Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o'z uyida tahorat qilib, Allohning uylaridan biriga Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o'chadi, boshqasi ila darajasi ko'tariladi», dedilar» (Muslim, Nasaiy va Termiziylar rivoyat qilganlar).
Hadisi sharifda yaxshi niyat bilan masjid tomon bosilgan har bir qadam behuda ketmasligi ajoyib uslubda vasf qilinmoqda.
Ehtimol, masjidga jamoat namoziga qatnaydigan har bir kishi ham o'zining qilayotgan amali naqadar ulkanligini tasavvur eta olmas. Agar haqiqatda tasavvur eta olmasa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflari ila yaxshilab tanishib olsin. Unday odam masjidga jamoat namozi o'qish uchun borish niyatida tahorat qilib, birinchi qadamini bosishi bilan bir gunohi yuviladi, ikkinchi qadamini bosishi bilan darajasi bir pog'ona ko'tariladi. Masjidga etib borgunicha har qadamda darajasi ko'tarilib boraveradi.
Tahorat va namoz uchun beriladigan savoblar, kechiriladigan gunohlar alohida bo'ladi. Shuningdek, darajalar masalasi ham o'ziga yarasha bo'ladi.
Demak, farz namozlarni doimo masjidda, jamoat ila ado qilishga urinishimiz, iloji boricha masjid tomon bosadigan qadamlarimizni ko'paytirishimiz lozim.
«Hadis va hayot» kitobidan
Alloh taolo aytadi: "Lekin Alloh ularning otlanishlarini yoqtirmay, tutib qoldi", (Tavba surasi, 46-oyat).
Alloh sizni din ishlariga xizmatchi qilib olgan bo‘lsa, demak, qalbingizga qarab, rozi bo‘libdi. Oddiy bir inson o‘z ishlarida uquvsiz kimsalarni ishlatgisi kelmaydi-ku, Alloh ishlatadi deysizmi?
Allohning yo‘lidan uzoq bo‘lgan odam borki, albatta, Alloh uning ichidan boxabarligi uchun rozi bo‘lmagan. Mashhur odamlarga havas qilmang. Ular arzimagan ishlar bilan mashg‘ullar. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, o‘ziga xodim qilib olgan bo‘lardi.
Zarracha savob ish qilmagan milliarderlarga havas bilan qaramang. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, ulardan yuz o‘girmagan bo‘lardi.
"Rasailu minal Qur’an" asaridan