Ma'lumotlarda keltirilishicha, masjid Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy maqbarasidan ham qadimiyroqdir. Adabiyotshunos N.Mallayev o'z asarida “Qoraxoniylar va Horazmshohlar hukmronligi davrida qurilgan binolardan birmuncha ko'proq yodgorliklar saqlanib qolgan. Bulardan biri Hazora qishlog'idagi XI asrda qurilgan masjiddir”, deb Deggaron masjidini XI asr obidasi sifatida qayd etgan.
Yodgorlik zardushtiylar davri me'morchiligi uslubida qurilgan. U tashqi ko'rinishi jihatidan unchalik mahobatli emas. To'rt devorli imorat ustida to'qqizta gumbaz joylashgan. Qator ustunlarga tayanadigan tosh yoylar ichkari qismini kichik xonalarga ajratadi.
Masjid kvadrat shaklida 17x17 metr o'lchamdagi binodan iborat bo'lib, paxsa va g'ishtdan qurilgan. Masjidning ichki qismidagi xonaqoh kubsimon, o'rta qismida diametri 1,28 metr keladigan to'rtta pishiq, g'ishtin ustun bo'lib, ular oralariga katta ravoqlar, tepalariga ikkitadan kichik ravoqlar joylashtirilgan. Masjidning markaziy gumbazi to'rtta ustunning ustidan o'n ikki burchakli bezak hosil qiladigan ravoqlar ustidan ko'tarilgan. Honaqohning shimoliy, janubiy va g'arbiy tomonlarida xushbichim g'ishtin sharaflar mavjud.
Mavlono Orif Deggaroniy maqbarasi yonida bugungi kunda muzey ham tashkil qilingan. Ilgari bu xonaqohdan namozxona sifatida foydalanilgan bo'lsa, keyinchalik Deggaron masjidi qayta qurilgach, bu er Deggaron majmuasining restavratsiya ishlari jarayonida topilgan tarixiy buyumlarni saqlash maqsadida muzeyga aylantirilgan.
Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohiga har yili mingga yaqin mahalliy hamda Germaniya, Frantsiya, Turkiya, Avstraliya kabi xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrif buyurmoqda.
Siroj ASLONOV, O'zA
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati