Islom dinini xalqimiz diniy ta'limot sifatida qabul qilish barobarida uni ilmiy jihatdan yuksaltirishga beqiyos hissa qo'shdi. Bu bilan o'rta asrlarda yashab ijod etgan movarounnahrlik faqih alloma va mutafakkirlardan bebaho manbalar meros qoldi. O'zbekiston kitob fondlarida yuz mingdan ziyod qo'lyozma asarlar saqlanayotgani, ularning asosiy qismi UNESCOning Madaniy meros ro'yxatiga kiritilgani fikrimiz dalilidir.
Chindan ham O'zbekiston tarixini asrlar osha etib kelgan yozma meros asosida xolisona va chuqur o'rganish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu merosning salmoqli qismini vatanimizdan etishib chiqqan olimlarning asarlari tashkil etadi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko'p asrlar mobaynida yaratib kelingan g'oyat ulkan, bebaho, ma'naviy va madaniy merosni qayta tiklash davlat siyosati darajasiga ko'tarilganligi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi.
Halqning madaniy qadriyatlari, ma'naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma'naviyat manbai bo'lib xizmat qilgan. Uzoq vaqt davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O'zbekiston xalqi avloddan-avlodga o'tib kelgan tarixiy va madaniy qadriyatlari hamda o'ziga xos an'analarini saqlab qolishga muvaffaq bo'ldi.
Hususan, jahon ilm-fani uchun Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar, faqihlar merosini o'rganish katta ahamiyatga ega. Ular tomonidan yozilgan fiqhiy asarlar esa hozirgi vaqtda ham ilmiy dargohlarda islom fiqhi bo'yicha darslik vazifasini o'tamoqda. Bu Movarounnahrda fiqh ilmining yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari, yo'nalishlari, o'ziga xos jihatlari va an'analarini o'rganishga jiddiy yondashish kerakligini ko'rsatmoqda.
So'nggi yillarda yurtimizda milliy qadriyatlarimiz va muqaddas islom diniga oid an'analarning yanada rivojlanishi xalqimizning ma'naviy-ma'rifiy yuksalishida muhim omillardan biriga aylandi.
Prezidentimiz 2017-yil 24-may kuni imzolagan «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorda belgilanganidek, yurtimizda kamol topgan islom olamining mutafakkirlari asarlari va ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasini chuqur o'rganish, yosh avlodni allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ularga nisbatan hurmat, milliy g'urur va faxr tuyg'ularini tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, 2017-yil 15-iyun'da Toshkent shahrida bo'lib o'tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi» mavzusidagi yig'ilishda davlatimiz rahbari «Samarqandda — Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg'onada — Marg'inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda — Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda — Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o'ylaymanki, bu juda foydali bo'ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog'lom e'tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo'lib xizmat qiladi», deb ta'kidlagan edi.
Darhaqiqat, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-biri bilan hamohang bo'lmas ekan, bugungi kunning og'ir va murakkab savollariga to'laqonli javob berish oson bo'lmaydi. Bu borada allomalar ilmiy merosiga yuzlanishimiz, ularni o'rganishimiz har qanday savollarga javob topish imkonini bera oladi.
Yurtimizda dunyoviy va diniy qadriyatlar rivojiga munosib hissa qo'shgan ko'plab allomalar etishib chiqqan hamda ularning asarlari bugungi kunda ham tadqiq etilmoqda. Masalan, Imom Buxoriyning «Al-Jome’ as-sahih», «Al-adab almufrad», Abu Nasr Forobiyning «Risola fi-t tanbih ala asbob as-saodat», Abu Mansur al-Moturidiyning «Kitob at-tavhid», Ibn Sinoning «Kitob al-qonun fit-tibb», Beruniyning «Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya» Abul Qosim az-Zamaxshariy «Muqaddimat ul-adab» kabi asarlar salmoqli o'rin tutadi.
Islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo'lgan, bu sohada beqiyos durdonalar yaratgan Burhoniddin al-Marg'inoniy «Bidoyat al-muntahiy» («Boshlovchilar uchun dastlabki ta'lim»), «Kifoyat al-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta'lim»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Majma ul-navozil» («Nozil bo'lgan narsalar to'plami») va boshqa asarlarida dunyoviy va diniy ilmlarning uyg'unligini ko'rsatib o'tgan. Allomaning «Hidoya» kitobi butun dunyoga ma'lum va mashhur sanaladi. Mazkur kitobda o'sha zamonlarda mo'min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalarni, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas'uliyatiga taalluqli juda ko'p murakkab muammolarni islom huquqi nuqtai nazaridan hal etib berdi. Ushbu kitob fiqh ilmi bo'yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo'lgan. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo'yicha nufuzli huquqiy manba — asosiy qo'llanma sifatida foydalanilgan.
Bunday ulug' zotlarning hayot yo'li va qoldirgan merosini to'liq tasvirlash emas, balki ularning eng buyuk namoyandalari timsolida ma'rifat, ilmu fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o'zida uyg'unlashtirgan xalqimizning ma'naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab berishdan iborat.
Zamonamizda yashab o'tgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugun ham jahon ahlini hayratga solayotganini g'urur bilan ta'kidlash lozim.
Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvar' kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, «...ma'rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o'rganishimiz kerak. Bu ma'naviy xazinani qancha ko'p o'rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko'p savollarga to'g'ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ'ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va osoyishta hayotning qadrini anglab etadi».
Muxtasar aytganda, allomalarimiz hayotiga doir yana boshqa ma'lumotlarni aniqlash va ularning o'sha davrda Movarounnahrda ro'y bergan siyosiy-ijtimoiy hayotga ko'rsatgan ta'sirini, asarlarining bugungi kun nuqtai nazaridan ahamiyatli jihatlarini tadqiq etish foydadan holi bo'lmaydi. Ularning ilmiy merosida sog'lom e'tiqod, teran fikr, to'g'ri talqin islom ta'limotini tushunishda katta omil sanaladi. Zero, dinning vazifasi to'g'ri yo'lga muloyimlik va nasihat ila chaqirishdan iborat.
Boburmirzo BOTIROV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti
Manba: «Yangi O'zbekiston» gazetasi
2021-yil 4-mart, №45 (301)
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).