Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahridagi "Hilton" mehmonxonasida "O'zbekistonda islom moliyasi va takaful" mavzusida anjuman bo'lib o'tayotganligi haqida azon.uz saytida xabar berilgandi.
Ushbu anjumanda Apex Insurance tashkiloti tomonidan mamlakatimizda Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq sug'urta xizmatlari - Takafulni taqdim etish bo'yicha yangi loyiha - Apex Takaful taqdimoti bo'lib o'tdi. Shuningdek, bir necha yildan buyon o'zaro yordam loyihasi mamlakatimizda faoliyat olib bormoqda. O'tkazilgan tadbir haqida soha mutaxassisi Muzaffar Husniddinovning fikrlari bilan qiziqdik:
— Anjumanda bir qator mavzular yoritildi. Shular orasida Takaful - islomiy sug'urta mavzusi ko'pchilikni diqqat e'tiborida bo'ldi. Avvalo Takaful, sug'urta va o'zaro yordam nima, degan savolga javob bersak.
Islom sug'urtasi turli shakllarda amalga oshirilishi mumkin, jumladan takaful, vaqf, o'zaro yordam jamg'armalari va o'zaro sug'urta ko'rinishida. Misol uchun, “takaful” arabcha so'z bo'lib “o'zaro kafolatlash” ma'nosini bildiradi va O'zbekiston qonunchiligida ko'zda tutilgan, fuqaro va tashkilotlar tomonidan muayyan pul mablag'larini birlashtirish yo'li bilan, amalga oshirilishi mumkin bo'lgan ikki tomonlama sug'urtaga mos keladi. Ushbu sug'urta turi ayrim mamlakatlarda vaqf ko'rinishida ham qo'llanib kelinmoqda. Bundan moliyaviy mahsulot yoki tizimning nafaqat nomiga, balki uning shakli va tamoyillariga ham e'tibor qaratish muhimligini anglashimiz mumkin.
Takaful to'g'ri amalga oshirilishi uchun maxsus sug'urta jamg'armasi tuziladi. Jamg'arma a'zolari oldindan e'lon qilingan tartib-qoidaga ko'ra sug'urta uchun badallarni ehson sifatida jamg'armaga kiritishadi, jamg'arma esa o'z mulkiga aylangan ushbu mablag'lar hisobidan a'zolarining kelishilgan zararlarini qoplab turadi. Yil yakunida sug'urtadan ortgan mablag'larning bir qismi jamiyat nizomidagi tartib-qoidalar asosida keyingi yillar zaxirasiga olib qo'yilishi yoki a'zolar o'rtasida taqsimlanishi, vaqf shaklida tuzilgan jamg'armaning qoldig'idan esa muhtojlarga moddiy yordam ham ko'rsatilishi mumkin.
Ko'p hollarda savol tug'iladi: Islomiy sug'urta faqat musulmonlar uchunmi?
— Yo'q bu musulmon va musulmon bo'lmagan barcha uchun mo'ljallangan. Shuning uchun ham bu soha Yevropa va AQSh kabi noislomiy o'lkalarda ham jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Chunki bu tizimning judayam ko'p afzalliklari bor va bu haqda Azon.uz saytida ham bir qator maqolalar e'lon qilingan.
Takafulni amalga oshirish tizimi haqida to'xtalib o'tsak. Jamg'arma boshqaruvi odatda tijorat tashkilotiga topshiriladi. Bunda boshqaruvchi tashkilot jamg'armaga egalik qilmaydi, balki jamg'arma faoliyatini vakil sifatida boshqaradi va o'zining xizmatlari evaziga jamg'armadan haq olish huquqiga ega bo'ladi. Bunda, boshqaruvchi tashkilot va jamg'arma a'zolari o'rtasida manfaatlar qarama-qarshiligi yuzaga kelmaydi, chunki jamg'arma hisobidan zararlarni to'lamaslikdan boshqaruvchi tashkilot hech qanaqasiga manfaatdor bo'lmaydi. Shu o'rinda bir narsani ta'kidlash lozim: jamg'armaning tovon to'lovidan ortgan qismi jamg'arma va uning a'zolari ixtiyorida qoldiriladi, ya'ni boshqaruvchi tashkilot tasarrufiga o'tkazilmaydi.
Ba'zida ko'rilgan zarar taxmin qilingan ko'rsatkichlardan yuqori bo'lib qolishi va shu sababli jamg'arilgan badallar zararlarni qoplashga etmay qolishi mumkin. Shunday paytlarda tovon to'lovi uchun kerak bo'lgan mablag' jamg'armaning boshqaruvchi tashkilotidan qarz yoki boshqa o'zaro sug'urta jamiyatlaridan (avvalroq tuzilgan kelishuv asosida) yordam sifatida olinadi.
Olingan qarzlar keyingi yillardagi sug'urta to'lovlaridan ortgan zaxira hisobidan qaytariladi. Agar boshqa jamg'armalardan, ularga oldindan badal o'tkazib turish hisobiga, yordam puli olingan bo'lsa, ushbu yordam puli qaytarilmaydi, dedi Muzaffar Husniddinov.
Anjumanda:
— O'zbekistonda islom moliyasi rivojlanishining istiqbollari;
— Investitsiyalarni sug'urtalash va eksportni moliyalashtirish;
— Hususiy sektorni rivojlantirish va uning O'zbekistondagi loyihalari;
— Jahon miqyosidagi takaful va uning O'zbekistondagi istiqbollari mavzulariga ham to'xtalib o'tildi.
Islomiy moliya islom aqidasi bilan chambarchas bog'liq. Bu bog'liqlik iqtisodiy faoliyati va moliviy muomalotida musulmonni to'g'ri yo'naltirib boradi. Barcha amaliyotlarida xotirjam va sokin bo'lishini taminlaydi.
azon.uz
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati