«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o'z yashash joyida) hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga engillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir» (Baqara, 185).
Dastlab ro'za tutish ma'lum kunlardagina farz bo'lgan edi. Muoz ibn Jabal, Ibn Abbos, Ibn Mas'ud (roziyallohu anhum) rivoyatiga ko'ra ro'za Islomning avvalida oldingi ummatlarning ro'zasi kabi har oyda uch kun tutilgan. Bu holat Nuh (alayhissalom) davrlaridan to Ramazon oyi ro'zasi farz qilinguncha davom etgan.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida har oy uch kun hamda ashuro kuni ro'za tutganlar. So'ng: "Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori etmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir" (Baqara, 183) oyati nozil bo'ldi.
O'shanda sog'lom va muqim kishi ixtiyorli bo'lib, xohlasa ro'za tutar, xohlamasa bir miskinga taom berardi. Salama ibn Akva'dan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: "Alloh taolo ro'za haqidagi oyatni (Baqara, 183)nozil qilganidan so'ng, bizlardan kim xohlasa, ro'za tutar, xohlamasa ro'zasi o'rniga bir miskinga taom berardi".
So'ngra: "Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o'z yashash joyida) hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin" oyati tushdi va musulmonlar uchun ro'za tutish qat'iy lozim bo'ldi.
Bu oyat nozil bo'lganida musulmonlar iftorlikdan to uyquga yotgungacha taomlanishlari mumkin edi.
Agar tunning bir qismida uyg'onsalar taom eyishlari va ahli bilan yaqinlik qilish mumkin emasdi.
Keyin bu oyat: "...Shuningdek, tonggacha, ya'ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha eb-ichaveringiz. So'ngra, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz!" (Baqara, 187) nozil bo'ldi va bandalar kechasi tong otgungacha eb-ichishi va boshqa muboh ishlarni qilishlari mumkin bo'ldi.
Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Odam bolasining hamma amali bir necha barobar oshiriladi: bitta yaxshilik o'n barobaridan etti yuz barobarigacha oshiriladi. Alloh taolo: "Ro'za unday emas. Ro'za Men uchundir. O'zim uning mukofotini beraman. Zero, Odam bolasi shahvati va taomini Men uchun tark qiladi", deb marhamat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: "Ro'zador uchun ikki quvonch bor: iftor qilganidagi bir quvonch, Parvardigoriga yo'liqqanida bir quvonch. Ro'zador og'zining hidi Alloh taolo uchun mushkning hididan ham yoqimliroqdir. Ro'za pardadir. Birortangiz ro'za tutsa, yomon gapirmasin va baqirib-chaqirmasin. Biror kishi uni so'ksa yoki urishsa, "Men ro'zadorman!" desin" (Muttafaqun alayh).
Ro'za ibodatlarning eng ulug'i, fazilatlisidir. Uning savobi faqat tutgan kishi uchundir, kamaytirilmaydi ham, boshqalarga olib berilmaydi ham. Alloh taolo bu oyni barchamiz uchun barakotli qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bir donishmanddan: “Xotirjamligingiz siri nimada?” deb so‘rashsa, u: “Allohni taniganimdan beri boshimga nimaiki kelsa, tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiyman. Yolvorib duo qilaman. Biror ishda ikkilansam, istixora namozini o‘qiyman. Hayotim shukr, sabr va duo bilan o‘tadi. Halovatim ham balki shundandir”, deb javob bergan ekan.
Ko‘pincha odamlar biror yutuqqa erishsa, buni harakatlarining mahsuli deb bilishadi. Biror musibat bilan sinalganida esa, o‘zgalarni ayblashadi. Alloh yozgan taqdirga isyon qiladi. Istaymizmi-yo‘qmi, qiyiinchiliklarda toblanmay, xato qilmay o‘rganish, mag‘lubiyat alamini totmay g‘olib bo‘lish qiyin. Taqdirga rozi bo‘lish chin mo‘minlikdir. Demak, mahzun paytda ham odob saqlash kerak. Zero, musibat ham xuddi shodlik singari Rabbimiz tarafidan beriladigan inoyatdir.
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
«Oyatdagi “yaxshi hayot” so‘zining ma’nosi faqirlik, kasallik, musibat kabi balo-ofatlardan xoli yashash emas, balki inson qalbining halovat topishi, Allohning qazo-qadariga rozi bo‘lishi, xotirjam yashashi deganidir. Bunday odamga xursandchilik yetsa, shukr qilib savob oladi. Agar musibat yetsa, sabr qilib, yaxshilikka erishadi.
Payg‘ambarlar qavmlarining ozorlaridan zohiran juda ko‘p qiyinchilik, mashaqqat tortgan bo‘lsalar-da, botinan qalblari iymonga limmo-lim to‘lib, Allohning hukmiga taslim bo‘lib, xotirjam hayot kechirishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Odamlar ichida ko‘p musibat ko‘rganlar payg‘ambarlardir. So‘ngra ulardan keyingilar, so‘ngra ulardan keyingilardir. Inson dini (mustahkamligi) miqdoricha sinaladi (musibatlanadi)” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, yaxshi hayot deganda faqat moddiy farovonlikni emas, iymon bilan yashashni tushunishimiz lozim. Zero, dunyo ne’matlari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, iymonsiz hayot mazmunsiz, rangsizdir.
Abdulatif ABDULLAYEV