular – qadariya, murjia, xavorij, shia, mo''tazila, ravofiz (rofiziylar), sabaiya, ziroriya, jahmiya, botiniya, karomita, hurramiya, karromiya (mujassima[5]), jorudiya, sulaymoniya (jaririya), butriya, bahniya, mugiriya, janohiya, mansuriya, xattobiya, hululiya, azoriqa, najadot, sufriya, ajorida, xozimiya, shahbiya, ma'lumiya, majhuliya, ma'badiya, rashidiya, mukarramiya, hamziya, ibrohimiya, voqifa, hafsiya, horisiya, yazidiya, maymuniya, mo'tazila firqalaridan – Vasiliya, amriya, huzaliya, nazzomiya, murdoriya, ma'mariya, samomiya, johiziya, xobitiya, himoriya, xatotiya,shahlamiya, ashobi Solih qubba, marisiya, ka'biya, jubboiya, bahshamiya, murjia firqalaridan – Abu Shimr, Muhammad ibn Shabib va Holidiy firqalari, yana murjiaga – yunusiya, g'assoniya, savboniya, sumaniya, marisiya, najjoriyalardan – burg'usiya, za'faroniya, mustadrika, karromiylardan – haqoiqiya, taroqiya, ishoqiya. Demak, zikr etilganlardan 20 firqa rofiziylar, 20 firqa xavorijlar, 20 firqa kadariy va murjialar, 12 firqa qolgan najjoriya, bakriya, ziroriya, jahmiya, karromiya kabi oqimlarga taqsimlab chiqilsa, umumiy soni hadisi sharifda aytilgan 72 ta adashgan firqalarning adadiga to'g'ri keladi[6].
73-firqa esa, Ahli Sunna val-Jamoa deya ataluvchi mazkur hadisi sharifda qayd etilgan nojiya (najot topuvchi) firqadirkim, Abu Hanifa (Imom A'zam), Imom Molik, Imom Shofiiy, Imom Ahmad, Avzoiy, Savriy kabi buyuk mujtahid allomalar va ularning izdosh va maslakdoshlari unga mansubdirlar.
4-kurs talabasi Abdusattarov Muhammad Mubin
[1] Karimov I.A. Havfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. 1-jild. – Toshkent: O'zbekiston, 2002. – B. 105-106.
[2] Mutaassib va adashgan oqimlarning paydo bo'lish tarixi (1-qism). http://muslim.uz/
[3] Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
[4] https://savollar.islom.uz/s/54243
[5] Tajsim – Allohni jism ko'rinishida tasavvur etish; ko'pincha tashbihning sinonimi sifatida ishlatiladi. Tajsim izdoshlarini mujassima firqasi deb atashadi.
[6] A. Tulepov Islom va aqidaparast oqimlar. Ikkinchi nashr – T.: «Sharq», 2013. – 41B.
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar