Saudiya Arabistonida “Islomda ayollar: maqomi va ta'sirini kuchaytirish” mavzuida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tmoqda.
Anjuman podshoh Salmon bin Abdulaziz homiyligida Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a'zo mamlakatlar davlat rahbarlari, vazirlari va boshqa rasmiylari ishtirokida o'tkazilyapti.
Unda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farxon Saudiya ayollari Podshohlikning rivojlanish va taraqqiyot yo'lida tutgan roli haqida gapirdi. Jumladan, vazir ijtimoiy va mehnat bozoridagi islohotlar natijasida so'nggi 7 yilda xotin-qizlarning mehnat resurslaridagi ishtiroki 19,3 foizdan 37 foizga, rahbarlik lavozimlarida esa ayollar ulushi 17 foizdan 39 foizga oshdi, deya ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, O‘zbekisto Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor Muzaffar Komilov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlandi.
Musulmon donishmandlari kengashi bilan aloqalarni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Musulmon donishmandlari kengashi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahrida qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyati doirasida samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda butun dunyo musulmonlari uchun ahillik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli xavf-xatarlardan asrash masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda tomonlar keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.