Kecha 10 aprel' kuni «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasining majlislar zalida muborak Ramazon oyida Qur'oni Karim xatmonalarini yurtimiz masjidlarida qanday o'tkazish masalasi bo'yicha aniq rejalar belgilab olindi. Ushbu yig'ilishda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Holiqnazarov, O'zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo'limi boshlig'i Muhammadnazar Qayumov hamda taroveh namozida xatmu Qur'onda ishtirok etuvchi yurtimiz qorilari qatnashdi. Yig'ilishda bu yilgi Ramazon oyini qanday o'tkazish lozimligi, maqsad va vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, Qur'on xatmonalarini qiroat qiluvchi qorilarimizga tavsiyalar va ko'rsatmalar berib o'tildi.
Ma'lumki bu yilgi Ramazon oyida ba'zi xorij mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi sabab masjidlarda taroveh namozlariga ruxsat berilmadi. Shuni inobatga olib bugungi yig'ilishda bu yilgi Ramazonni ko'tarinki ruhda o'tkazish uchun yurtimizda alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi va barcha sharoit va qulayliklar xalqimizga yaratib berilayotgani aytib o'tildi. Hususan, har bir musulmon shaxs masjidlarga tashrif buyurar ekan, belgilab qo'yilgan karantin qoidalariga, ya'ni niqob va masofalarni saqlashi, ko'rsatilgan qonun-qoidalarga rioya qilishi ta'kidlab o'tildi.
Alloh taolo barchalarimizni Ramazonga etishimizni va ushbu muborak oyning barokotidan nasibador bo'lishimizga muvaffaq qilsin!
islom.uz
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.