O'tgan yili 27 aprelda Buxoro viloyatida bo'lgan kuchli to'fonda Olot tumanidagi “Halifa” jome masjidi ham katta talafot ko'rgan edi. O'zbekiston musulmonlar idorasi, mahalliy hokimlik tashabbusi va sa'y-harakati, sohovatpesha insonlar ko'magi bilan ushbu masjid obod qilindi.
Honaqoh ustidagi 13 metrli qayta ta'mirlangan gumbaz jomega o'zacha mahobat va ko'rk bag'ishlab turibdi. Katta xonaqohning o'zida 1000 dan ziyod namozxon ibodat qilishi mumkin.
Zamonaviy usuldagi issitish tizimi va sovutgichlar o'rnatildi. Shuningdek, tahoratxona, kutubxona, ma'muriyat xonalari, avtomobil qo'yish maydoni qurildi, hovliga manzarli daraxt va gullar ekildi.
Ma'lumot uchun, “Halifa” jome masjidi 1912-1914 yillarda mahalliy aholi hashari bilan qurilgan. Sobiq sovet ittifoqi davrida omborxonaga aylantirilgan. 1991 yildan “Halifa” qishlog'ining maraka-marosimlari o'tkazib kelingan. Masjid 2003 yili davlat ruyxatidan o'tkazildi. Shundan so'ng jomeda kundalik jamoat, “juma”, “hayit” namozlari ado etib kelinmoqda.
Qur'oni karimda masjidlarni obod qiluvchilar bunday vasf qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar, ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat). Alhamdulillah, halqimiz orasida bunday kishilar ko'pchilikni tashkil etadi.
Allohni yaxshi ko'radigan sahovatpesha insonlardan O'zi rozi bo'lsin, ushbu xayrli ishga hissa qo'shgan barchaga ajru mukofotini ko'paytirib bersin.
K.Mavlonov,
masjid imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.