Yangilanayotgan O'zbekistonda olib borilayotgan ochiq-oshkora, pragmatik ichki va tashqi siyosat xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, mamlakatimiz qat'iy, chuqur islohotlar va o'zgarishlarning yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda, o'zining mustahkam siyosiy irodasini namoyon etmoqda.
Diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minqlash masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilayotgani quvonarli. Bu, o'z navbatida, davlatimiz rahbari va O'zbekiston Respublikasi hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy me'yorlarga qaratayotgan yuksak e'tiborining yorqin namunasidir.
2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqilgani, BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida O'zbekiston tomonidan taklif etilgan mazkur rezolyutsiya BMTga a'zo 193 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlanishi, shuningdek, 50 dan ziyod mamlakat bilan hammualliflikda qabul qilingani — ushbu yo'nalishdagi ishlarning to'g'ri o'zanda ketayotganidan dalolat beradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida so'zlagan nutqida ham millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni yanada mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanini alohida ta'kidlab o'tdi. Bundan ko'rinib turibdiki, ushbu yo'nalishdagi ishlar umumjahon diqqat-e'tiboridagi muhim masalalardan biridir.
Davlatimiz rahbari tomonidan dunyo e'tirof etgan yurtimiz allomalarining ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish, ularni tadqiq etishni rag'batlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar ham xalqaro hamjamiyat nigohida. Ushbu yo'nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish borasida Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamizning turli hududlarida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkent shahrida esa O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida joylashgan Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgoh majmuasining davlatimiz rahbari tashabbusi bilan batamom qaytadan qurib bitkazilib, ziyorat maskaniga aylantirilganini ham ana shu yo'nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida qayd etish mumkin.
Darhaqiqat, ushbu majmua, xalqimiz, xususan, Namangan aholisining ma'naviy hayotida alohida o'rin tutadigan, tarix sahifalarida oltin harflar bilan muhrlanib qoladigan voqelik bo'ldi. Uvays Qaraniy ziyoratgohining janub tomonida onalari Bibi Naima ona ziyoratgohi joylashgan. Ushbu ziyoratgohda ham qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, kompleks majmuaga aylantirildi.
Majmua mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning amaldagi yorqin isboti sifatida Namangan viloyatining ko'rki va tashrif qog'oziga aylandi. “Vodiyning oltin halqasi” bo'lmish ushbu ko'rkam va zamonaviy majmuaning tantanali ochilishi munosabati bilan xalqaro onlayn ilmiy anjuman tashkil etildi. Unda Rossiya, Misr Arab Respublikasi, Turkiya, Tatariston, Ozarbayjon, qo'shni Qozog'iston va Qirg'izistondan soha mutaxassislari hamda 100 ga yaqin mahalliy islomshunos olimlar ishtirok etdi.
Ilmiy konferentsiya ishida yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ayniqsa, ajdodlar merosini o'rganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi. O'z navbatida, xorijlik mutaxassislar Uvays Qaraniydek ulug' zotga ko'rsatilgan ana shunday yuksak e'tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, O'zbekistonning bu yo'nalishdagi ishlarini olqishladi.
Namangan viloyatida qad rostlagan muhtasham Sulton Uvays Qaraniy majmuasi ham, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, yosh avlodni yuksak ma'naviyatli insonlar etib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadigan maskanlardan biri bo'lib xizmat qiladi.
Abdug'ofur AHMYeDOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi
2021 yil 26 fevral', №41 (297)
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.