O'zbek davlatchiligi tarixi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Bu boradagi aniq dalillar mamlakatimiz hududida xarobalari saqlanib qolingan shahar va kentlarga oid manbalardan yaqqol namoyon bo'ladi. Ana shunday qadimiy davlatlardan biri Farg'ona (Davan) davlati haqida guvohlik beradigan Axsikent yodgorligidir. Ushbu qadimiy kentdan qolgan xarobalar buyuk tariximizdan so'zlaydi.
«Dunyo» AA xabariga ko'ra, Axsikent yodgorligi bugungi kunda Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumanidagi Shahand qishlog'i hududida, Sirdaryoning o'ng sohilida joylashgan.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo'lib, qadimgi Farg'ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo'lining asosiy shaharlaridan biri bo'lgan.
Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko'p yozilgan. Qadimdan bu erda er osti suv inshooti bo'lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.
Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo'lgan. Bu erda o'z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1219 yilda mo'g'ullar tomonidan shahar butunlay vayron qilingan. Qasrning eski o'rnidan 5-7 kilometr g'arbda bunyod etilgan yangi shahar Axsi 14-17 asrlarga oiddir. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo'lgan.
Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo'lib, Farg'ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome' masjidi, mudofaa devorlari, er osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o'rganilgan.
Axsikat xarobalaridan g'arbroqda o'rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akademik Ya.G'ulomov va arxeolog I.Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu erda turli davrlarga oid ikkita shahar bo'lganini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tug'ilgan Axsi ekanini birinchi bo'lib isbotladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Axsikent haqida o'zining «Boburnoma» asarining 1494 yilgi voqealar bobida alohida to'xtalgan. «Sayhun suvining shimoliy tarafidagi shaharlardan biri Axsidir. Kitoblarda Axsikat deb yozadilar. Chunonchi, Asiriddin shoirni Asiriddini Axsikatiy deydilar. Farg'onada Andijondan keyin bundan yirikroq shahar yo'q.
Axsi Andijondan g'arb sari to'qqiz yig'ochlik yo'lda. Umarshayx mirzo buni poytaxt qilgan edi. Sayhun daryosi qo'rg'onining pastidan oqadi. Qo'rg'oni baland jar ustida joylashgan. Handaq o'rnida chuqur jarlar bor. Buni poytaxt qilgan Umarshayx mirzo bir-ikki marotaba tashqariroqdan yana jarlar qazdirdi. Farg'onada bunchalik mustahkam qo'rg'on yo'q. Mahallalari qo'rg'ondan bir shar'iy yiroqroqda joylashgan. «Qishloq qayerdayu, daraxtlar qayerda?" maqolini aftidan Axsi uchun aytganlar. Qovuni yaxshi bo'ladi. Bir nav qovunini „mirtemuriy" deydilar, bunday qovunning boshqa joyda ham borligi ma'lum emas. Buxoro qovuni mashhurdir. Samarqandni olgan paytimda Axsidan, Buxorodan qovun keltirib, bir o'tirishda so'ydirdim. Axsi qovunining hech misli yo'q edi. Ovlanadigan qushlari behad yaxshi bo'ladi. Sayhun daryosining Axsi tarafi dashtdan iborat. Oq kiyigi ko'p bo'ladi. Andijon tarafi to'qay; bug'u-maral, qir-g'ovul va yovvoyi quyon ko'p. Aksari juda semiz bo'ladi», deb yozgan buyuk sarkarda.
Axsikentda tayyorlangan qurollar «Damashq qilichlari» nomi bilan dunyoga mashhur bo'lib, G'arbda Damashq, Sharqda Hitoy bozorlarida sotilgan.
Axsi va unga yondosh hududlardagi olib borilgan so'nggi qazishma natijasida ko'plab noyob topilmalarni qo'lga kiritildi.
Shuningdek, bugungi kunda Namanganda «Axsi sayyidlari» ilmiy-ma'rifiy, me'moriy majmuasida muzey faoliyat ko'rsatmoqda. Axsi osori-atiqalar muzeyida ayni paytda 516 ta eksponat mavjud.
Prezident Shavkat Mirziyoev topshirig'iga binoan, Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo'yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob'ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direktsiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko'rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o'tkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar o'rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Bel'giya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan. Qadamjoni tadqiq etish, uning jozibadorligini va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida maxsus kontseptsiya ishlab chiqilgan. Ayni kunda shu asosda Farg'ona vodiysida ichki turizmni rivojlantirish choralari ko'rilmoqda.
Ayni paytda Prezidentimizning ko'rsatmalariga binoan, bu erda katta muzey tashkil etilmoqda. Axsikentning qadimiy dovrug'ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Kamoliddin Behzod chizgan suratlar asosida Umarshayx Mirzo va Boburning yodgorliklari bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo'ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko'hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
Axsikent yodgorligi YuNYeSKO Butunjahon madaniy merosi ob'ekti hisoblanadi. Tarixi eramizdan avvalgi IV asrlarga borib taqaluvchi bu noyob yodgorlikni chuqur o'rganish, qadim poytaxt shahar tarixi bilan yurtdoshlarimiz, xorijiy sayyohlarni tanishtirish viloyatda turizmni rivojlanishi uchun keng imkoniyatdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati