OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI
* * *
NAZM
Kimki do'zaxqa tushsa kofirdin,
Chiqmagay jovidon o'shal erdin.
Har azobeki el tasavvur etar,
Do'zaxiylarg'a ul azob etar.
Tushsa gar mo''min jahannamg'a,
Gunahicha qolur o'shal g'amg'a.
Yo shafi'e shafo'at etkay anga,
Manzile jannat ichra etkay anga.
Yo Hudo anga mahz lutf etgay,
Andin ul mehnatu alam ketgay.
Kimki mo''min borur bu olamdin,
Qutulur, bilki, jovidon g'amdin.
Gunahicha agarchi ranj etar,
Lek oxir bihisht sari ketar.
NASRIY BAYoN
Do'zaxning sifati bayoni
Kofirlardan kimki do'zaxga tushsa, u erdan abadiy chiqmaydi. Odamlar tasavvur qiladigan har qanday azob bo'lsa, do'zaxiylarga o'sha azob etadi.
Agar mo''min kishi jahannamga tushsa, qilgan gunohi miqdoricha o'sha g'am-azobda qoladi. Yoki bir shafo'atchi zot unga shafo'at qilib, keyin unga jannat ichra bir manzil tegadi.
Yoki Alloh ta'olo unga sof va xolis lutfu marhamat qilib, undan u mehnat – g'am tashvish va alam, azobu uqubat ketadi (va jannatga kiradi).
Kimki bu olamdan mo''min holida o'tsa, bilginki, u abadiy g'amdan qutuladi. Garchi unga o'z gunohi miqdoricha ranj-azob etsa ham, lekin oxiri jannat tomon boradi.
ILOVA. Baqara surasi, 161-162-oyatlari (ma'nosi): “Shubhasizki, (oyatlarimizga va hukmlarimizga qarshi) kufrga ketib, kofir holida o'lganlar (borki) – Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati ana o'shalarga bo'lur. (Ular) shu (la'natlangan) hol ichra abadiy qolurlar. Ularning azoblari engillatilmas, yuzlariga nazar ham qilinmas” (“Fayzul-Furqon”).
IZOH. Mo''minlarning oxir-oqibat jannatga kirishlariga dalil ushbu oyati karimadir; Maryam surasi, 72-oyat ma'nosi: “Keyin muttaqiy bo'lgan (ibodat va itoat bilan gunohlardan saqlangan) kishilarni qutqarurmiz (jannatga kiriturmiz). Zolimlarni esa u erda tiz cho'kkan hollarida qoldirurmiz”.
Eng oxirida do'zaxdan chiqib,
jannatga kiradigan kishi
Imom Molik, Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qildilar: “Eng oxirida (do'zaxdan chiqarilib) jannatga kiradigan kishi Juhayna qabilasidan Juhayna ismli bir kishidir. Jannat ahli (bir-birlariga): “Juhaynada eng aniq xabar bor, undan so'ranglar-chi: “(Do'zaxda gunohkor mo''minlardan) azob ko'rayotgan biror kishi qoldimi?” – deydilar. U: “Yo'q (boshqa qolmadi)”, deb javob beradi” (“Romuzul-ahodis”, I, s.4:1; Doroqutniy, Hotib, “Ta'rix”).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:
«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.
«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.
«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Keyin u zot:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».
Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.
«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».
Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.
«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».
Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.
«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».
Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.
«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».
Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.
«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».
Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.
Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi