Iymonning har bir musulmonda darajasi bordir. Kitoblarda imonning darajasi, quvvati va nurining ortib borishi bahs mavzusi bo'lib kelgan.
Iymonning ilk bosqichi insonning kalimai shahodat keltirib, musulmon bo'lishidir. Bu faqat musulmon bo'lishiga kifoyadir, ya'ni ishning boshi, oxiri emas... Oyati karimada aytiladiki, Bismillahir rohmanir rohiym:
قَالَتِ الْأَعْرَابُ آمَنَّا قُل لَّمْ تُؤْمِنُوا وَلَكِن قُولُوا أَسْلَمْنَا وَلَمَّا يَدْخُلِ الْإِيمَانُ فِي قُلُوبِكُمْ... (سورة الحجرات:14)
Qolatil a'robu omanno. qul lam tu'mino' va lokin qo'luv aslamno valammo yadxulul imonu fi qulubikum («Al-hujurot»,14.) A'robiylar: «Iymon keltirdik», dedilar. /Ey Muhammad, ularga/ ayting: «Sizlar iymon keltirganlaringiz yo'q lekin sizlar «Bo'yinso'ndik», denglar, /chunki hali-hanuz/ iymon dillaringizga kirgan emasdir».
Ma'lum bo'ladiki, Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzuriga kelib, «musulmonmiz» degan insonlarning ba'zisi noqis iymonli, ba'zisi hanuz shubhayu gumonda, ba'zisi munofiqlar toifasidan ekan.
Uning uchun mo''minlar «Allazina yo''minuna bilg'aybi» deya iymon bilan madh etilgandirlar.
Faqat bu iymon turli vositalar bilan asta-sekin quvvatlanadi. Bu nuqtadan so'ngra insonlarning Allohga bo'lgan bog'liqligi, turli sabablar bilan – bu sabablarga biroz keyinroq to'xtalaman – «ilmal yaqin»dan «aynal yaqin»ga, «aynal yaqin»dan «haqqal yaqin»ga tomon boradi va kishi oqibatda «ehson» maqomiga erishadi. «Ehson» maqomi bilasizki, oyati karimalarda va hadisi shariflarda bildiriladi. Hadisi sharifda:
الاحسان ان تعبد الله کأنک تراه فان لم تکن تراه فانه يراک (خ. عن ابی هريرة)
Al ehsonu an ta'budalloha kaannaka tarohu fain lam takun tarohu fainnahu yaroka – «Ehson Allohni ko'rgan kabi unga ibodat qilmoqlikdir, garchi sen Allohni ko'rmasang ham u har erda hoziru nozirdir, Alloh seni ko'rib turadi», – deb Jabroil alayhissalom Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xabar beradi. Insonning oqibatda bu «ehson» maqomiga etishishi asos qilib olinadi.
Bir musulmon uchun Allohni bilishda bu jihatlar juda unumli, ahamiyatlidir. Bularga urg'u bermoq istayman. Ahamiyatiga e'tibor berishingizni xohlayman. Bir musulmonning Alloh haqidagi quruq bilimi kifoya emas. Faqat «asmoi husno»sini bilishi, Qur'on o'qishi, bu bilimlarni miyasiga joylashtirishi kifoya emas. Bu bilimni sharqshunoslar ham, Shayton ham juda yaxshi biladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga zamondosh bo'lgan yahudiylar va nasroniylar u zoti sharifning dunyoga kelishlarini kutayotgan edilar. Haq payg'ambar bo'lganini /kamo ya'rifuna abnoahum /o'z avlodlarini bilgan kabi bilar edilar. Biroq, faqat bilganlari ularni mushriklikdan qutqargan emas. Bilishning o'zi kifoya qilmaydi... Nima qilishi kerak?... Alloh ma'rifatining inson botinida haqiqiy bir bilim holiga aylanishi uchun banda, Allohning sevgi va rizoligini qozonadigan bir holatga kelishi kerak. Alloh bir qulni sevmasa, unga hidoyat baxsh etmaydi. Masalan:
وَاللّهُ لاَ يُحِبُّ الظَّالِمِينَ... (سورة آل عمران: 57)
Vallohu lo yuhibbuz-zolimin / «Oli imron» /57./ – «Alloh zolimlarni sevmaydi», – deb buyuriladi. Shuning uchun:
...وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ (سورة التوبة: 109)
Vallohu lo yahdil qavmaz zolimina «At-tavba»,109./ – «Alloh zolim qavmlarni hidoyat etmas», – deb buyuriladi.
Qul Allohga itoat etmasa, osiy bo'lsa, u paytda ham hidoyat bermaydi.
...وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ (سورة التوبة: 80)
Vallohu lo yahdal qavmal fosiqina «At-tavba»,80./ – «Alloh fosiq qavmga hidoyat bermaydi». Shunga binoan zulm, isyon, gunohlarni tark etadi, obid va Allohga itoatkor bir qul bo'ladi va bunga chuqur ixlos bilan harakat etadi.
Allohu taolo qullariga taqvo bilan harakat qilishlarini, taqvoga amal qilishni amr qiladi:
...وَاتَّقُواْاللّهَ وَيُعَلِّمُكُمُ اللّهُ... (سورة البقرة:282)
Vattaqulloha va yuallimukumulloh/ «Al-baqara»,282./ – «Allohdan qo'rqingiz! Alloh sizlarga /haq-hidoyat yo'lini/ bildiradi».
...وَاتَّقُواْ اللّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (سورة: 200)
Vattaqulloha la'allakum tuflihun / «Oli imron»200./ – «Va Allohdan qo'rqingizkim, /shunda/ shoyad najot topgaysizlar!» Ya'ni, Alloh ma'rifati bir insonga etishi, muyassar bo'lishi uchun bu insonning o'zi taqvo ahlidan bo'lishi lozim!... Bilimni insonga Alloh beradi. Shu berishi uchun taqvo lozim!.. Shuning uchun taqvoga juda katta ahamiyat beriladi.
Keyin nafsni isloh etishi va go'zal axloqqa ega bo'lish kerakdir. Qur'oni Karimda buyuriladiki:
قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّاهَا 9 وَقَدْ خَابَ مَن دَسَّاهَا 10 (سورة الشمس:90-10)
Qad aflaha man zakkoha va qad xoba man dassoho /»Ash-shams»9-10./ - «Darhaqiqat uni /ya'ni o'z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan/ poklagan kishi najot topdi. Va u /jonni fisq-fujur bilan/ ko'mib xorlagan kimsa nomurod bo'ladi». Shunga binoan nafsini ham isloh qilishi kerak.
Inson qalbini poklashi kerak. Allohu Taolo insonning suratiga, shakliga, mavqe-maqomiga, moddiy tuzilishiga e'tibor bermaydi. Qalbiga, amallariga, niyatlariga qarab baho beradi. Shuning uchun insonning qalbini poklashi muhimdir.
Albatta, bu erda juda katta bir masala bor... Suhbatimiz oxirlab qoldi, vaqtimiz ham tugadi. Lekin masalaning asosiy, jon tomir nuqtasi budir: Ajabo, bir inson taqvoga, ixlosga qanday ega bo'ladi, nafsini qanday isloh qiladi, qalbini qanday poklaydi, axloqini qanday go'zallashtiradi? Eng muhim bo'lgan nuqta – ana shu!
"Islom va axloq" kitobidan olindi
- 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).
Nazmiy bayoni:
Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.
Lug‘atlar izohi:
تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.
الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.
بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.
نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.
نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي
لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ
وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ
تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ
Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,
Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.
Ularning it misol ochligin bildik,
Biror qism yutiming kutishar har on.
يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.
وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.
ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.
الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].
Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.
Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.
Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:
– O‘ng tarafdan beriladi;
– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.
O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:
1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;
2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.
Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:
“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].
So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:
Bilur garchi jami’i holimizni,
Yuborur nomayi a’molimizni.
* * *
Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,
Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.
* * *
Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz
Suyunganidin qilur ul banda ovoz.
* * *
O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq
Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.
Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.
Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:
“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].
Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:
“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].
Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.
“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].
Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.
Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz