facebook.com › posts. Musulmon olamida masjidlarning o'rni beqiyos. Ular nafaqat ibodat, balki ma'rifat, saxovat, axborot almashinuvi markazlari hamdir. E'tiboringizga dunyodagi eng yirik masjidlar ettiligini keltirib o'tamiz.
Masjid ul-harom. Makka, Saudiya Arabistoni
Eng ulkan, barcha musulmonlar talpinuvchi mo''tabar masjid. Umumiy sahni 400 ming kv. metr bo'lib, 1,1 million namozxonni sig'dira oladi. Bu ko'rsatkich haj mavsumida 4 million nafarga qadar ortadi. Ka'ba eshigi 280 kilogrammlik sof oltindan yasalgan. Har birining balandligi 90 metrdan ortiq to'qqizta minorasi, to'rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor.
Qur'oni Karimda «Masjidul harom» iborasi bir necha xil ma'noni anglatadi, gohida «haram» ma'nosida keladi. Makkai Mukarrama shahri atrofida belgilangan maxsus chegara bilan o'ralgan, shahar va uning atrofidagi muayyan joylarni o'z ichiga olgan mintaqadir. Bu hudud, Payg'ambarimizdan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Alloh taolo osmonlar-u erni yaratgan kunida harom qilingan. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir: daraxti kesilmaydi, o'simligi yulinmaydi, hayvonlari ovlanmaydi va bu erda urush qilib bo'lmaydi. Ichida va atrofida yomonliklar, shariatda ko'rsatilgan bir qancha ishlarni qilish harom bo'lgan masjiddir. Markaziy Osiyoda, xususan O'zbekistonda ham bir qator yirik masjidlar joylashgan. Jumladan, 2018 yil Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiya bilan hamkorlikda qurib bitkazilgan masjid bir vaqtda 20 ming namozxonni sig'dira oladi. Ostonadagi «Hazrat Sulton» masjidi esa 11 gektar hududda joylashgan bo'lib, umumiy maydoni 17 ming kvadrat metrdan ortiq, sig'imi 5 ming kishi.
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida joriy yil ishga tushishi kutilayotgan Markaziy Osiyoning eng yirik masjidi o'z bag'riga 120 ming kishini sig'diradi. Qatarlik homiylar ko'magida 2009 yildan buyon qurilayotgan bu masjid bitganidan so'ng dunyo etakchilari safidan joy ola biladi.
«Hazrati imom» majmuasi O'zbekistondagi eng yirik masjid hisoblanadi, Andijon viloyati Asaka tumanidagi «Holid ibn Valid» masjidi ham yirik masjidlar qatorida turadi.
***
Nabaviy masjidi (Masjid un-nabiy), Madina, Saudiya Arabistoni
Madinai Munavvaradagi barcha musulmonlar uchun tabarruk masjid – Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) payg'ambarning masjidi. Masjid qurilishida Rasulullohning (s.a.v.) shaxsan o'zlari ishtirok etgan. Majmua ichida Payg'ambar (s.a.v.) hamda Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattob (roziyallohu anhum) qabrlari joylashgan. Ushbu masjid keyinchalik Hazrati Umar va Usmon (roziyallohu anhum) tomonidan bir necha bor ta'mirlanib, kengaytirib borilgan. 105 metrli ikkita, 75 metrli to'rtta minorasi, o'zi ochib-yopiladigan 27ta tomi, 400dan ortiq ustuni, 6800 qandili bor. Sahni 100 ming kv. metrdan ortiq bo'lib, bir vaqtda 1 milliondan ziyod kishini bag'riga sig'dira oladi.
***
Feysal masjidi. Islomobod, Pokiston
Dunyodagi eng katta masjidlar orasida to'rtinchi o'rinda turuvchi Feysal masjidi 90 metr balandlikdagi to'rt minora bilan o'ralgan. Bu inshoot qurilishi 1976 yil boshlanib, 1986 yilda yakunlangan. Masjidning umumiy sahni 5 ming kv. metrni tashkil etadi va 300 mingga yaqin namozxonni sig'dira oladi. Loyihasi an'anaviy masjidlarni eslatmasligi tufayli qurilish jarayonida ko'plab noroziliklar kelib chiqqan. Ko'rinishidan badaviylar o'tovini eslatuvchi majmua to'liq qurib bitkazilgach, mahobati, qulayligi bilan barchaga manzur bo'lgan.
I.Abduxoliqov tayyorladi,O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).
Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).
Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.
Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.
Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.