Mo'min-musulmonlar intiqib kutgan Ramazon oyi ham kirib keldi. Yurtdoshlarimiz o'zgacha kayfiyat va shukuh bilan ushbu farz amalini ado etishmoqda. Ayniqsa, bu yilgi Ramazoni sharifda mamlakatimizdagi 1380 dan ortiq jome masjidlarida taroveh namozlari o'qilayotgani, Qur'oni karim xatm qilinayotgani barchamizning ko'nglimizni shod qilmoqda.
O'tgan yili mo'min-musulmonlar karonavirus pandemiyasi sabab taroveh namozlarini jamoat bo'lib o'qiy olmagan, xatmi Qur'on fazlidan bahramand bo'lolmagan edi. Bu gal esa Alloh taoloning inoyati bilan ana shunday baxtga sazovor bo'lmoqdamiz.
Afsuski, koronavirus xastaligi hali-hamon butunlay bartaraf bo'lgani yo'q. Shuning uchun namozxonlarimiz taroveh namozlarida karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishlari talab etilmoqda.
— Har oqshom masjidga chiqib, taroveh namozlarini chiroyli tarzda, hushu va zavq bilan ado etmoqdamiz, — deydi poytaxtimizning “Novza” mahallasida istiqomat qiluvchi Oybek ota Otajonov — Hamma tibbiy niqobda, salomatligimizga jiddiy e'tibor bermoqdamiz. Duolarimizda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, shu bilan birga jahonga tashvish solib turgan koronavirus kasalligi tezroq bartaraf bo'lishini Alloh taolodan iltijo bilan so'ramoqdamiz.
Yurtimiz masjidlaridagi qur'onxonliklar butun dunyo musulmonlarida havas va shodlik uyg'otmoqda. Ayniqsa, xorijda ishlab, o'qiyotgan vatandoshlarimiz bu haqda iliq fikrlarini izhor etishyapti.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xabarlarni o'qib juda xursand bo'ldim, — deydi Janubiy Koreyaning Puson shahridagi Dong-A universiteti talabasi Olmosjon Qodirov. — Hamma yurtdoshlarimga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Taroveh namozlari hamda xatmi Qur'on savoblaridan O'zbekistonimiz tinch, osuda, yanada ravnaq topaversin.
Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi ko'paytirib beriladi, duolari ijobat va gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qilganlar.
Ro'zadorlar mazkur damlarni g'animat bilib, muborak hadisi shariflarga amal qilib, har qachongidanda ezgu va xayrli ishlarga bosh qo'shmoqdalar. Hususan, nogironlar, yolg'iz keksalar, boquvchisini yo'qotgan kishilar hamda kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashilmoqda, bemorlar holidan xabar olinayapti.
Alloh taoloning rahmati va mag'firati yog'ilib turgan Ramazon oyida barchalarimizning duolarimiz qabul, murodimiz hosil bo'lsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi