Halqimizning tabarruk maskanlaridan biri bo'lgan Namangan shahridagi ushbu majmua bugungi kunga kelib go'zal maskanga aylangan, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Namanganga tashrif buyursangiz, Labbaytog'a dahasida joylashgan Mulla Bozor Oxund yodgorligi o'zining chiroyi, naqshinkor bezaklari va betakror qurilish arxitekturasi bilan o'ziga maftun qiladi.
Mulla Bozor Oxund yodgorlik majmuasi 3 qismdan iborat: masjid, asosiy bino (xonaqoh va ziyoratgohga kirish) va darvozaxona. Hovlida diametri 10 metr bo'lgan hovuz bor. U asta-sekin 8 ta o'ttiz santimetrlik qadam bo'ylab pastga tushadi. Uning asosi temir-beton panellardan iborat bo'lib, devorlar va asosiy kirish eshigi noyob figurali dizaynda pishiq g'ishtdan qurilgan.
Jome masjidning asosiy katta xonasi - xonaqohi erto'lali, pishiq g'isht va temir-beton paneldan qurilgan. O'lchami 30×24 metr. Sathi 720 kvadrat metr. Uch tomoni ayvon. Ustunlar va peshtoqiga milliy bezaklar berilib, pishiq g'ishtdan tiklangan. O'lchami 36×6 metr va 24×6 metr, sathi 576 kvadrat metr. Asosiy darvozadan kirishda qibla tomonda ayvonga tutash holda 16 metrli mezana - minora pishiq g'ishtdan bezakli qilib tiklangan.
Majmuaga tashrif buyurgan ziyoratchilar va sayyohlar, ulug' donishmand hayoti va faoliyati haqida ma'lumotlar olish bilan birga mohir ustalar mahoratidan bahramand bo'ladi.
Ma'lumot uchun, Mulla Bozor Oxund 16-asr oxirida Namangan shahrida tavallud topgan. U kishi Namangan madrasalarida ilm olgan. O'z davrining fiqh, hadis, tarix, geografiya, ilmi-hisob, adabiyot, ruhiyatshunoslik bilimlarini mukammal egallagan. Shuningdek, turkiy, arabiy va forsiyda ijod qilgan.
Ilmga tashnalik allomani Turkistonning ilmu fan markazlaridan biri - Buxoroga boshlab borgan. Talabalik yillari oshpazga shogird tushib, tirikchilik o'tkazgan. Buxoroda donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriy bilan tanishgan, undan ta'lim olgan.
Keyinchalik O'rta va Yaqin Sharq mamlakatlari bo'ylab sayohat qilgan. Qoshg'arning Ho'tan, Yorkand shaharlarida bo'lgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Mulla Bozor Oxund 1668 yil Namanganda vafot etgan.
Muqaddam u kishining qabri ustida maqbara va madrasa bunyod etilgan. Ushbu inshootlar HH asrning 30-yillarida butunlay buzib yuborilgan edi. 1993 yilda maqbarani me'moriy majmua sifatida qayta tiklash to'g'risida qaror qabul qilindi. Qurilish ishlari 1994 yilning 18 mayida tugatildi. Uni Namangan bosh me'mori Abdujabbor Abdug'afforov boshchiligidagi yosh, iqtidorli me'mor Odiljon Qodirov amalga oshirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi