Muallo ibn Fazl aytadilar: "Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga etkazishini so'rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so'rardilar".
Sahobai kiromlar Ramazon oyi kirib kelishi bilan juda ham xursand bo'lar va o'zlaridagi shodu xurramlikni zohir qilishar edi.
Zubayd Yomiy roziyallohu anhu sahobai kiromlarni jamlab, Qur'on tilovat qilish va uni bir martabadan ko'p xatm qilish borasida musobaqalashar edilar.
Sufyoni Savriy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kirishi bilan boshqa ishlarni quyib, Qur'on tilovati bilan mashg'ul bo'lar edilar.
Imom Molik rahimahulloh Ramazon oyi kirishi bilan hadis aytish va ilm majlisidan uzulib, mushafdan Qur'on tilovatiga kirishardilar.
Alloma Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh aytadilar: "Imom Shofe'iy rahimahulloh Ramazon oyida namozdan tashqari oltmishta xatm qilardilar".
Imom Zuhriy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kirsa: "Albatta bu oy Qur'on tilovat qilish va miskinlarga taom ulashish oyidir", deb aytardilar.
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayh Ramazon oyida har kuni kunduzi bitta xatm, Ramazondan so'ng esa har uch kunda xatm qilar edilar.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kelishi bilan o'zlariga vazifa qilib olgan virdlarini to'xtatib, Qur'on tilovat qilish bilan mashg'ul bo'lardilar.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: "Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o'qib bo'lingandan so'ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi".
Alloh taolo bu muborak oyni barcha musulmonlar uchun manfaatli qilib, bu oydan ulkan ajr-savoblar bilan chiqishimizni muyassar aylasin.
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi