Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Sentabr, 2025   |   1 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:11
Peshin
12:20
Asr
16:31
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
23 Sentabr, 2025, 1 Rabi`us soni, 1447

BOBUR VA ISLOM: «MUBAYYaN»NING TAYaNGAN MANBALARI

18.02.2021   2111   8 min.
BOBUR VA ISLOM: «MUBAYYaN»NING TAYaNGAN MANBALARI

“Mubayyan” asarining “E'tiqodiyya” (Iymon-e'tiqod) bobidagi islomiy aqoid masalalari birinchi navbatda hazrati Nu'mon ibn Sobit Abu Hanifa – Imom A'zamning “Al-fiqhul-akbar” (“Eng ulug' fiqh”) kitobiga tayangan. Iymonning tamalini barpo etuvchi olti asos, Alloh ta'oloning subutiy (O'z zoti bilan sobit bo'lgan) hayot, ilm, iroda, qudrat, sam' va basar (eshitish va ko'rish), kalom (so'zlash) sifatlari va tavhidga oid hukmlar mazkur asarga muvofiqdir. shuningdek, Imom Abu Mansur Moturudiyning “Tavhid” asari va boshqa e'tiqod kitoblaridan foydalanilgan bo'lishi ham ilmiy haqiqatdan uzoq emas.

“Mubayyan”dagi (tahorat, namoz, zakot, ro'za, haj kabi) barcha fiqhiy masalalarning hukmlari asosan “Muxtasari Viqoya” kitobiga deyarli nuqtama-nuqta muvofiqdir. shuningdek, “Hidoya”i sharif va Hanafiy mazhabinig boshqa kitoblaridan va sharhlaridan istifoda etilgani kuzatiladi.

Kitobdagi duo matnlari esa asosan kutubi sittada, ya'ni hazrati Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy kabi olti ulug' muhaddisning kitoblarida, ba'zan Imom Tabaroniy asarida kelgan hadislardan hamda hazrati Imom G'azzoliyning “Ihyou ulumud-din” kitobidan tanlab olingan. Haj kitobidagi ba'zi duolar esa yig'ma duolardir: ba'zilari mo''tabar hadis kitoblaridan, ba'zilari salafi solihiyn, ya'ni o'tgan solih zotlarning qavllaridan saralab olingani aniqlandi. O'rganish asnosida Bobur Mirzoning “Ihyou ulumid-din”  kitobiga ulug' e'timod bilan qaragani ma'lum bo'ldi.

 

“MUBAYYaN”DAGI ARABIY MATNLAR

 

“Mubayyan”dagi arabiy matnlar na't bobida ba'zi iboralar (oyat va hadisi qudsiyning qismlari), namoz boblarida  sura nomlari, ba'zi oyati karimalar, salavot va qunut duosi, tahorat boblarida xos duolar, haj boblarida talbiya, hadisi sharif va yig'ma duolardan iborat. Ular Qur'oni karim, hadis, zikr va duo kitoblaridan saralab olingan.

 

«MUBAYYaN» HUSUSIYaTLARI

 

«Mubayyan» asari “Hamd” – Alloh ta'ologa hamdu sano, “Na't” – sayyidul mursaliyn sollallohu alayhi va sallam ta'rif va xislatlari, “Kitob nazmining sababi” kabi kirish qismlaridan va 1) “E'tiqodiyya” («Iymon-e'tiqod kitobi»), 2) “Kitobus-salot” (“Namoz kitobi”), 3) “Kitobuz-zakot”, 5) “Kitobus-savm” (“Ro'za kitobi”), 5) “Kitobul-haj” kabi besh ruknga oid mustaqil boblardan hamda “Kitob xotimasi” bo'limidan iborat.

Barcha mumtoz adiblar singari Bobur ham asarni «Bismillahir-rohmanir-rohiym» bilan boshlab, avval Alloh ta'ologa hamdu sanolarini, so'ng hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga na't – ta'rif va salotu durudlarini bayon etadi.

 

 

Haqqa hamdu sano ado qildim,

Haq oti birla ibtido qildim.

Ibtido qilg'ulik nekim bordur,

Qilmasang oti birla, abtardur.

 

“Avval Haq ta'ologa hamdu sano bayon etdim va asarni Haq ta'oloning ismi bilan boshladim. Chunki, boshlash mumkin bo'lgan nimaiki yaxshi narsa bo'lsa, agar uni Allohning ismi bilan boshlamasang, abtardir – oxiri kesik, davomi yo'q, orti benatijadir”.

Shundan so'ng Alloh  ta'oloning komil sifatlari, qudrat va azamatini zikr qilib:

 

Qodiru barkamol Tengridurur,

Qohir Zuljalol Tengridurur.

Har nakim qilsa, Ul qilur, beshak,

Har na kim qilsa, Ul bilur, beshak.

 

deydi; Ya'ni: “Har ishga qodir, komil sifatlarga sohib yagona zot Allohdir, Qahhor sifatiga ega, jalol – behad ulug'lik va benihoyat buyuklik egasi Allohdir. Barcha narsaning yagona fo'ili – bajaruvchisi, har bir ishning qilguvchisi Udir; qiladigan ishini biladigan ham, bilgan ishini qiladigan ham, har kim ne ish qilsa, uni biluvchi ham Udir! Bu ta'riflar Sirojiddin Usmoni O'shiyning «Omoliy» manzumasi mazmuniga ham mos keladi. Bobur yozadi:

 

Muntazir rahmatig'a gumrohlar,

Muftaxir qullug'i bilan shohlar.

 

“Gumrohlar – yo'ldan adashganlar, xatoyu gunohga tushganlar ham uning rahmatiga intizor, umidvor, shohlar ham Unga bandalik, qullik va ibodat qilish bilan faxrlanadi”.

 

Yamonu yaxshig'a umid Andin,

Qo'rqmoq andinu navid andin.

 

Yaxshi-yomon insonlarning umidi faqat Undandir, xavfu rajo – qo'rquv ham, umid ham faqat Undandir. Chunki mo''min kishiga xavfu rajo – umid bilan qo'rquv orasida yashash vojibdir.

Bobur hamd aytishda davom etib: «Insonning jismida necha tuk bo'lsa, ular sening va boshqa barcha insonlarning tanida til bo'lib, hammasi Allohning hamdini aytib, Uni zikr qilsa, oylaru yillar Unga hamdu sano aytsa, barchalarining so'zi bir bo'ladi: hammalari  o'z ojizligiga iqror bo'ladi, xolos”, deydi. Ya'ni, yagona va qudratli Zotning nazdida hamma o'z ajziga iqrordir. Bu ta'riflar Bobur ma'rifatining mumtoz namunalaridir.

«Sayyidul-mursaliynning na'tlarida, sollallohu alayhi va sallam» degan bo'limda Bobur yozadi:

 

Vojib o'ldi borig'a shukri Hudoy,

Mustafo bo'ldi bizga rahnamoy.

 

Bandalarning hammasiga Allohga shukr keltirish vojib bo'ldi, chunki bizga hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam – Allohning mumtoz tanlangan bandasi to'g'ri yo'lni ko'rsatuvchi, haq yo'ldan boshlovchi bo'ldilar.

Bobur nazm tili bilan: “Yo'lchisiz, yo'lboshchisiz kim yo'lda bora olar edi? Borsa ham, birinchi qadamdayoq qolib ketadi. Lekin kimning hazrati Ahmad sollallohu alayhi va sallam kabi yo'lboshchisi – kuzatuvchi nogohboni bo'lsa, yo'lda yuz xavf bo'lsa, ne parvoyi bor u zotning yo'lidan yurib, sunnatiga amal qildimi, bas, u, albatta, yaxshilikka erishadi”, deydi.

 

Uldurur anbiyo sarafrozi,

«Qoba qavsayn» mahrami rozi.

 

“Barcha payg'ambarlarning sarafrozi – ulug'i, yuksagi, imomi, Qur'oni karimda kelgan «Qoba qavsayn» iborasi sirrining sirdoshi, ya'ni me'roj voqeasi bilan sharaflangan ham u zotdirlar”, deb tavsiflagach, na't so'ngida:

 

Menga qilg'il shafo'ating hamroh,

Ne dey o'zga: Alayka sallalloh;

 

Ya'ni: «Ey Allohning Rasuli! Qiyomat kunida menga shafo'atingizni yo'ldosh aylang! Boshqa ne deyin: Sizga salotu salomlar – durudu duolar bo'lsin», deb duo qilib qoladi. Haqiqatan, asarning hamd va na't qismi Bobur ma'rifati, iymon va ixlosining yorqin namunasidir.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida

20.09.2025   17643   3 min.

Mamlakatimizning bir guruh diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi xodimi Muhammadamin Nasriyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev va bir nechta soha mutaxassislari bor.

Dastlab Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri o‘rinbosari Abdulloh A’qiyl hamda Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi vakili Ismoil Habbat bilan muloqot o‘tkazildi. Samimiy muloqotda tomonlar o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot hamda o‘quv-uslubiy, shuningdek, ekstremizm hamda radikalizmning oldini olish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi. Shuningdek, Iordaniya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya, grant ajratish va yotoqxona bilan ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishchi rejasini tasdiqlash kerakligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti rektori Ja’far al-Fanatseh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ikki mamlakat oliy diniy ta’lim muassasalarida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini aniqlash, o‘quv dasturlarini o‘rganish va bir-biriga muvofiqlashtirish haqida so‘z yuritildi. Pedagoglar, ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislarni o‘zaro jalb qilish, malaka oshirish va stajirovka, mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi. Suhbatda Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent islom instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumlarini imzolash masalasi bo‘yicha so‘z yuritildi.

Iordaniya xalqaro islom fanlari universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzularida fikr almashildi. Mamlakatning mavjud qonunlari va universitet ichki tartib qoidalariga rioya etish tushuntirildi, Iordaniyada yurtimiz allomalari ilmiy merosi va turizm salohiyati targ‘ibotini amalga oshirish tavsiya qilindi.

Delegatsiya a’zolari mazkur universitetning Shariat va qonun fakulteti dekani, professor Shayx Saloh Abulhoj va hanafiy mazhabi mutaxassislari bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida Shayx Saloh Abulhoj yurtimiz vakillarini Iordaniyada ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Uchrashuvda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, buyuk allomalarni yetishtirib chiqargan yurt ekani, o‘zbek xalqining bag‘rikeng va mehmondo‘stligi Iordaniyalik professor-o‘qituvchilarga tanishtirildi.

Manba: https://www.iiau.uz

Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida