Bugun, 17 mart kuni O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Halqaro ilmiy hay'atning dastlabki ilmiy majlisi onlayn tarzda o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Halqaro hay'at yig'ilishida Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Rossiya islom universiteti rektori, Akademik Rafik Muxametshin, Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Haldun universiteti professori Hamza Bakriy singari nufuzli olimlar, davlat va jamoat arboblari qatnashdi.
Shuningdek, Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gertsegovina, Rossiya, Afg'oniston, Malayziya, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi mamlakatlardan 30 dan ziyod ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari va soha vakillari ham ishtirok etdi.
Yig'ilish ishtirokchilari moturidiylik ta'limotini o'rganish, jahonning etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan mustahkam hamkorlik qilish, jumladan, Markaz faoliyatiga xorijiy grantlarni jalb etish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomining muhokamasi, alloma va uning ta'limotiga oid manbalarning asl va elektron nusxasini Markaz kutubxonasi va elektron platformasida jamlash kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Halqaro hay'at ishtirokchilari tomonidan Imom Moturidiy va uning izdoshlari asarlari bo'yicha yagona elektron platforma yaratish taklifi ulkan tashabbus sifatida baholandi. Hususan, Misrning al-Azhar universiteti doktori, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa'd Damanhuri moturidiylik ta'limotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish tashabbusini sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlari va mutaxassislar uchun dolzarb ahamiyatga ega deb, ta'kidladi.
Shuningdek, bugungi kunga qadar moturidiylik ta'limotiga oid mingdan (1000) ziyod arab, turk, nemis va ingliz tillardagi qo'lyozma va zamonaviy nashrlar aniqlangani ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi.
Tashkilotchilar va qatnashchilarga minnatdorlik bildiraman, – deydi Kamaluddin Merjuni Malayziya islom ilmlari universiteti professori. – Janubi sharqiy Osiyoda moturidiylik ta'limotiga katta ehtiyoj bor. Hususan, uning aqidaviy ta'limotini o'rganish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Moturidiy merosini malay tiliga tarjima qilish taklifini bildiraman.
Halqaro hay'at a'zolari kelgusida ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hay'at yig'ilishini tez-tez o'tkazib borishga kelishib olishdi.
Ma'lumot uchun, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini xalqaro miqyosda yoyish uchun jahonning etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan jahonning etuk olim va mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo'lgan allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma'naviy merosi va moturidiylik ta'limotini xalqaro jamoatchilikka etkazish maqsadida Markazning Halqaro ilmiy hay'ati tuzilgan.
Halqaro ilmiy hay'ati tarkibi 20 dan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan. Uning raisi O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi ta'sis majlisi a'zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a'zosi Usmonxon Alimov hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Mir Arab oliy madrasasida Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda alloma ajdodlarimizdan bo‘lgan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Oliy madrasaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Mustafo Xodjayev, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom xatibi Abdug‘ofur Razzoqov, Buxoro davlat universiteti O‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Azimjon Hamidov, ustoz va talabalar ishtirok etdi.
Abdug‘ofur Razzoqov Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodi, qoldirgan ilmiy merosi, asarlaridagi yaxshilik, go‘zallikka targ‘ib masalalari, buyuk mutafakkirning nafaqat turkiy, balki, forsiy tilda qilgan ijodining bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘zladi.
Azimjon Hamidov esa shoir, adib, olim, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, asarlari, Vatan sog‘inchi tarannum etilgan asarlariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati