Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

16.04.2021 y. Imom Buxoriy buyuk alloma

15.04.2021   6003   12 min.
16.04.2021 y. Imom Buxoriy buyuk alloma

     بسم الله الرحمن الرحيم

IMOM BUHORIY BUYuK ALLOMA

Hurmatli jamoat! Muhtaram Prezidentimiz kuni kecha, 15 aprel' kuni Samarqand viloyatiga tashriflari chog'ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo'ldilar. Davlatimiz Rahbari Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' bobokalonimizning olamshumul dovruqlariga mos va arzigulik qadamjosining yangi loyihasi bilan tanishdilar. Tadbirda hozir bo'lgan oqsoqollar, ulamolar, tuman va shahar deputatlari, jamoatchilik vakillarining fikrlarini eshitdilar va yangi majmua qurilishi boshlanganini e'lon qildilar.

Yangi yodgorlik majmuasida soni tobora oshib borayotgan milliy va xorijiy ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjidning ichki sahnining o'zi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha o'n ming musulmon bir vaqtning o'zida namoz o'qishi mumkin bo'ladi. Hazrat Imom Buxoriy qabrlarini ziyorat qilish sharoitlari ham yaxshilanadi.

Ushbu buyuk inson xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni va xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshiriladigan majmuaga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshining qo'yilishi Yaratgan Parvardigorimizning ushbu ezgu ishlarni qo'llab-quvvatlashiga umid bog'lashga imkon beradi.

Majmuaning to'rt burchagiga quriladigan minoralarning balandligi etmish metrdan ziyod bo'lib, inshoalloh, tez fursatlarda ulardan taraladigan ibodatga chaqiriq uzoq-uzoqlarga eshitiladigan bo'ladi.

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, muhaddislar sultoni, deya e'tirof etilgan Imom Buxoriy hazratlarining qo'nim topgan joylarini obod etilishi bejiz emas, albatta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining «tabibi», nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish “Sahihi Buxoriy” nomli hadislar to'plamini tuzgan bu ulug' alloma, dunyo imomi, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma'lumdir.

Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

نَضَّرَ اللهُ امرأً سمِعَ مَقَالَتِي فَوَعَاهَا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَهُ

(رواه الإمام الترمذي عن عبدالله بن مسعود رضي الله عنه)

ya'ni: "Mening gapimni eshitib, yodlab, so'ngra qanday eshitgan bo'lsa, ana shunday etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bu buyuk zot Movarounnahrning eng ko'hna va go'zal shaharlaridan bo'lmish Buxoroi sharifda, hijriy 194 yil Ramazon oyining 13-sanada, juma kuni tavallud topdilar. Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o'zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg'iz o'tirib, qo'lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o'tirgan holda ko'rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta'lim beruvchi va kitob ta'lif qiluvchi maqomida o'tardi.

Bularning guvohi bo'lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo'lib, bir uyda tunashga to'g'ri keldi. O'shanda shuning guvohi bo'ldimki, u kishi bir kechaning o'zida o'n besh martadan yigirma martagacha uyg'onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog'ini yoqar, to'plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo'yar edi. So'ng chiroqni o'chirib, boshini yostiqqa qo'yar edi”.

Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o'tkirligi tillarda doston bo'lib ketgan edi. U kishi o'zlarining shoh asarlari bo'lmish “Jomeus-sahih” ta'lif qilish oldidan jami olti yuz ming, shundan yuz ming sahih va ikki yuz ming sahih bo'lmagan hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo'lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo'lgan edilar.

Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Imom Buxoriy hazratlari jisman nozik, ozg'in, o'rta bo'yli, nafsini bir maromda ushlagan, taomni juda kam iste'mol qiladigan fazilatli, tamkinli insonlardan edilar. U kishining zuhdi-qanoati va taqvosi hammaga ibrat edi. Imom Buxoriy nafs riyozati, to'g'rilik va halollik bilan ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo'lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og'ir damlarida ham birovdan bir narsa so'ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg'aytirmas edilar.

Imom Buxoriy go'zal xulqli, hamma yoqtiradigan odam bo'lganlar. Muhammad ibn Abu Hotimning aytishicha, Imom Buxoriy bunday deganlar: “G'iybatning haromligini bilganimdan buyon biror kishini g'iybat qilmadim. Allohga ro'baro' bo'lganimda biror kishini g'iybat qilmaganim haqida meni hisob-kitob qilmasligidan umid qilaman”.

Imom Buxoriyning Alloh taologa bo'lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko'rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a'zolari bilan xushu'-xuzu'da, ixlos bilan Allohning O'ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur'oni karimni tilovat qilardilar. Alloh taologa duolari ijobat edi. Imom Buxoriy hazratlari o'zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo'laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Hatib Bag'dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O'n sakkiz yoshga etganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O'sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”.

 

Muhtaram jamoat! Alloh taolo O'zining kalomida shunday marhamat qiladi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ

ya'ni: "Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur" (Mujodala surasi 11-oyat).

Darhaqiqat, bobomiz Imom Buxoriy raxmatullohi alayhni butun Islom olami “Amirul mo'minin fil hadis” – “hadis ilmida mo''minlarning amiri”, “Shayxul-islom” – “musulmonlarning ustozi” kabi unvonlari ham bor.

Buyuk mujtahid olim Imom Ahmad ibn Hanbal Imom Buxoriy haqlarida: «Hurosondan Muhammad ibn Ismoildek kishi chiqmagan», deganlar.

Muso ibn Horun Hammol esa: «Menimcha, Islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga o'xshash yana bir kishini etishtirmoqchi bo'lishsa, eplay olishmaydi», deganlar.

Amr ibn Alining asxoblari Imom Buxoriy bilan bir hadisni muzokara qilib qolishdi. U zot: «Bu hadisni bilmayman», dedilar. Ular bundan masrur bo'lib, ustozlari Amr ibn Aliyining oldiga yugurishdi va unga: «Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga bir hadis aytgan edik, bilmayman, dedi», deyishdi. Shunda Amr ibn Aliy: «Muhammad ibn Ismoil bilmaydigan hadis hadis emas», dedilar.

Salim ibn Mujohid: «Oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan ko'ra faqihroq, parhezkorroq va dunyoda zohidrok odamni ko'rmadim», deganlar. 

Imom Buxoriyning yana bir zamondoshi Yahyo ibn Ja'far aytadilar: «Agar qudratim etsa, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning umrini ziyoda qilar edim. Mening o'limim bir kishining o'limi bo'ladi. Muhammad ibn Ismoilning o'limi ilmning ketishidir».

Muhtaram jamoat! Habaringiz bor, Markaziy Osiyo davlatlari – O'zbekiston, Tojikiston hamda Afg'oniston o'rtasida diniy-ma'rifiy hamkorlikni yo'lga qo'yish va mustahkamlash maqsadida 2021 yil 15 martda Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining o'ziga xos xususiyatlari mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etildi.

Mazkur anjumanda O'zbekiston, Afg'oniston va Tojikistondan etuk ulamolar, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mintaqamiz mamlakatlarida azaldan o'rganib kelinayotgan Imom Buxoriy ilmiy merosining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, ushbu merosning o'ziga xos-xususiyatlarini bayon etish, afzalliklari va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoritish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g'oyalardan himoya qilish kabi masalalar muhokama etildi.

Ushbu xalqaro anjumanda so'zga chiqqan Afg'oniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy:

— ... O'zbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni g'oyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda an'analarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga etkazishdek ezgu orzu-umidlari ro'yobiga xizmat qilayotir. O'zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda.

Hulosa qilib aytish mumkinki, Ajdodimizning bu darajaga etishishlariga u zotning taqvolari, parhezkorliklari va amonatdorliklari kabi ko'plab fazilatli xislatlari sabab bo'lgan desak yanglishmagan bo'lamiz. Bunday zotlarni Alloh taolo Qur'oni karimda quyidagicha madh etgan:

لِلَّذِينَ أَحْسَنُوا فِي هَذِهِ الدُّنْيَا حَسَنَةٌ وَلَدَارُ الْآَخِرَةِ خَيْرٌ وَلَنِعْمَ دَارُ الْمُتَّقِينَ جَنَّاتُ عَدْنٍ يَدْخُلُونَهَا تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ لَهُمْ فِيهَا مَا يَشَاءُونَ كَذَلِكَ يَجْزِي اللَّهُ الْمُتَّقِينَ

ya'ni: "Bu dunyoda chiroyli ish qilganlar uchun chiroyli mukofot bo'lur. Lekin shubha yo'qki, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyorlari naqadar yaxshi! Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u erda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlagay" (Nahl surasi 30-31- oyatlar).

Darhaqiqat, Alloh taolo ilmda, zuhdda va taqvoda zamonasining peshqadami bo'lgan Imom Buxoriyni bu dunyoda nomlarini ulug' qildi. Umid qilamizki, Haq taolo Oxiratda ham u zotni ulkan darajotlar bilan mukofotlaydi.

Imom Buxoriy to'plagan hadislar insonga to'g'i yo'l tanlash, ota-onani hurmat qilish, halol, oqibatli, bag'rikeng bo'lish, Allohning buyruqlariga bo'ysunish kabi xislatlarga ega bo'lish imkonini beradi.

Biz ham ushbu buyuk ajdodimizga munosib avlod bo'lib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini o'rganishimiz, farzandlarimizga ta'lim berib, hayotimizga tatbiq etishimiz ham farz, ham qarzdir.

Ana shularni hisobga olib yurtboshimizning tashabbuslari bilan Hadis ilmi maktabi, Halqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi yaratildi. Mana endi, bir tomondan Imom Buxoriyning xizmatlari va o'zlariga mos yodgorlik majmuasi, ikkinchi tomonidan ziyoratchilar uchun barcha sharoitlarga ega bo'lgan maskan yaratilmoqda.

Alloh  taolo buyuk ajdodimiz Imom Buxoriyni O'z rahmatiga olib, farzandlarimizdan u zotga o'xshagan solih zurriyotlarni chiqishligini nasib etsin! U Zotni meroslarini o'rganish bo'yicha olib borilayotgan xayrli ishlarda O'zi madadkor bo'lsin! Omin!  

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   3834   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA