Ixlos nima degani? Inson qalbining top-toza, beg'ubor bo'lishi, niyatining musaffo, samimiy bo'lishidir. Bir insonning niyati buzuq bo'lsa, qusurli bo'lsa, boshqa bir maqsadi bo'lsayu, uni amalga oshirish uchun fitna va ig'volar qilsa, buning orasida yana bir yaxshi ishlar ham qilsa, ajabo, Alloh shu yaxshi ishlariga savob beradimi?.. Bermaydi? Alloh ixlosli insonning ibodatini qabul qiladi. Ibodatda va yo boshqa bir amalda ixlos bo'lmasa, qabul bo'lmas!
U holda qalbimizga ixlos indiramiz, toza musaffo qilamiz. Bu erda qusur, yomon niyat bo'lsa, bo'lmaydi. Shuning uchun «inson qalbini tozalashi kerak» deb aytiladi.
Tabiiy, qalbning tozalanishi – ichkariga xartum suqub, jildirjildir suv bilan yuviladigan bir narsa emas... Zotan, u erga xartum suqib bo'lmas. Har qancha kimyoviy ashyolar bilan yuvsang ham bo'lmas.
Zero, qalb bu – yurak degan bir parcha go'sht emas... Qalb deganimiz ko'ngildir... Ko'ngil toza bo'lishi kerak. Buning qayeriga xartum suqamiz, qayerini tozalaymiz?
Inson ko'nglining toza bo'lishi nimadir?.. Samimiy, ko'nglida yaxshilik barq urgan, har ishga yorug' bir orzular bilan kirishgan, tuyg'ulari toza, birovga kin, adovat saqlamaydigan... Qalbdagi mana shu boylikni IHLOS deymiz. Ixlos lozim!
Shuning uchun tasavvuf ulug'lari bir ixlosmand muridning qo'lini olarkan, uning ma'naviy tarbiyasini o'z elkasiga oladi: «Bu mening talabam, bu mening muridim, bu mening avlodim» deb uni bir tarbiyadan o'tkazadi. Bu tarbiyani tasavvuf tarbiyasi deymiz.
Endi har ustozning bir uslubiy tarbiyasi bor. Usta, masalan, shogirdini yoniga olib «farzandim, bolg'ani bunday ushla, bunday ur, shunday ursang mix qayriladi va hokazo» deb uqtiradi.
Har kasb-hunarning ustasi shogirdiga bir usul bilan bu kasbni muntazam ado etilishi sirlarini o'rgatadi.
Ustoz, domla, murshid, shayx muridini tarbiya qiladi. Murid nima degani?.. Istakli, xohlovchi inson degani... U nimani istaydi?..
– «Men Allohning sevikli quli bo'lmoqni istayman!», – deydi.
– «Mayli, men senga Allohning sevgili bir quli bo'lmoq yo'lini o'rgatayin!»,– deydi murshid, uning qo'lini olarkan...
Murshid muridining qo'lini olganidayoq uning botinidagi kamchilik-nuqsonlardan voqif bo'ladi. Dastavval uning nafsini tarbiya qilishga, nafsni engishni o'rgatishga harakat qiladi. O'zini-o'zi engishi kerak. Chunki bu tashqaridan bo'lmaydi. Masalan, ota-ona bolasini barkamol bo'lishini xohlaydi, tarbiya davomida gohida uni uradi ham deylik. Urmoq bilan tarbiyalab bo'lmaydi. Biroz ulg'ayganidan keyin bolada norozilik uyg'onadi, qarshilik ko'rsatadi, uydan qochadi...
Demak, urgan bilan bo'lmaydi. Norozilik insonning botinida, fitratida bo'ladi... Albatta buni tarbiyalashning usullari bor. Ya'ni, ko'nglida istak bo'lgan murid bir ruhoniy darajaga etishish uchun alohida bir tarbiyani boshidan o'tkazishi kerak. Buni tasavvufda «tasavvuf tarbiyasi», tariqatda «tariqat tarbiyasi» deymiz.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi