بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْد
DINIMIZDA QO'ShNIChILIK HAQLARI
Muhtaram jamoat! Inson hayoti davomida jamiyatdan ajralib kun kechira olmaydi. Atrofdagilar bilan turli ijtimoiy aloqalar o'rnatadi. Har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo'ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo'ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo'shnichilik haqqi bo'lib, unga dinimizda alohida e'tibor berilgan.
Alloh taolo Qur'oni karimda O'ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O'sha kishilar ichida qo'shnilar ham zikr qilingan. Oyati karimada shunday deyiladi:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا
ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi 36-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
ما زالَ يُوصِينِي جِبْرِيلُ بِالْجَارِ، حتَّى ظَنَنْتُ أنَّه سَيُوَرِّثُهُ
(رواه الامام البخاري عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Jabroil meni doim qo'shni haqida yaxshilikka buyurganidan, uni merosxo'r qilib qo'yarmikan, deb o'yladim” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Gohida qo'shnilarning holidan g'aflatda qolamiz, ularni holidan xabar olmaymiz, vaholanki, eng avvalo ular uchun bizning zimmamizda bir qancha haqlar bor: ko'rganda salom berish; maslahat so'rasa, to'g'risini aytish; aksa ursa, javob qaytarish; kasal bo'lsa, ziyorat qilish; vafot etsa, janozasiga qatnashish va hokazolar.
Ulug' sahobalardan Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar: “Bir paytlar o'z dinor va dirhamiga musulmon birodaridan ko'ra haqli emas edik. Hozir esa musulmon birodarimizdan ko'ra dinor va dirhamlarimiz bizga sevimli bo'lib qoldi. Payg'ambarimiz alayhissalomdan eshitganman:
كَمْ مِنْ جَارٍ مُتَعَلِّقٍ بِجَارِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ، يَقُولُ : يَا رَبِّ ، هَذَا أَغْلَقَ بَابَهُ دُونِي ، فَمَنَعَ مَعْرُوفَهُ
رواه الامام البخاري
ya'ni: “Qiyomat kuni qanchadan-qancha qo'shnilar borki, qo'shnisiga yopishib olib: “Ey, Rabbim! U meni yuzimga eshigini yopdi, yaxshiligidan mahrum qildi”, deydi”, – deganlar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Abu Shurayh al-Huzoiydan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar:
مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُحْسِنْ إِلَى جَارِهِ
رواه الامام مسلم
ya'ni: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, qo'shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Qo'shnilar o'rtasidagi yaxshilikning bir ko'rinishi – hayitlarda, quvonchli kunlar va munosib vaqtlarda o'zaro hadya almashishdir. Muhimi – qo'shnining hadyasi nima bo'lsa ham, uni kam ko'rmaslik kerak bo'ladi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar, Payg'ambarimiz alayhissalom shunday dedilar:
يَا نِسَاءَ الْمُسْلِمَاتِ لَا تَحْقِرَنَّ جَارَةٌ لِجَارَتِهَا وَلَوْ فِرْسِنَ شَاةٍ
رواه الامام مسلم
ya'ni: “Ey, muslima ayollar! Qo'shni qo'shnining hadyasini past sanamasin, agarchi qo'yning tuyog'i bo'lsa ham” (Imom Muslim rivoyatlari).
Oisha onamiz Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'radilar: “Ikki qo'shnimning qaysi biriga hadya beray?” U Zot alayhissalom: “Eshigi yaqiniga”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Bu bilan yon qo'shnining haqqi o'zgalarnikidan ko'proq bo'lishini eslatib qo'ydilar.
O'zaro taom ulashish ham qo'shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg'ambarim menga buyurganlar:
إذَا طَبَخْتَ مَرَقًا فأكْثِرْ مَاءَهُ، ثُمَّ انْظُرْ أَهْلَ بَيْتٍ مِن جِيرَانِكَ، فأصِبْهُمْ منها بمَعروفٍ
رواه الامام مسلم
ya'ni: “Sho'rva qaynatsangiz, suvini ko'paytiring, so'ngra qo'shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyatlari)
O'ziga to'q qo'shnilar hech qachon qiynalgan qo'shnilarni e'tiborsiz tashlab qo'ymasligi kerak. Qo'shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo'lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo'lini cho'zish zarur. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
مَا آمَنَ بِي مَنْ بَاتَ شَبْعَانَ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ وَهُوَ يَعْلَمُ بِهِ
رواه الامام الطبراني
ya'ni: “Yon qo'shnisi och ekanini bilib turib, to'q holida tunni o'tkazgan kishi menga imon keltirmabdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Musibat bo'lgan xonadon ahlini qarindosh va qo'shnilar taom bilan yo'qlashi ham – dinimizdagi go'zal sunnatlardandir. Ja'far raziyallohu anhu vafot etganlarida Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
اِصْنَعُوا لِآلِ جَعْفَرٍ طَعَامًا فَإِنَّهُ قَدْ أَتَاهُمْ أَمْرٌ شَغَلَهُمْ
رواه الامام أبو داود عن عبد الله بن جعفر
ya'ni: “Ja'farning oilasiga taom tayyorlanglar, ularning boshiga mashg'ul qiluvchi og'ir ish tushdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Dinimiz qo'shnilarga yaxshilikka buyurish bilan birga, ularga ozor berishdan qaytaradi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَاليَومِ الْآخِرِ،فَلاَ يُؤْذِ جَارَهُ
رواه الامام مسلم عن أبى هريرة رضي الله عنه
ya'ni: “Kim Alloh va Oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, qo'shnisiga ozor bermasin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Aslida o'zgaga nohaq aziyat berish harom amallardan, lekin qo'shniga aziyat berishning gunohi undanda kattadir. Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'radim:
أيُّ الذَّنْبِ عِنْدَ اللَّهِ أكْبَرُ، قالَ: أنْ تَجْعَلَ لِلَّهِ نِدًّا وهو خَلَقَكَ قُلتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قالَ: ثُمَّ أنْ تَقْتُلَ ولَدَكَ خَشْيَةَ أنْ يَطْعَمَ معكَ قُلتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قالَ: أنْ تُزَانِيَ بحَلِيلَةِ جَارِكَ ....
رواه الامام البخاري
“Allohning nazdida eng yomon gunoh qaysi?”. “Sizni yaratgan holida Alloh taologa o'zgani sherik qilishingiz”, – dedilar. “Keyin qaysi biri?” – dedim. U Zot alayhissalom: “Siz bilan birga taomlanishidan (ya'ni, kambag'allikdan) qo'rqib farzandingizni o'ldirishingiz”, – dedilar. “Keyin qaysi?” – dedim. U Zot: “Qo'shningizni jufti bilan zino qilishingiz”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hadisi sharifda qo'shnining molini o'g'irlash boshqa o'n xonadondan o'g'rilik qilishning gunohidan kattaroq ekani aytilgan. Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi: “Alloh uch kishini yaxshi ko'radi, uch kishini yomon ko'radi: ... Bir kishining doim ozor beradigan qo'shnisi bor, ularning o'rtasini o'lim yoki ko'chish ajratgunicha, uning aziyatlariga sabr qiladi(uni Alloh yaxshi ko'radi)...” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Hozirda ayrim qo'shnilar orasida er-joy yoki boshqa masalalardagi o'zaro talashishlar oqibatida yuzaga kelayotgan xunuk oqibatlar dinimiz ta'limotlariga mutlaqo ziddir. Bunday xijolatli ishlarga barham berish uchun qo'shnilar o'zaro kelishuv, hurmat, oliyjanoblik va diyonat bilan ish tutishlari kerak. Shunda Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo'ladilar, rizqlariga barakot kiradi, hayotlari ma'noli va mazmunli kechadi. Har kuni urush janjal bo'lgan joyda baraka, xotirjamlik va ko'ngilxushligi bo'lmaydi.
Ayniqsa o'zganing erini zulm bilan o'zlashtirib olishning jazosi qattiq bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
مَنْ اِقْتَطَعَ شِبْرًا مِنْ اَلْأَرْضِ ظُلْماً طَوَّقَهُ اَللَّهُ إِيَّاهُ يَوْمَ اَلْقِيَامَةِ مِنْ سَبْعِ أَرَضِينَ
مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ روي عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ
ya'ni: “Kim zulm bilan bir qarich erni egallab olsa, Alloh taolo Qiyomat kuni o'sha erni etti qavat erni ostigacha bo'yniga osib qo'yadi”(Muttafaqun alayh).
Hasanul Basriy aytadilar: “Yaxshi qo'shnichilik – faqat yomonlik qilishdan tiyilish emas, balki qo'shnidan etgan aziyatga sabr qilishdir”.
Hatib Bag'dodiy rivoyat qiladilar: “Imom A'zam Abu Hanifaning bir mahsido'z qo'shnisi bor edi. Kuni bilan ishlar, kechki paytlar olib kelgan taomlarini eb, may ichib, sarxush bo'lib: “Ular meni qadrimga etishmadi, qanday ham yigitni boy berdilar...”, degan baytni uxlab qolguncha takrorlardi. Abu Hanifa rahimahullohning odatlari kechalari bilan namoz o'qish edi. Qo'shnining ovozini har kuni eshitardilar. Bir kuni ovozi eshitilmay qoldi. So'rab surishtirsalar, uni qamab qo'yishibdi. Bomdod namozini o'qigandan keyin, xachirlariga minib, amirning huzuriga kirdilar. Amir hurmat bilan kutib oldi va hojatlarini so'radi. U zot: “Bir etikdo'z qo'shnim bor edi, qamab qo'yishibdi, shuni ozod qilishsa...”, – dedilar. Amir o'sha kundan beri qamalganlarning barchasini ozod qildi. Abu Hanifa rahimahulloh ulovda, mahsido'z piyoda birga uylariga qaytishdi. Yetib kelishgach, Abu Hanifa uning yoniga borib: “Ey, yigit! Sizning qadringizga etmadikmi?!” – dedilar. U: “Yo'q, aksincha, himoya qildingiz, g'amxo'rlik qildingiz. Qo'shnichilik hurmati va haqqa rioya qilganingiz uchun Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin” – dedi. Shundan keyin u kishi tavba qilib, nojo'ya ishlarini tark qildi” (“Tarixi Bag'dod” kitobi).
Halqimizda “Qo'shning tinch, sen tinch” degan naql bor. Yaxshi qo'shnichilik aloqalarini o'rnatish – davlatimiz olib borayotgan xayrli ishlardan biridir. Ayniqsa, biz bilan chegaradosh xalqlar bilan qadimdan quda-anda bo'lib kelganmiz. Dinimiz, tariximiz, madaniyatimiz va urf odatlarimiz – bir xil. Hozir ham o'zaro madaniy-iqtisodiy aloqalar kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bu ishlar ham – davlatimizda ayni dinimizdagi yaxshi qo'shnichilik aloqalarini hayotga tatbiq qilishdir.
Hurmatli jamoat! Alhamdulillah, qishdan chiqib, ekin-tikin mavsumiga ham salomat etib keldik. Albatta, dehqonchilik, bog'dorchilik va chorvachilik bilan shug'ullanish xalqimizga mo'l-ko'l rizq keltiradi, halol rizq topish maqsadida mehnat qilganlar katta savoblarga ham erishadilar.
Dehqonchilik bashariyat uchun zarur bo'lgan kasblardan. Usiz inson hayotini tasavvur qilib bo'lmaydi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “O'lik (qo'riq) er ular uchun (qayta tirilishga) bir alomatdir, Biz uni (suv bilan) tiriltirdik va undan (turli) donlarni undirib chiqardik. Bas, ular undan emoqdalar. Yana Biz unda (erda) xurmozor va uzumzor bog'larni (paydo) qildik va u erda buloqlarni oqizib qo'ydik. Toki (odamlar) mevasidan esinlar. Holbuki, u (mevalar)ni o'z qo'llari (bilan) qilmagan edilar. Axir shukr qilmaydilarmi?!” (Yosin surasi 33-35-oyatlar).
Payg'ambarimiz alayhissalom dehqonchilik va ko'chat o'tqazishga juda ko'p targ'ib etganlar. Masalan, bir hadisi shariflarida: “Agar Qiyomat qoyim bo'lib qolsayu, qaysi biringizning qo'lingizda ekaman deb turgan ko'chat niholi bo'lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo'ysin”, – deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi shariflarida esa: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o'tqazsa yoki bir narsa eksa, undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishadi” (Muttafaqun alayh).
Bu hadisi shariflardan ko'chat yoki ekindan foyda kelib tursa, o'sha inson vafot etib ketgan bo'lsa ham, unga Qiyomatgacha savob borib turishi bildirilmoqda.
Shunday ekan, hammamiz o'zimiz yashab turgan joylarga, mahallalarga turli daraxt ko'chatlarini ekib, obod qilsak, bundan nafaqat insonlar, balki hayvonlar va qushlar manfaat topsa ham, savob hosil bo'laveradi.
Alloh taolo barchamizga chiroyli qo'shnichilik aloqalarini o'rnatish va qo'shnilar bilan tinch-totuv, ahil yashashni nasib aylasin! Omin!
Kelasi juma ma'ruzasi “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.