Halqimiz saxovatli, ehtiyojmand kishilarga yordam berishga doimo shay. Yurtdoshlarimiz orasida savob ishlar qilib, odamlarga, elga nafi tegishini hayotining mazmuniga aylantirgan solihlar ko'p. Biroq oramizda yaxshiliklarini minnat qilib, savob amallarini yo'qqa chiqaruvchilar ham uchrab turadi.
Minnat tufayli qilgan ezgu amallarimizga soya tushadi, saxovatimizga putur etadi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday deydi: «Ostidan anhorlar oqib turadigan, xurmoyu uzumlari bor, turli xil mevalari mo'l bog' egasi keksayib, notavon (yosh) bolalari bilan qolgan paytida o'sha bog'ini olovli to'fon urib, yonib ketishini xohlaydimi?! Tafakkur qilursiz deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi» (Baqara surasi, 266-oyat).
Oyatda Alloh yo'lida qilingan xayrli ishlar, savob amallar mevazor boqqa qiyoslanib, o'tli bo'ron bog'ni kuydirganidek, sadaqa va saxovat ketidan qilingan minnat solih amallarni yo'qqa chiqarishi aytilgan. Demak, mo'min kishi, “men senga falon yaxshilikni qilgan edim, lekin sen bilmading”, deb hech qachon minnat qilmasligi kerak. Avvalo, yaxshilik birov bilishi uchun qilinmasligini teranroq anglash zarur. Zero, “Yaxshilik qil – daryoga tashla, baliq biladi, baliq bilmasa – Holiq”, “O'ng qo'ling berganini chap qo'ling bilmasin” kabi hikmatli gaplar bejiz aytilmagan.
Minnat yaxshiligimizdan manfaat ko'rgan kishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ko'ngli o'ksiydi, qattiq ranjiydi. Bobomiz Alisher Navoiy “Mahbubul qulub” asarida bunday kishilarning ko'nglidan nimalar kechishini go'zal tarzda bayon qilgan:
Bu bedod ahlidin gar jon berib maxlas erur mumkin,
Qilib jonni fido, billahki, minnat qo'yg'amen jong'a.
Ya'ni, mutafakkir shoir minnat qiluvchi kimsalarni zolimga tenglaydi. Ulardan hatto jonini berish evaziga xalos bo'lish mumkin bo'lsa ham, bunga bajonidil tayyor ekanini aytadi.
Minnat barcha xayrli amallarimizni yuvib ketar ekan, bunga doimo e'tiborli bo'laylik. Besh kunlik dunyoda bilib-bilmay birovning ko'nglini og'ritib qo'yishdan o'zimizni tiyaylik. Yaxshiligimizni pesh qilib, Yaratganga gunohkor bo'lmaylik.
Karimqul MAVLONOV,
Bekobod tumani
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati