Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Muborak vasiyatlar: Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish Shaytonga osiy bo'lish mo'minning sifati

22.04.2021   4319   43 min.
Muborak vasiyatlar: Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish Shaytonga osiy bo'lish mo'minning sifati

BYeShINChI VASIYaT

بسماللهالرحمنالرحيم

عَنْأَبيذَرٍّومعاذبنِجبلٍرضىاللهُعنْهُما: أنَّالنَّبِىَّصلَّىاللهعليهوسلَّمَقال: “سِتَّةَأيَّامٍثُمَّأعْقِلْياأباذَرٍّمايُقالُلَكَبَعْدُ”. فَلَمَّاكانالْيَوْمُالسَّابِعُقال: “أُوْصيكَبِتَقْوَىاللهِفيسِرِّأمْرِكَوعَلانِيَتِهِوإِذَاأَسَأْتَفَأَحْسِنْوَلاتَسْأَلَنَّأَحَدًاشَيْئاًوإِنْسَقَطَسَوْطُكَوَلَاتَقْبِضْأَمَانَةً” (رواهأحمد).

Abu Zarr va Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Zarr, olti kun o'tganidan so'ng senga nima deyilishi haqida aqlingni ishlat”, dedilar. Yettinchi kuni kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga yashirin holatda ham, oshkora holatda ham Allohdan qo'rqishni vasiyat qilaman. Bir yomon ish qilib qo'ysang, darhol uning ortidan yaxshi ish qil. Hech kimdan hech narsa, hatto qamching erga tushib ketsa (olib berishlarini) ham so'rama. Omonatni ushlab turma”, dedilar» (Imom Ahmad).

Bu vasiyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Zarr va Muoz ibn Jabalga aytgan gaplarida olam-olam ma'no va sir-asrorlar mujassam. Vasiyatda Abu Zarr (roziyallohu anhu)ga nimalar bilan mashg'ul bo'lish va nimalar haqida tafakkur qilish aytilib, bu bilan vaqtini zikrda o'tkazishi va “zokir” degan sharafli nomga munosib bo'lishi nazarda tutilgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kimga nimani vasiyat qilgan bo'lsalar, unda faqat foyda va yaxshilik bor. Muborak vasiyatlar o'z nomi bilan nima haqida ekani ma'lum bo'lsa-da, lekin ular biz bilgan oddiy vasiyatlar emas. Bu vasiyatlar necha yuz yillar o'tsa ham dolzarbligini yo'qotmagan. Huddi bugun sizu bizga aytilgandek, o'qilgani sari yangi-yangi qirralari ochilaveradi.

Vasiyatlarni o'qigan kishi o'n besh asr ortga qaytib, bugungi kunni anglagandek bo'ladi. Vasiyatlarda aytilgan tavsiyalar bizni beixtiyor ma'naviy huzur-halovatga etaklaydi. Shu ma'noda, vasiyatlarni o'qigan kishi ko'ngliga kerakli narsani topadi va xotirjamlikka erishadi.

 

Yashirin va oshkora holatlarda ham Allohdan qo'rqish

Taqvo Allohdan qo'rqishdir, uchinchi vasiyatda aytilgani kabi “Taqvo – har ishning boshi va har hikmatning asosidir”. Shuningdek, taqvo gunohlardan tiyilish va yomonliklardan saqlanishda muhim vositadir.

Qur'oni karimda marhamat qilinadi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِن تَتَّقُواْ ٱللَّهَ يَجۡعَل لَّكُمۡ فُرۡقَانٗا وَيُكَفِّرۡ عَنكُمۡ سَيِّ‍َٔاتِكُمۡ وَيَغۡفِرۡ لَكُمۡۗ وَٱللَّهُ ذُو ٱلۡفَضۡلِ ٱلۡعَظِيمِ٢٩

«Ey imon keltirganlar! Agar Allohdan qo'rqsangiz, sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringizdan o'tib, sizlarni mag'firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir» (Anfol, 29).

Mo'minning asosiy maqsadi va orzusi shudir. Chunki taqvo o'z egasini maxfiy holatda ham, oshkora holatda ham Allohdan qo'rqishga chorlaydi.

Hadisi sharifda:

قَالَرَسُولُاللهِصَلَّىاللهُعَلَيهِوَسَلَّمَ: “أنْتعبُدَاللهَكأنَّكَتَراهُفَإِنْلَمْتَكُنْتَرَاهُفإِنَّهُيَراك

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohni ko'rib turganingdek ibodat qil. Garchi sen Uni ko'rolmasang ham, U Zot seni ko'rib turibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Zunnun Misriy aytadi: “Bandani Allohga etishtiruvchi (vosita) sidq va xilvatdir. Uch narsa ixlos belgisidir: birinchisi, maqtov va tanqid unga barobar bo'ladi; ikkinchisi, amallarini unutib, gunohlarini eslaydi; uchinchisi, Allohdan boshqani ko'nglidan chiqaradi. Banda Allohning amrlariga itoat etmagunicha haqiqiy banda bo'lolmaydi. Shogird ustozlarga itoat etmagunicha ustoz bo'la olmaydi”. Yana shunday hikmat bor: “Kim taqvo qilsa, Allohga qochsin, kim Allohga qochsa, najot topadi”.

Ulug' valiylardan Junayd Bag'dodiyning bir muridi bo'lib, uni shayx juda sevar, boshqa muridlar esa uni yoqtirmas edi. Muridlarning bu holi Shayx hazratlariga ma'lum bo'ldi.

Hizmatkorlariga buyurib, yigirmata qush keltirdi, har muridiga bittadan berib, bunday dedi:

– Har biringiz bu qushlarni hech kim ko'rmaydigan xilvat bir joyda bo'g'izlab keling.

Hammasi qushlarni kimsasiz bir joyda so'yib keltirishdi. Yolg'iz o'sha murid qushni so'ymasdan shundog'icha keltirdi. Junayd:

– Nechun bo'g'izlamading? – dedi.

– Sultonim, siz qushlarni hech kim ko'rmaydigan erda so'yishni buyurdingiz, men kimsasiz hech joy topa olmadim. Hamma joyda Alloh taoloni hoziru nozir ko'rdim, – dedi.

Junayd:

– Ko'rdingizmi, uning qanday farosati bor! – dedi. Barcha muridlari uning farosat bobidagi farqiga iqror bo'lishdi.

Bu voqea kishini qay holatda va qayerda bo'lmasin, Allohdan taqvo qilishga undaydi. Alloh taolo bizni taqvoli bandalaridan qilsin, omin!

 

Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish

Haqiqiy mo'min birov o'ziga yomonlik qilsa ham, yaxshilik bilan javob qaytaradi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muborak vasiyatlarida: “Biron yomon ish qilib qo'ysang, darhol yaxshilik qil”, dedilar. Chunki yaxshilik yomonlikni yuvib ketadi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿وَمِنۡهُم مَّن يَقُولُ رَبَّنَآ ءَاتِنَا فِي ٱلدُّنۡيَا حَسَنَةٗ وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِ حَسَنَةٗ وَقِنَا عَذَابَ ٱلنَّارِ٢٠١

«Yana shundaylari ham borki, ular: "Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do'zax azobidan asragin", – deydilar» (Baqara, 201).

Oyati karimadagi ikki yaxshilik to'g'risida ulamolar har xil fikr aytgan. Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: “Dunyodagi yaxshilik – yaxshi xotin, oxiratdagisi esa, hurlar” (“Tafsiri Qurtubiy”, 1-jild, 615-b.).

Qatoda (roziyallohu anhu) aytadi: “Dunyodagi yaxshilik etarlicha mol-dunyo va salomatlikdir” (“Tafsiri Qurtubiy”, 1-jild, 615-b).

Hasan (roziyallohu anhu) esa: “Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodatdir” (“Tafsiri Qurtubiy”, 1-jild, 616-b.).

Olimlarning ko'pchiligi ikki yaxshilikdan murod: “Dunyo va oxirat saodati”, degan (“Tafsiri Qurtubiy”, 1-jild, 616-b.).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir kuni bir ayol oldimga kelib:

– Men ham zino qildim, ham zinodan tug'ilgan bolamni o'ldirdim. Endi shu gunohimdan tavba qilsam bo'ladimi? – deb so'radi.

– Sen uchun tavba yo'q! Alloh ko'zingni ko'r qilsin, hech bir qulaylik bermasin, – dedim unga.

Shundan so'ng ayol yig'lab, tizzalariga urgancha chiqib ketdi. Ertasi kuni bomdod namozini o'qib bo'lgach, bu voqeani aytgan edim, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

– Ayolga juda yomon javob beribsan. Sen axir:

﴿وَٱلَّذِينَ لَا يَدۡعُونَ مَعَ ٱللَّهِ إِلَٰهًا ءَاخَرَ وَلَا يَقۡتُلُونَ ٱلنَّفۡسَ ٱلَّتِي حَرَّمَ ٱللَّهُ إِلَّا بِٱلۡحَقِّ وَلَا يَزۡنُونَۚ وَمَن يَفۡعَلۡ ذَٰلِكَ يَلۡقَ أَثَامٗا٦٨ يُضَٰعَفۡ لَهُ ٱلۡعَذَابُ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ وَيَخۡلُدۡ فِيهِۦ مُهَانًا٦٩ إِلَّا مَن تَابَ وَءَامَنَ وَعَمِلَ عَمَلٗا صَٰلِحٗا فَأُوْلَٰٓئِكَ يُبَدِّلُ ٱللَّهُ سَيِّ‍َٔاتِهِمۡ حَسَنَٰتٖۗ وَكَانَ ٱللَّهُ غَفُورٗا رَّحِيمٗا٧٠

«Ular Allohga qo'shib, boshqa “iloh”ga iltijo qilmaslar va Alloh o'ldirishni man etgan jonni nohaq o'ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlar)ni (imonsiz holda) qilsa, gunohga (uqubatga) uchrar, qiyomat kunida unga azob bir necha barobar ziyoda qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Illo, kim (shu dunyoda) tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo'yar. Alloh mag'firatli va rahmli Zotdir» (Furqon, 68–70), mazmunli oyatlarni o'qimaganmiding, deb marhamat qildilar.

Shundan so'ng darhol ayolni chaqirtirib, unga bu oyatlarni o'qib berdim. Ayol sevinganidan o'sha zahoti sajda qildi va:

– Menga qutilish eshigini ochgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin, – dedi”.

Gunohning savobga aylantirilishi xususida turlicha fikrlar bor. Masalan, oldingi gunohlari tavba bilan o'chib, o'rniga savobli ishlarni qilishi; gunoh qilish qobiliyati savobli ish qilish qobiliyatiga aylanishi; Alloh tavfiq berib, toat-ibodat va xayrli ishlar qilishga o'tishi va hokazo (“Madorikut tanzil va haqoiqut ta'vil”).

Hadisda ba'zi mo'minlarning ulkan gunohlari kechirilib, kichik gunohlari yaxshilikka aylantirilishi haqida bashorat qilingan (Imom Muslim rivoyati).

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh):“Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin)(Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladi: “Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa jannatdir”.

Bir donishmanddan: “Qaysi narsalarni to'plasam, yaxshi bo'ladi?” deb so'rashganida, “Kema halokatga uchraganida o'zing bilan qoladigan narsani to'pla”, deb javob berdi. Bu bilan ilm nazarda tutildi.

Umar (roziyallohu anhu) xalqqa e'tiborli, zaiflarga yaxshilik qiluvchi, haqiqat borasida qattiqqo'l va odamlarning barini baravar ko'radigan hukmdor edi. Umar (roziyallohu anhu) o'zlaridagi narsalarni odamlarga berib yuborar va ularni to'ydirib, o'zi och qolar edi. Odamlarning uylaridan, hol-ahvolidan xabardor bo'lib turardi. Bu haqidagi qissalar ma'lum va mashhurdir.

Bir kun u kishi bozorda sadaqa so'rayotgan qariyani ko'rdi va: “Ey shayx, nima qilyapsan?” deb so'radi. Qariya: “Men yoshi ulug' odamman, jizya uchun tilanchilik qilyapman”, dedi. U Madinada yashovchi yahudiy edi. Buyuk insoniy xislat egasi bo'lgan Umar (roziyallohu anhu) unga: “Ey shayx, biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya olib, qariganingda tashlab qo'ydik”, dedida, uning qo'lidan ushlab, uyiga olib bordi. Unga zarur miqdorda oziq-ovqat tayin etdi. Hazinachiga: “Bu kishi va unga o'xshaganlarning o'zi va oilasiga etarli mablag' ajrat”, deb buyurdi.

Bir gal Umar (roziyallohu anhu) Madina ko'chalarida yurgan edi, ozg'inlikdan to'zib ketgan qizchani ko'rib qoldi. Qiz goh turar, goh yiqilardi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “Bu qizaloqning aybi nima?! Gunohi ne?! Qaysi biringiz bu qizchani taniysiz?” dedi. O'g'li Abdulloh: “Tanimadingizmi, ey mo'minlar amiri?” deganida, u kishi: “Yo'q”, dedi. Abdulloh aytdi: “Bu – nabiralaringizdan biri!”

– Bu qaysi biri?

– Umar o'g'li Abdullohning qizi falonchi.

– Esiz, bu holga tushishiga nima sabab bo'ldi?

– Nafaqa berilishi to'xtatib qo'yilgani!

– Allohga qasam, menda musulmonlik haqingdan boshqa narsa yo'q. Bu – men va o'rtangizdagi Allohning kitobi (farzi)dir, – dedi Umar (roziyallohu anhu).

Madinaga savdo karvoni keldi. Unda ayollar va bolalar ham bor edi. Umar (roziyallohu anhu) Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu)ga: “Bu kecha ularga qo'riqchilik qilasizmi?”, dedi. Ularni qo'riqlab kech kiritishdi. Farz namozlarni o'qishdi. Shunda Umar (roziyallohu anhu) bir go'dakning yig'isini eshitdi va o'sha tomonga yurdi. Uning onasiga: “Allohdan qo'rq, bolangga yaxshi qara”, dedi, so'ng o'rniga qaytdi. Shunda yana yig'i ovozini eshitib, onasiga: “Allohdan qo'rq va bolangga yaxshi qara”, dedi-da, joyiga qaytdi. Tun oxirlaganida, yana uning yig'isini eshitdi. Onasiga borib: “Hayf senga, yaxshi ona emas ekansan! Bolangga nima bo'ldi, tuni bilan tinchimadi?”, dedi. Ayol mo'minlar amiri gapirayotganini bilmay: “Ey Allohning bandasi, u kechadan beri meni bezor qilib yubordi, men uni majburlab ko'krakdan ajratmoqchiman, u esa ko'nmayapti”, dedi. Umar (roziyallohu anhu): “Nima uchun?”, deb so'radi. U aytdi: “Chunki Umar faqat ko'krakdan chiqqan bolalargagina nafaqa belgilaydi (ya'ni, farzandlari ko'krakdan ajragan otalargagina haq beradi). Umar (roziyallohu anhu): “Buning yoshi nechada?”, dedi. U: “Mana shuncha oylik”, deb javob qildi. Umar (roziyallohu anhu) esa: “Esiz, shoshmay tur”, dedi-da, bomdod namozini o'qishga kirishdi. Yig'i kuchliligidan qiroatlari odamlarga yaxshi eshitilmadi. Shunda salom berib, dedi: “Ey baxtsiz Umar, qancha musulmon farzandlari halok bo'lishdi...” So'ng bir jarchiga: “Go'daklaringizni ko'krakdan chiqarishga shoshilmanglar. Biz Islomda tug'ilgan har bir go'dak uchun (haq) belgilaymiz”, deb nido qilishga buyurdi. Bu xabar bilan hamma tomonga chopar yuborildi.

Kim nima yaxshilik qilsa, mukofotini va kim qanday yomonlik qilsa, jazosini ko'radi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿فَمَن يَعۡمَلۡ مِثۡقَالَ ذَرَّةٍ خَيۡرٗا يَرَهُۥ٧

«Bas, kim (dunyoda) zarra misqolicha yaxshilik qilgan bo'lsa, (qiyomat kuni) uni ko'rar. Kim zarra misqolicha yomonlik qilgan bo'lsa ham, uni ko'rar» (Zalzala, 7–8).

Muqotil (roziyallohu anhu) aytadi: “Bu ikki oyat ikki kishi haqida nozil bo'lgan. Ulardan biri oldiga ovqat so'rab bir kishi kelsa, xurmo, bir parcha non, yong'oq kabi narsalarni arzimas sanab, berishni istamas va: “Bular hech narsa emas, o'zimiz yaxshi ko'rib, birovga bergan kattaroq narsalarimiz uchun savob olamiz”, der edi. Ikkinchisi bo'lsa, yolg'onchilik, g'iybat va nomahramga nazar qilish kabi gunohlarni engil sanar, bulardan menga hech qanday jazo bo'lmaydi, Alloh katta gunohlar uchun do'zax bilan qo'rqitgan, der edi. Shunda Alloh taolo mazkur oyatni tushirdi va ularni yaxshilikning ozginasini ham qilishga, gunohlarning eng kichiklaridan ham ehtiyot bo'lishga undadi” (“Asbobun nuzul”, 398-b.).

“Zarra” quyosh shu'lasidagina ko'rinadigan mayda jismdir. Kim shu zarra miqdoricha savob ish qilsa, oxiratda mukofotini oladi. Kim zarracha yomonlik qilsa, jazosini ko'radi.

Qatoda (roziyallohu anhu) Muhammad ibn Ka'b Quraziydan qilgan rivoyatda aytiladi: “Biror kofir zarra miqdoricha yaxshilik qilsa, shu dunyoda nafsi, ahli, molida uning savobi tezlatiladi. Hatto bu dunyodan ketayotganida, Alloh huzurida zarra miqdorichalik yaxshiligi bo'lmaydi. Biror mo'min zarra miqdoricha yomonlik qiladigan bo'lsa, shu dunyoda nafsi, ahli, molida uqubati tezlatiladi, hatto bu dunyo hovlisidan chiqib ketayotganida, Alloh huzurida zarra miqdoricha yomonligi qolmaydi”.

Ma'mar Zayd ibn Aslamdan qilgan rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, Alloh sizga o'rgatgan narsani menga ham o'rgating, dedi. Uni Qur'on o'rgatuvchi bir ustozga yubordilar. U Zalzala surasini o'rgatib, oxirgi oyati, ya'ni, “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa, (qiyomat kuni) uni ko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa ham, uni ko'rar” (Zalzala, 7–8)ga etganida, o'sha kishi shuning o'zi menga kifoya qiladi, dedi. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga xabar berilganida: “U faqih bo'ldi”, dedilar».

Ajlaz Abu Ishoqdan, u esa xotinidan qilgan rivoyatda bunday deyilgan: “Men va Abu Sufyonning xotini ikkimiz Oysha onamiz huzuriga kirganimizda bir tilanchi kelib, bir bosh uzum so'radi. Men undan bir shingil oldim-da, qolganini tilanchiga berib yubordim. Shunda bir-birimizga ma'noli qaradik va berilgan ehsonning katta-kichigi bo'lmasligiga oyati karima dalil bo'lishini esladik. So'ngra “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa, (qiyomat kuni) uni ko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa ham, uni ko'rar”(Zalzala, 7–8) oyatini o'qidim”.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga toki o'zimiz to'la amal qilmagunimizcha yaxshilikka buyurmaylikmi va o'zimiz to'la chetlanmagunimizcha yomonlikdan qaytarmaylikmi?” dedik. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yaxshilikka buyuraveringlar, to'la amal qilmasangiz ham. Garchi o'zlaringiz to'la chetlana olmagan bo'lsangiz ham, yomonlikdan qaytaraveringlar”, dedilar».

Imkon borida ko'ngli o'ksiklarni shod etib, ularga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, “Tabassum qilib bo'lsa ham”, savobga erishib olaylik.

 

Shaytonga osiy bo'lish – mo'minning sifati!

Musulmon kishi biror yomon ish qilib qo'ysa, darhol yaxshilik qilishi lozim. Chunki yaxshilik yomonlikni yuvib ketadi. Hohlaymizmi-yo'qmi, imonli kishini har doim shayton vasvasa qilib turadi. Bu bizga, ta'bir joiz bo'lsa, Odam (alayhissalom)dan qolgan “meros”. Shayton Allohning amriga itoat etmay, Odam (alayhissalom)ga sajda qilmadi. Jannatdan quvilganida odamzodni dushman, deb bildi va qiyomatgacha uning avlodini yo'ldan ozdirishga ont ichdi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿قَالَ فَبِعِزَّتِكَ لَأُغۡوِيَنَّهُمۡ أَجۡمَعِينَ٨٢

«(Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta, ularning hammasini yo'ldan ozdirurman"» (Sod, 82).

Said (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (alayhissalom) dedilar: «Shayton alayhilla'na Allohga aytdi: “Ey Rabbim! Izzating va jalolingga qasam, modomiki bandalaring ruhlari jasadlarida ekan, men ularni adashtirish, kufr va ma'siyatga boshlash harakatida bo'laman”. Alloh taolo aytdi: “Ey mal'un! Izzatim va jalolimga qasam. Bandalarim Meni zikr qilishda va Mendan istig'for so'rashda bardavom bo'lar ekan, Men ham ularni kechirishda davomli bo'laman».

Yana oyati karimada bunday deyiladi:

﴿قَالَ فَبِمَآ أَغۡوَيۡتَنِي لَأَقۡعُدَنَّ لَهُمۡ صِرَٰطَكَ ٱلۡمُسۡتَقِيمَ١٦ ثُمَّ لَأٓتِيَنَّهُم مِّنۢ بَيۡنِ أَيۡدِيهِمۡ وَمِنۡ خَلۡفِهِمۡ وَعَنۡ أَيۡمَٰنِهِمۡ وَعَن شَمَآئِلِهِمۡۖ وَلَا تَجِدُ أَكۡثَرَهُمۡ شَٰكِرِينَ١٧

«U (alamidan) dedi: “Qasamyod etaman, meni yanglishtirganing bois Sening To'g'ri yo'ling (Islom dini) uzra ularni (odamlarni chalg'itish) uchun o'tiraman. So'ngra, ularga oldilaridan, ortlaridan, o'ng tomonlaridan va so'l tomonlaridan (chalg'itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning ko'pchiligini shukr qiluvchi holda topmaysan”» (A'rof, 16–17).

Shaytoni la'in mo'min kishini shunday boshi berk ko'chalarga etaklar ekan, bundan saqlanishda qo'rg'on bo'luvchi narsalarni ham bilib olish maqsadga muvofiqdir.

Ka'bul Axbor (roziyallohu anhu) bunday deydi: “Mo'minlarga shaytondan himoyalanish uchun uchta qo'rg'on bor: masjid; Allohni zikr qilish; Qur'on o'qish”.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir kuni masjiddan chiqdilar. Qarasalar, eshik oldida shayton turibdi. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Seni masjid oldiga nima olib keldi, ey mal'un?!” dedilar. U: “Ey Muhammad! Meni Alloh yubordi”, dedi. “Nima uchun?” deb so'raganlarida, “Siz xohlagan masala haqida mendan so'ramog'ingiz uchun”, deb javob berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shaytondan birinchi so'raganlari namoz haqida bo'ldi:

– Ey Iblis! Nima uchun ummatimni jamoat bilan namoz o'qishdan qaytarasan?

– Agar ummatingiz namozga kelsa, men isitmalay boshlayman. Bu isitma ular tarqalgunicha mendan arimaydi.

– Nima uchun ummatimni Qur'on qiroatidan qaytarasan?

– Ular qiroat qilayotgan vaqtlarida men qo'rg'oshindek erib tugayman.

– Nima uchun ummatimni hajdan qaytarasan?

– Ular hajga borsa, bo'ynim va qo'l-oyoqlarimga zanjir solinadi. Agar ular sadaqa bersa, boshimga arra qo'yilib, o'tin arralangandek arralanaman”».

Hikoya qilinishicha, qadim zamonda Iblis (alayhila'na) odamlarga ko'rinar ekan. Shunda bir kishi unga: “Ey Abu Murra! Nima qilsam, sendek bo'laman?” debdi. U: “Senga voy bo'lsin! Biror kimsa mendan buni talab qilmagan edi, sen nima uchun buni so'rab qolding?” debdi. “Men seni yaxshi ko'raman”, debdi haligi kishi. Shunda shayton: “Agar menga o'xshashni xohlasang, namozga beparvo bo'l va yolg'ondan ham, rostdan ham qasam ichaver”, debdi. Keyin u kimsa: “Allohga qasam, endi hech namozni tark qilmayman va qasam ham ichmayman”, debdi. Iblis aytibdi: “Sendan o'zga biror kimsa hiyla bilan mendan nasihat olmagan edi. Endi biror kimsaga nasihat qilmayman”.

Donishmandlar aytgan ekan: “Kim oriflardan bo'lishni va shaytondan qutulishni istasa, to'rt narsani bilib olishi lozim: Iblis va u xohlagan narsani; nafs va uning xohishini; havoyi xohish va u istagan narsani; dunyo va uning xohishini. Iblis dining ketishini va o'zi bilan birga abadiy do'zaxda qolishingni xohlaydi. Nafs esa, gunohlarni va ibodatni tark etishingni istaydi. Havoyi xohish shahvatlarni va ijtihod tarkini istaydi. Dunyo esa dunyo ishlarini oxirat amallaridan afzal ko'rishingni xohlaydi. Kim bu narsalarni bilib olsa, oriflardan bo'ladi. Kim shaytonga itoat qilsa, shayton kabi do'zaxda abadiy qoladi. Kim nafsga itoat qilsa, ma'lum muddat azoblanadi. Kim havoi xohishga ergashsa, hisobi qattiq bo'ladi. Kim dunyoga itoat qilsa, dunyoyu oxiratda hasratda qoladi”.

Junayd Bag'dodiy aytadi: “Banda bilan Alloh o'rtasida to'rt dengiz bor, ularni kechib o'tmaguncha Alloh roziligiga etishib bo'lmaydi. Biri – dunyo, uning kemasi zuhddir; ikkinchisi – xalq, uning kemasi uzlatdir; uchinchisi – iblis, uning kemasi dushmanligini bilib, undan saqlanishdir; to'rtinchisi – nafsdir, uning kemasi tilaganini bermaslikdir”.

Shayton insonga har xil tomondan va har ko'rinishda kelishi mumkin. U xohlagan narsaning suratiga kira oladi. Mo'min kishi shayton va uning zurriyotlari yomonligidan hamisha panoh tilab yurishi lozim.

Umar (roziyallohu anhu) aytdi: “Shayton zurriyoti to'qqiztadir: Zalitun, Vasiyn, Laqus, A'von, Haffof, Murra, Musavvit, Dosim, Valhon.

Zalitun bozordagi holatlarda insonlarni yo'ldan uradi. Vasiyn musibat chog'i vasvasa qiladi. A'von saltanat ishida sultonga vasvasa qiladi. Haffof mast qiluvchi ichimlik ichganda yo'liga soladi. Murra surnay chalganda sheriklik qiladi. Laqus o't-olovda sheriklik qiladi. Musavvit tarqatgan puch xabarlarni insonlar og'izdan-og'izga olib yurishadi, aslida u xabarning asli bo'lmaydi. Dosim kishi uyiga kirsa, salom ham berdirmaydi, Alloh ismini ham zikr ettirmaydi. Odamlar orasiga nizo solib taloq, janjal, urush kabilarni keltirib chiqaradi. Valhon tahorat, namoz va boshqa ibodatlarda vasvasa qiladi”.Shaytonga ergashish xorlik va faqirlikdan boshqa narsaga olib bormaydi. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿ٱلشَّيۡطَٰنُ يَعِدُكُمُ ٱلۡفَقۡرَ وَيَأۡمُرُكُم بِٱلۡفَحۡشَآءِۖ وَٱللَّهُ يَعِدُكُم مَّغۡفِرَةٗ مِّنۡهُ وَفَضۡلٗاۗ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٞ٢٦٨

«Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag'al bo'lib qolishdan qo'rqitadi va fahsh ishlarga undaydi. Alloh (esa) sizlarga O'zidan mag'firat va fazl (boylik) va'da qiladi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara, 268).

Shayton insonga dushmanligi tufayli uni Alloh yo'lida ehson-sadaqalar qilishdan qaytaradi va shuning bilan birga uni yomonlik, fahsh va gunoh ishlarga pul, boylik sarflashga buyuradi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Bu oyatda ikki narsa Allohdan va ikki narsa shaytondandir” (“Tafsiri Qurtubiy”, 2-jild, 214-b.). Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shayton odam bolasiga hamrohlik qiladi va farishta ham odam bolasiga hamrohlik qiladi. Shaytonning hamrohligi yomonlikka undash va haqiqatni inkor etishdir. Farishtaning hamrohligi yaxshilikka undash va haqiqatni tasdiqlashdir. Kim bunga yo'liqsa, uni Allohdan deb bilsin va kim boshqasini ko'rsa, shaytondan panoh tilasin”, dedilar va Baqara surasi 268-oyatni o'qidilar» (Imom Termiziy), (“Tafsiri Qurtubiy”, 2-jild, 214-b.).

Naqqosh aytadi: “Oyatdan ma'lum bo'ladi, faqirlik boylikdan afzaldir. Chunki shayton insonni ehson qilsang, kambag'al bo'lib qolasan, deb (boylarni) qo'rqitadi” (“Tafsiri Qurtubiy”, 2-jild, 215-b.). Ibn Atiyya aytadi: “Oyatda faqir bo'lib qolishga qat'iy hujjat yo'q, balki faqirlikka qarshi kuchli dalil bor” (“Tafsiri Qurtubiy”, 2-jild, 215-b.).

Rivoyat qilinishicha, Tavrotda bunday deyilgan: “Bandam, mening rizqimdan infoq qil, senga kengchilikni in'om etaman, chunki Men saxiylarning saxiyiman”. Bu so'zning tasdig'i Qur'oni karimda ham zikr qilingan:

﴿قُلۡ إِنَّ رَبِّي يَبۡسُطُ ٱلرِّزۡقَ لِمَن يَشَآءُ مِنۡ عِبَادِهِۦ وَيَقۡدِرُ لَهُۥۚ وَمَآ أَنفَقۡتُم مِّن شَيۡءٖ فَهُوَ يُخۡلِفُهُۥۖ وَهُوَ خَيۡرُ ٱلرَّٰزِقِينَ٣٩

«Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O'zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir”» (Saba', 39), (“Tafsiri Qurtubiy”, 2-jild, 215-b.).

Inson kim do'stu, kim dushman ekanini aniq bilib olishi lozim. Oyati karimada:

﴿إِنَّ ٱلشَّيۡطَٰنَ لَكُمۡ عَدُوّٞ فَٱتَّخِذُوهُ عَدُوًّاۚ إِنَّمَا يَدۡعُواْ حِزۡبَهُۥ لِيَكُونُواْ مِنۡ أَصۡحَٰبِ ٱلسَّعِيرِ٦

«Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tuting! U o'z firqasini (o'ziga ergashganlarni) do'zax ahli bo'lishga da'vat qilur» (Fotir, 6), deyilgan.

Ikrima (roziyallohu anhu) aytadi: «Bir kishi odamlarning bir daraxtga qarab ibodat qilayotganini ko'rib qoldi va qattiq g'azablandi. Daraxtni chopib tashlash uchun qo'lida bolta bilan yo'lga tushdi. Shunda unga shayton odam suratida yo'liqib: “Qayerga ketyapsan?” dedi. U: “Odamlar sig'inayotgan daraxt oldiga. Allohga qasam, uni kesib tashlayman”, dedi. Shaytoni la'in: “Daraxt bilan nima ishing bor. Uni o'z holicha qoldir”, dedi. Haligi kishi ko'nmagach, ikkalasi olisha ketdi. Kishi shaytonni uch marta yi­qitdi. Shayton engilgach: “Uyingga qaytsang, senga har kuni to'rt dirhamdan berib turaman”, dedi. Kishi rozi bo'lib, qaytib ketdi. U bir necha kun davomida ko'rpasi ostidan to'rt dirhamdan pul topdi. So'ngra pul ko'rinmay qoldi. Shunda yana boltani olib, eshagiga mindi va daraxtga qarab yo'l oldi. Shayton unga oldingi suratida ko'rinib: “Qayerga ketyapsan?”, dedi. “Anavi daraxtni chopib tashlash uchun ketyapman”, dedi avvalgidek. Shayton: “Bu sening qo'lingdan kelmaydi”, dedi. Yana ikkalovi urishdi. Bu safar shayton uni uch marta yiqitdi. Kishi ajablanib: “Qanday qilib sen meni yiqitding, axir oldin seni osonlikcha yiqitgan edim-ku?!” dedi. Unga javoban shayton: “Sen avval Alloh uchun chiqqan eding, agar barcha yordamchilarim yig'ilganida ham seni enga olishmasdi. Ammo bu gal ko'rpachang ostidan topa olmaganing dirhamlar uchun chiqding. Shu sababli seni osongina yiqitdim. Bas, sen bu yo'lingdan qayt. Agar qaytmasang, kallangni olaman”, dedi. Kishi uyiga qaytib ketdi».

Muhammad ibn Duriy aytadi: “Shayton (ya'ni, Iblis) besh narsa sababli baxtsiz bo'ldi: gunohlariga iqror bo'lmagani sababli; nadomat qilmagani sababli; nafsiga malomat qilmagani sababli; tavbaga qasd etmagani sababli; Alloh taolo rahmatidan noumid bo'lgani sababli”.

Alloh taolo barchamizni shaytonning yomonligidan asrasin, omin!

 

Shaytonning adovati

Alloh taolo aytadi:

﴿۞يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَتَّبِعُواْ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِۚ وَمَن يَتَّبِعۡ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِ فَإِنَّهُۥ يَأۡمُرُ بِٱلۡفَحۡشَآءِ وَٱلۡمُنكَرِۚ وَلَوۡلَا فَضۡلُ ٱللَّهِ عَلَيۡكُمۡ وَرَحۡمَتُهُۥ مَا زَكَىٰ مِنكُم مِّنۡ أَحَدٍ أَبَدٗا وَلَٰكِنَّ ٱللَّهَ يُزَكِّي مَن يَشَآءُۗ وَٱللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٞ٢١

«Ey imon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganda edi, sizlardan biror kishi (tuhmatdan) pok bo'lmas edi. Lekin Alloh o'zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshituvchi va biluvchidir» (Nur, 21).

Shaqiq ibn Balxiydan rivoyat qilinadi: «Ibrohim ibn Adham Basra bozorlarida yurganida u kishining atrofida odamlar to'planib: “Ey Ibrohim! Alloh taolo: “Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman”, degan. Ammo biz ancha vaqtdan beri duo qilamiz-u Alloh duolarimizni ijobat qilmayapti”, deyishdi. Shunda Ibrohim ibn Adham quyidagicha javob berdi: “Ey Basra ahli! Qalblaringiz o'n narsa sababli o'lgan, endi qanday qilib Alloh duolaringizni ijobat etsin?! Birinchisi, Allohni taniysizlar-u, haqini ado qilmaysizlar. Ikkinchisi, Qur'oni karimni o'qiysizlar, lekin unga amal qilmaysizlar. Uchinchisi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko'rishni da'vo qilasizlar-u, u kishining sunnatlarini tark etasizlar. To'rtinchisi, shaytonga dushmanlikni da'vo qilasizlar, ammo unga itoatdasizlar. Beshinchisi, jannatga kirishni xohlaysizlar, le­kin buning uchun amal qilmaysizlar. Oltinchisi, do'zaxdan najot topishni da'vo qilasizlar-u, o'zlaringizni unga otasizlar. Yettinchisi, “Albatta o'lim haq” deysizlar, biroq unga hozirlik ko'rmaysizlar. Sakkizinchisi, birodarlaringiz ayblari bilan shug'ullanib, o'zlaringizning ayblaringizni ko'rmaysizlar. To'qqizinchisi, Parvardigoringiz ne'matlarini eb, Unga shukr qilmaysizlar. O'ninchisi, marhumlarni dafn qilasizlar-u, o'limlardan ibrat olmaysizlar”».

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni la'nati shaytondan: “Ummatimdan do'stlaring qancha?” deb so'raganlarida, shayton: “Ular o'n nafardir: zolim imom; mutakabbir inson; molni qayerdan topib, qayerga sarflayotganiga e'tibor bermaydigan boy; amirlar zulmini tasdiqlovchi olim; xiyonatchi savdogar; molni arzonligida olib, qimmatlashganida sotuvchi; zinokor; sudxo'r; molni o'rniga sarflamaydigan baxil kishi; aroq ichuvchi”, dedi».

Habarlarda kelishicha, namoz vaqti bo'lganida la'nati iblis lashkarlariga odamlar oldiga borib, ularni namozdan chalg'itishga buyuradi. Shaytonlar namoz o'qishni xohlab turgan odamlar oldiga kelib, ularni vasvasa qiladi, hatto namoz vaqti o'tib ketganini sezmay qolishadi. Agar bunga qodir bo'lmasa, namozda ruku, sajda, qiroat va tasbehlarni to'kis qilishga xalaqit beradi. Agar buni uddalay olmasa, ularning qalbini dunyoviy ishlar bilan mashg'ul qilib qo'yadi. Bularning barchasiga qodir bo'lmagach, xastalanib, umidsizlangan holda qaytib ketadi. Iblis esa bu shaytonning qo'l-oyog'ini bog'latib, dengizga uloqtirg'izadi. Bordi-yu bu ishlardan birortasini eplasa, uni izzat-ikrom qiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “Odam bolasi uchun shaytondan bir vakil, farishtadan bir vakil bo'lib, shaytonning vakili yomonlik va yolg'onga, farishtaning vakili esa yaxshilik va rostlikka chaqiradi. Kim buni sezsa, Alloh tarafidan ekanini bilsin va Unga hamd aytsin. Kim avvalgisini sezsa, toshbo'ron qilingan shaytondan panoh tilasin”. Farishta ham, shayton ham inson qalbini to'lqinlantiradi. Faqat farish­taniki ilhom, shaytonniki vasvasa deyiladi.

Abu Lays Samarqandiy aytadi: “Bilgil, sening to'rtta dushmaning bo'lib, ularning har biri bilan kurashishga muhtojsan. Birinchisi dunyodir. Zero, Alloh: “Dunyo hayoti sizlarni aldab qo'ymasin” (Luqmon, 33), degan. Ikkinchisi nafsing, u dushmanlarning eng yomonidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Dushmanlaringning eng yomoni o'z nafsingdir”, deganlar. So'ngra jinlardan bo'lgan shaytondir, Allohdan uning yomonligidan panoh berishini so'ra. Zero, Qur'oni karimda: “Albatta, u (shayton) sizlar uchun ochiq-oydin dushmandir” (Yosin, 60), deyilgan. To'rtinchisi, odamlardan bo'lgan shaytonlardir, ulardan ehtiyot bo'l. Chunki u jinlardan bo'lgan shaytondan ham qo'rqinchliroqdir. Jinlardan bo'lgan shaytonlar faqat vasvasa bilan adashtirsa, odamlardan bo'lgan shaytonlar yuzma-yuz turib adashtiradi”.

Hotamul Asom aytdi: «Har kuni ertalab mendan shayton bunday deb so'raydi: “Nima kiyasan? Nima eysan? Qayerda turasan?” Men unga bunday javob beraman: “O'limni eyman. Kafanni kiyaman. Qabrda turaman”».

Ali (karramallohu vajhahu) aytdi: “Olti xislatga ega kishida jannatdan mahrum bo'lish va do'zaxga kirib qolish xavfi bo'lmaydi:

  1. Allohni tanib, unga itoat qilsa.
  2. Shaytonni tanib, unga osiy bo'lsa.
  3. Oxiratni tanib, uni izlasa.
  4. Dunyoni tanib, uni tark etsa.
  5. Haqni tanib, unga ergashsa.
  6. Nohaqni tanib, undan chetlashsa”.

Vahb ibn Munabbih aytadi: “Alloh taolo shaytonga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga borib, u kishining savollariga javob berishni buyurdi. Shayton hassali chol ko'rinishida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga keldi. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Sen kimsan?” deb so'radilar. “Shaytonman”, dedi u. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Nima uchun kelding?” deb so'radilar. “Alloh meni savollaringizga javob berish uchun yubordi”, deb javob qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey iblis, ummatimdan sening nechta dushmaning bor?” deb so'radilar. Shayton quyidagicha javob berdi: “O'n beshta. Siz ularning eng birinchisisiz. So'ng odil boshliq, kamtar boy, rostgo'y savdogar, namozlarini xushu bilan o'qiydigan olim, nasihat qiluvchi mo'min, rahmdil mo'min, tavbasida sobit turuvchi, haromdan taqvo qiluvchi, doimiy tahoratda bo'luvchi mo'min, ko'p sadaqa qiluvchi, xulqi chiroyli mo'min, odamlarga foydasi teguvchi, Qur'onni yodlab, uni qiroat qiluvchi kishi va odamlar uxlayotganida kechalari turib, namoz o'quvchi”.

 

KYeYINGI MAVZU:

Shaytondan panohlanish;

Noumid – shayton;

Insonlardan behojat bo'lish;

Omonatga xiyonat qilmaslik;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

Alloh Rasululloh ﷺ ga o‘rgatgan duoni bilasizmi?

24.12.2024   528   1 min.
Alloh Rasululloh ﷺ ga o‘rgatgan duoni bilasizmi?

Videolavhalar