Qarz munosabatlari hayotimizga chuqur singib ketgan. Hayotda, kimdir kimdandir qarz olishga majbur bo'lib qoladi. Islom hayotning barcha jabhalarini tartibga solgani kabi qarz masalalari ilohiy qonunlar bilan belgilab qo'yilgan.
Qur'oni karimdagi eng uzun oyat – Baqara surasining 282-oyati qarz muammosiga bag'ishlangan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarni muhtojlarga qarz berib, ularni qo'llab-quvvatlashga da'vat etar edilar.
Alloh taolo qur'oni karim marhamat qiladi:
“Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar” (Baqara surasi, 245-oyati).
Oyat mazmunidan ko'rinib turibdiki, Alloh O'zining yo'lida “qarzi hasana” – yaxshi qarz beradiganlar bormi, yo'qmi deb so'rayapti. Mufassirlar “qarzi hasana” deb insonning Alloh yo'lida sarflangan boyligini tushuntirganlar. Bu boylikning bu dunyo hayotida qaytarilishi shart qilinmagan. Odatda, qarzning mohiyatida uni bergan odamga qaytarish sharti mavjud.
Allohga qarzi hasana bergan mo'minga olamlar Robbisi bu qarzni bir necha barobar qilib qaytaradi.
Odamning tabiati shuki, agar kimgadir qarz bersam, mol-dunyoyim kamayib qoladi deb xavotirlanadi. Alloh bu xavotirdan mo'minlarni qaytarmoqda: rizqni tang, tor qiladigan ham, keng qiladigan ham Alloh. Agar rizqingiz tor bo'lishi lozim bo'lsa, bu o'zgalarga qarz berish bilan sodir bo'lmaydi.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Allohga “Qarzi hasana” qiladigan kishi bormi?” oyati nozil bo'lganda, Abu Dahdah ismli sahoba:
– Yo Rasululloh, Alloh bizdan qarz so'rayaptimi? – dedi.
– Ha, ey Abu Dahdah, – dedilar Sarvari olam. Shunda Abu Dahdah Rasululloh alayhissalomga: .
– Qo'lingizni bering, – dedi va:
– Men Rabbimga bog'imni qarz berdim, – dedi. Shunda Nabiy alayhissalom:
– Jannatdagi duru yoqutdan bo'lgan xurmozorlar Abu Dahdahniki bo'ldi, – dedilar”.
Bugun qarz oldi-berdisi katta muammolardan biriga aylandi. Bu masalada quyidagi holatlarga duch kelyapmiz:
Muhtoj bo'lmasa ham, odamlarni aldab qarz olib, shuning evaziga yashaydiganlar ko'paydi;
Qarz olgach, imkoniyati tug'ilsa ham, uni qaytarmayotganlar uchrayapti;
Juda muhtoj odam qarz so'rab kelsa ham, berishni istamaydigan insonlar ham bor.
Umuman olganda, bu kabi holatlarni isloh qilish o'zimizga bog'liq. Inson qarz berar ekan, so'rovchining rostgo'yligi, asl holati haqida ma'lumotga ega bo'lgan holda qaror qabul qilishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek, qarz olganlar ham imkonlari bo'lishi bilan uni qaytarishlari kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, Alloh undan (yordami ila) ado etadi. Kim yo'q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo'q qiladi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisi sharifdan ma'lum bo'lyaptiki, qarz olayotganda inson niyatni to'g'irlab olishi lozim. Ya'ni qarzdan maqsad – qiyin moliyaviy sharoitdan chiqib, darhol uni sohibiga etkazish. Qarz bilan tirikchilik qilish emas. Alloh qarzdorning har ikki niyatiga etkazadi: qaytaraman desa, unga baraka yog'diradi. Qaytarmayman desa, qo'lini qisqartirib, yana ham og'ir, yana qashshoq holga tushishini iroda qiladi.
Har kuni bu haqiqatning jonli misollarini ko'rib turibmiz.
Aslida, qarzni sadaqadan yaxshiroq deb aytiladi. Chunki sadaqa olgan odam uni qaytarish haqida o'ylamaydi. Qarzdor esa qaytarish uchun harakat qiladi va u buni tekinga o'rganishdan, tanballikdan himoyalaydi.
Umuman, qarzning ahamiyati, shuningdek, ma'naviy qarzdorlik haqida ham gapirish mumkin.
Alloh taolo qarzdorlarga najot bersin! Bizni qarz oladigan emas, balki muhtojlarga Alloh yo'lida qarzi hasana beradigan bandalari qatoridan qilsin!
Abdul Hamid Malikov,
“Piskent” jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.