Bolalar kattalarga har doim ham ichlaridagi his-tuyg'ularini oshkor qilaverishmaydi. Bunga ko'pincha ota-onaning o'ta qattiqqo'lligi, bolaning har bir ishini, har bir gapini tergayverishi, tanqid qilishi sabab bo'ladi. Bola o'z fikrlarini bayon qila olmay ichida saqlaydigan, o'ziga qarshi nohaqlik qilinsa ham ichiga yutadigan, tengdoshlariga qo'shila olmaydigan, odamovi, bo'shashgan bo'lib qolishiga afsuski, ko'p hollarda ota-onalarning aynan o'zlari sabab bo'lib qolishadi.
Bunday bolalarning ichlarida hech kimga aytmay saqlagan gaplari turli hil ruhiy-jismoniy kasalliklarga chalinishlariga olib keladi. Insondagi qo'rqoqlik, jur'atsizlik xislatlari ham bolalikdan noto'g'ri yondashilgan tarbiya asorati hisoblanadi.
Qachon bola o'z ichidagi tuyg'ularini erkin ifoda qila olsa, qalbidagi xoh yaxshi, xoh salbiy hislarni birov bilan o'rtoqlasha olsa, shunda u butun salbiy energiyasini to'kib tashlagan, uni uzoq vaqt qiynaydigan sarqitdan xalos bo'lgan bo'ladi. O'zida cheksiz rohat tuyadi, butun ichki olami ila xotirjamlik lazzatini his qiladi.
Yoshi katta odamlar bu narsani yaxshi bilishadi. Lekin bolalar ichlaridagi oddiy gaplarni ham oshkor qilishga qo'rqishadi ba'zida. Aytsam ustimdan kulishadi yoki tanqid qilishadi deya-deya oxiri bora-bora mening fikrim hech kimga qiziqmas, men jamiyatga keraksiz odamman deya odamovi bo'lib qolishadi.
Ota-ona bu narsalarni bilishi, farzandining ichidan nima o'tayotganini his qilishi, uning ichki dunyosiga befarq bo'lmasligi, uning ichidagi g'am-g'ussalari uni eb bitirishiga yo'l qo'yib bermasliklari o'ta muhimdir.
Bir ona hikoya qiladi:
“O'g'limni g'amgin holda ko'rsam, unga nima bo'layotganini aytishini so'rayman. “Bolajonim, nima bo'ldi, gapir, nimalarni o'ylayapsan, nega siqilyapsan?” deb ko'nglidan kechayotgan hislarni bilishga harakat qilaman. Agar o'g'lim ichidagi gaplarni menga aytishga iymansa yoki o'zini noqulay sezayotganini payqasam, unga o'zini qiynayotgan muammolarini bir qog'ozga yozib berishini so'rayman.
Bolam ichidagi narsalarni aytib yoki qog'ozga yozib bo'lsa ham chiqarsa, rohat tuyadi, o'zida engillik his qiladi. Men ham bolam nimadan azob chekayotganini bilib olaman va uning kichik qalbiga malham bo'lish harakatida bo'laman. Agar ichidagini bila olmasam, uning dardlarini his qila olmasam, men ham qiynalaman, u ham. Natijada ona-bola o'rtasida muammolar kelib chiqadi”.
Yana bir ona aytadi:
“Har kuni dasturxon ustida o'tadigan vaqtimdan unumli foydalanishga harakat qilaman. Ovqat ustida bolalarimdan bugun maktabda, o'qishlarida qanday qiziq voqea bo'lgani yoki qanday noxush hodisa bo'lgani haqida so'rayman. Bu bilan men farzandimning ichidagi narsalarni tashqariga chiqara olishlik qobiliyatini shakllantira olaman. Voqealarga bolalarim qanday munosabat bildirashayotgani, ularning ruhiy olamlari sog'lom bo'lib shakllanyaptimi, yo'qmi, shularni ham bilib olishimda shu usul yaxshi samara beradi”.
Uchinchi ona aytadi:
“Men farzandimga boshiga biror tashvish tushsa, qandaydir sinovga yo'liqsa, Alloh taologa munojot qilishni o'rgatganman. Ya'qub alayhissalom ham farzandlari bilan sinalganlarida shunday qilganlarini bolalarimga aytib beraman. Ya'qub alayhissalom suyukli o'g'illari Yusuf alayhissalomdan ajralganlarida “Albatta, men dardu hasratimdan faqat Allohning O'ziga shikoyat qilaman” (Yusuf surasi, 86-oyat) degan edilar.
Oyatdan ko'rinib turibdiki, insonning hayotida ro'y beradigan har qanday mahzunlik paytida eng birinchi bo'lib topinadigani Alloh taoloning O'zi bo'lishi kerak. Mana shu tushunchani doim bolalarimga singdirishga urinaman. Bolalarimni g'amgin holatda ko'rganim zahoti undan nima bo'lganini so'rayman. Keyin unga darrov yangi tahorat olib ikki rakat namoz o'qishni, namozdan so'ng duo qilib Alloh taolodan muammolariga echim so'rashini, g'amlarini ketkazishini aytib munojot qilishini aytaman, Alloh bilan dardlashishga o'rgataman. Albatta bu ishda bolalarimga eng birinchi o'zim o'rnak bo'lishga harakat qilaman”.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.
Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.
عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».
Zuhriydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.
Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.
Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.
Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz