O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi imom-xatiblar muborak ramazon oyida katta xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Ramazon oyining ilk xaftasida imom-xatiblar saxovatpesha insonlar va homiylarni jalb qilgan holda, aholimizning boquvchisini yo'qotgan, imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan oilalarga jami 1 989 120 504 (bir milliard to'qqiz yuz sakson to'qqiz million besh yuz to'rt) so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim kechak va zarur ro'zg'or anjomlarini ehtiyojmand oilalarga tarqatishdi.
Televideniye va radioda 80 ga yaqin ko'rsatuv va eshittirishlarda Ramazoni sharif fazilati va boshqa dolzarb mavzularda chiqishlar qilishdi. Internet sayti va ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzularda 400 ga yaqin video roliklari qo'yildi. Yoshlar ta'lim tarbiyasi va turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolishning oldini olish maqsadida 100 dan ziyod ma'ruzali chiqishlar amalga oshirildi.
Alloh taolo imomlarimizning qilayotgan xayrli amallariga ko'makchi bo'lsin, ehtiyojmand insonlarga qilinayotgan xayrli ishlarning fayzini bundanda ziyoda aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilm – insoniyatni zulmatdan nurga eltuvchi bebaho ne’mat. Tolibi ilmning Alloh huzuridagi martabasi har qanday boylik va dunyoviy ne’matlardan yuksak ekani shubhasiz. Ushbu satrlarni yozishdan maqsad ilmning qadrini bayon qilish emas, balki yuragimni larzaga keltirgan bir haqiqatni siz bilan o‘rtoqlashishdir.
Madrasani bitirgan ikki do‘stim bor – har jihatdan solih, taqvodor, ixlos bilan ilm talab qilgan yigitlar. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlarni nikohga targ‘ib qilgan hadislariga labbay deb, hayotdagi eng go‘zal qadam – oilaviy hayot sari intilishdi.
O‘zlariga munosib turmush o‘rtoq izlashga kirishganlarida, men ichimda shunday o‘yladim: “Kim o‘z qiziga mana shunday fazilatli yigitni orzu qilmaydi? Kim solih yigitga yo‘q deya oladi?”.
Lekin hayotning mezonlari boshqacha ekan.
Qizning ota-onalari avvalo yigitning qalbini, imonini, taqvosini emas, balki uning moddiy imkoniyatlarini o‘lchay boshlashdi: “Talaba yigit ekan, qizimni qanday boqadi? Qayerda yashaydi? Mashinasi bormi?”.
Ha, bu dunyo sinov bilan to‘la… Farzandining to‘kin hayotda yashashini istagan ota-onani ham tushunsa bo‘ladi, ammo ular rizqni beruvchi Alloh ekanligini unutishdi. Ular tolibi ilm – dunyodagi eng afzal insonlardan sanalishini esdan chiqardilar.
Bu sinovdan qalblari ezilgan do‘stlarimga dalda bo‘lish uchun shuni aytmoqchiman: “Sizlar rad etilmadingiz, Alloh sizlarga hali zohir bo‘lmagan bebaho marjonlarini tayyorlab qo‘ygan. Balki sizlar uchun bu kechikish – Allohning rahmati, hayotingizga eng munosib, eng go‘zal insonni olib kelish uchun bitilgan taqdir yo‘lidir. Unutmang, dunyo sinov, ammo har bir sinov ortida bir hikmat bor”.
Fotih MURRI