(Kattaqo'rg'on shahar «Qoriravot» jome masjidi imom-xatibi Saydillo domla Ro'ziyev bilan suhbat)
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatga tayyorlanish asnosida imom-xatiblarimiz xalqimizning quvonchli kunida ham, qayg'uli kunida ham yonida bo'lishlarini mulohaza qildim. Shu sababli sizlardan juda ko'p so'rovlar bo'ladi, albatta. Bugun sizga qaysi mavzuda ko'proq savol berilyapti?
– Alhamdulillah, vassolatu vassalomu 'alaa Rasulillah. Haqiqatan, bizga telefon orqali yoki bevosita o'zimizga turli savollar bilan murojaat qilishadi. Eng ko'p uchraydigan, dolzarb bo'lgan savollardan oila mavzusini olishimiz mumkin. Dinimizda bu masalaga jiddiy qaraladi.
Yosh oilalar o'rtasida kelishmovchiliklar bo'lishi tabiiy hol. Ana shu kelishmovchiliklar chiqqan vaqtda shariatdan bexabar ba'zi erlar, bilib yoki bilmay, jufti halollariga nisbatan taloq so'zini ishlatishga odatlanib qolishgan. Arzimagan narsalar sabab ham ayoliga taloq berib yuboradiganlar yo'q emas.
– O'rni kelganda taloq so'zining lug'aviy va istilohiy ma'nolariga to'xtalib o'tsangiz. Shunda bugungi mavzu yanada tushunarli bo'lardi, inshaalloh.
– «Taloq» so'zining lug'at jihatdan moddiy va ma'naviy tugunni echish degan ma'noni bildiradi. Shar'iy istilohda esa, maxsus bir lafz bilan nikohni ketkazish, nikohni buzish, er-xotin o'rtasidagi halollikni nuqsonga uchratish degan ma'noni bildiradi. «Maxsus lafz»dan murod taloq yoki uning ma'nosini anglatadigan so'zlardir. Ya'ni taloq ham deyish mumkin yoki taloq ma'nosini ifodalaydigan boshqa so'zni aytish ham mumkin. «Nikohni ketkazish» nikoh ahdini, bog'langan nikohni echib, oradagi o'sha ma'naviy bog'lanishni yo'qotish degani.
Nikohlanayotgan vaqti er-xotin ikki guvoh huzurida biri ikkinchisiga o'zini baxshida etgani ikkinchisi qabul qilgani bilan nikoh ahdi bog'lanadi. Qarang, bir lafz bilan nikoh ahdi bog'lanadi, birgina taloq lafzi bilan ana shu bog'langan ahd echiladi. Nikoh kelin-quyov o'rtasida halollik olib kelsa, uchta taloq bilan o'sha halollik barham topadi. Ya'ni talog'i berilgan ayol o'zini taloq qilgan kishiga halol bo'lmay qoladi. Demak, shariatimizda eng oxirgisi uch taloq, uchta taloq olgan xotin keyin o'zining eriga halol bo'lmay qoladi. «Halolligini nuqsonga uchratish» degani bu er bir taloq qo'ysa, uch taloqdan bittasi erning zimmasidan ketadi. Hotining unga halolligi nuqsonga uchraydi. Erda ikki taloq qilish huquqi qoladi, lekin o'sha bir talog'dan keyin yana ayoliga qaytib, birga yashashi mumkin.
– Aslida, taloq berish qachon joiz bo'ladi?
– Shariatda har bir narsaga yo'l ko'rsatilgan. Taloq bu oxirgi chora. Er-xotin birga yashashining umuman iloji qolmagan vaqtda, birga yashash umuman umid yo'q vaqtda oxirgi chora sifatida shariatimizda taloq qilishga ruxsat berilgan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jallaga eng yomon ko'rilgan halol – taloqdir», deydilar. Demak, taloq qilish asli halol, ruxsat berilgan. Faqat bu ruxsatdan xotin bilan birga yashashning umuman iloji qolmagan vaqtda foydalaniladi. Hotin fashh ish ustida qo'lga tushsa, er u bilan birga yashashga aniq ko'zi etmaydi, birga yashay olmaydi. Ana shunda oxirgi chora sifatida taloq qilinishi mumkin. O'shanda ham shariatga va sunnatga muvofiq taloq berilishi kerak. Demak, halol bilan halolning ham farqi bor ekan. Ya'ni Alloh taolo ba'zi halollarning ba'zisini yomon ko'rar ekan. Taloq so'zi shunchalik Allohga yoqimsizki, bu so'zdan hattoki, Allohning Arshini larzaga keladi deyilgan. Bir mo'min erkak xotiniga taloqsan desa Alloh taoloning Arshi larzaga kelar ekan. Demak, taloq so'zini buhudaga aytilinmaydi. Bu oxirgi chora sifatida ruxsat berilgan narsa.
– Taloq berish joiz holat yuzaga kelganda uni amalga oshirish tartibiga ham aniqlik kiritib ketsangiz?
– Avvalo, dinimizda har ish shariatga muvofiq qilinishi muhim. Demak, taloq qiluvchi shar'iy taloq berishi kerak. Hanafiy ulamolardan Kamol ibn Humam va Ibn Abdinlar: «Aslida taloq man qilingan va yaxshi narsa emas, faqat noiloj qolingan paytda istisno tariqasida ruxsat berilgan», deyishgan.
Aslida taloq taqiqlangan narsa ekan, faqat uni muboh qiluvchi oriz bo'lganda, ya'ni bir taloq qilishga majbur bo'lib qolgandagina ruxsat berilgan. Taloqning muboh bo'lishi xotin bilan yashashning umuman iloji yo'q vaqtda oxirgi choradir. Sababsiz, hojat tushmay turib yoki arzimagan narsalar uchun taloq sodir bo'lsa, bu ahmoqlik, pastkashlik, kufroni ne'mat bo'ladi. Behudaga xotiniga taloq aytaverish ayolga, uning qarindoshlariga va bolalariga ozor berishdir. Bu katta gunoh bo'lar ekan. Bu gaplarni har bir musulmon erkak, ayol yaxshilab bilib olishi kerak. Hojatsiz, shar'iy uzrsiz taloq qilgan odam katta gunohga qo'l uradi.
Demak, taloqning shar'iy bo'lishi uni sunnatga muvofiq amalga oshirishdir. Bu sunniy taloq deyiladi. Bunda xotinni hayz va nifosdan pok bo'lgandan keyin, yaqinlik qilmasdan turib bir taloq qo'yiladi. Ya'ni hayz-nifosdan pok bo'lgan vaqtda teginmaydi-da, bir taloqsan, deydi. So'ng ayoli keyingi hayz ko'rgunicha jimo qilmaydi, ikkinchi poklik tugagach, yana bir taloq qo'yadi. Shunday qilib uchinchi martadan keyin uch taloq tushadi. Mana shu – sunnatga muvofiq taloq. Birdaniga uch taloqni qilish shar'iy emas, bid'at yoki bid'iy taloq deyiladi. Birdaniga uch taloq degan kishi gunohkor bo'ladi. Bid'iy taloq sunniy taloqqa xilof. Albatta, bid'iy taloq qilgan odamning ham talog'i tushadi-yu, lekin bunday qilgan kishi katta gunohkor bo'ladi.
Hozir ilmi yo'q yigitchalar birdan xotiniga uch taloq deb yuboryapti. Uch taloqdan keyin erda xotiniga nisbatan iddadan boshqa haqqi qolmaydi. To'rt oyu o'n kun idda o'tirgan ayol eriga tamoman begonaga aylanadi. Ayol boshqa turmush qilib, keyinchalik undan ajrab, idda o'tirganidan keyingina birinchi eriga nikohlanishi mumkin bo'ladi.
Bu erdagi muhim jihat ayolning ikkinchi er bilan nikohi sahih bo'lishi kerak. Shariat ko'rsatmalaridan birortasiga xilof ravishda amalga oshirilgan fosid nikoh bu xotinni birinchi eriga halol qilmaydi. Kelishib olib, halola qilish uchun yoki iddasi tugamay o'qilgan nikoh bilan ayol birinchi eriga qayta olmaydi. Ikkinchi er bilan to'laqonli jimo bo'lishi kerak, u bilan qo'shilib, lazzatlanish sodir bo'lishi kerak. Agar bunday bo'lmasa, ayol ikkinchi eriga halol bo'lmaydi, birinchi eriga qaytib tega olmaydi.
– Hotiniga taloq bergan aksariyat kishilar «Mast edim» yoki «Jahlim chiqib turganida taloq berib yuboribman», deb o'zlarini oqlamoqchi bo'lishadi. Bunga nima deysiz?
– Haqiqatda, taloq mavzusi beriladigan savollarning asosiy qismini mastlikda yoki jahl chiqib turgan holatda qo'yilgan taloq o'tadimi degan mazmunda. Bizning mazhabda mast holatda taloq bergan kishining talog'i tushadi deyilgan. Chunki aroq ichgan odam gunohi kabiraga qo'l urdi. Ya'ni Alloh taolo harom qilgan narsani ichdi. Uning ustiga yana xotiniga taloq aytishi – gunohning ustiga gunoh. Boshqa mazhablarda aqlini yo'qotgan kishiga hukm berilsa-da, bizning mazhab ulamolarimiz aroq ichganligiga zajratan ham mast odamning qilgan talog'i tushadi, deyishgan. «Nima uchun aqlini yo'qotgan bo'lsa, borib opasiga, onasiga yoki uyidagi biror hayvonga sen taloqsan, deb aytmayapti. Aynan xotiniga taloq deyishga aqli etyapti. Demak, uning aqli joyida», deb hukm qilishgan. Osmon bilan erning farqiga bormaydigan bo'lsa, u boshqa masala.
– Domla, taloqning hikmatini nimalarda ko'rish mumkin?
– Dunyo tarixiga nazar solinsa, taloqning chegarasi bo'lmagani yaxshi, erkak xohlagan vaqtda taloq berishga haqqi bo'lishi kerak, degan jamiyatlar ham bo'lgan. Johiliyat davrida ham shunga o'xshash tushunchalar hukm surgan. Tasavvur qiling, bechora ayol eriga sal yoqmay qolsa, eri ham hech qanday mas'uliyatni his qilmay talog'ini beraversa. Bu narsa ayol kishiga nisbatan zulmdir.
Shuningdek, taloqqa mutlaqo ruxsat bermaslik kerak, degan toifalar ham bor. Hozir ham bunaqalar uchrab turadi. Aslida ular bu gapni yaxshi niyat bilan aytayotgan bo'lishi mumkin, lekin bunda insonning tabiati hisobga olinmagan. Hayotda har xil holat uchraydi. Ba'zan er-xotin ajrashmasa, undan-da og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ajrashish uchun baribir bir yo'l bo'lishi kerak. Johiliyat davrida ham er xotiniga taloq bermagan-u, yillab unga qaramagan, xohlagancha ezgan. Bu to'g'ri yo'l emas. Inson – xoh u ayol, xoh erkak bo'lsin, bir turmushdan halovat topmadimi, boshqa birov bilan oila qurib yashashga haqqi bor.
Allohning oxirgi va mukammal dini Islomda bu masalada o'rtacha yo'l tutilgan. Lekin shunda ham ma'lum shart-sharoitni hisobga olish lozim. Avvalo taloqqa noiloj qolganda, er-xotin ajrashmasa bo'lmaydigan oxirgi nuqtaga kelinganda ruxsat berilgan. Demak, buning hikmati shuki, Alloh Haq subhanahu va taolo sizu biz, bandalarini, nimaga toqatimiz etadi, nimaga etmaydi yaxshi biladi. Shuning uchun uni Alloh taolo shariatga kirgizdi. Bu inson uchun engillik, ya'ni oxiri berk ko'cha emas.
Endi yoshlarga nasihatimiz Alloh taoloning hukmi va Payg'ambar alayhissalomning sunnatlari bilan halol-pokiza qilib olgan jufti halollarini bir og'iz so'z orqali o'zlariga harom qilib qo'yishmasin. Albatta, hayotda har xil holat bo'ladi. Shunda darhol tilimizga taloq so'zini olmaylik. Keyingi pushaymondan foyda yo'q. Qancha-qancha yigitlar o'rtada farzand bor, deb yig'lab kelishadi. Chunki taloq ayttirgandan keyin shayton uni o'z holiga tashlab qochib ketadi. Hatosini tushunib etganda esa kech bo'ladi. Shaytonning eng katta yutuqlaridan bittasi oilada taloq so'zini ayttirish, er-xotinning o'rtasini harom qilish bo'lar ekan.
Demak, taloq qo'ygan yigit bilsinki, u shaytonning aytganini bajo keltirdi, unga yordam berdi, uni semirishiga xizmat qildi. Shaytonni xursand bo'lishiga xizmat qildi. Hotin unga harom bo'lganidan keyin ham u bilan yashashda davom etgan kishi Alloh Haq subhanahu va taoloning hududi-chegarasi buzgan bo'ladi. Uning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Uning orqasidan katta-katta balolar kelishi mumkin. Chunki Allohning chegarasi buzilsa, Alloh taolo, albatta, intiqom oladi. Vallohu a'lam bis-savob.
G'iyosiddin Yusuf suhbatlashdi
«Hilol» jurnalining 2(23) sonidan
Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi Bandixon tumanida o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduxalil domla Abdunazarov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirga Surxondaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Bandixon tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, Haj-2024 ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilinib ular ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar, jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan umumiy hisobda 30 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar
So‘ng ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan xayrli ishlar”, “Mehr-oqibat va shukronalik fazilati”, “Tinchlik va osoyishtalik qadri” va “Masjidlarni obod qilish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilinib, bir yuz o‘ttiz besh nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Bandixon tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Surxondaryo viloyati tumanlar imom-xatiblari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruhning faoliyati davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
matbuot xizmati