Nasabni saqlash
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَٱللَّهُ جَعَلَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَٰجٗا وَجَعَلَ لَكُم مِّنۡ أَزۡوَٰجِكُم بَنِينَ وَحَفَدَةٗ
«Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi ...» (Nahl,72).
Insonlar uchun juftini yaratishdan maqsad farzandlar va ulardan nabiralardek ko'zni quvontiradigan ne'matlarni paydo qilganini bayon etdi. Demak, Alloh taolo ushbu yo'l bilan insonlarning naslu nasabi davom etishini iroda qildi. Mo'minlarning oila qurishdan asl maqsadlari ham aynan shunday bo'lishi lozim.
Axloqsizlikdan saqlanish
Payg'ambarimizning (alayhissalom) ushbu hadislariga yana murojaat qilamiz:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- " يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنِ اسْتَطَاعَ مِنْكُمُ الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّجْ فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ ". (رواه مسلم)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo'lsa uylansin, chunki u ko'zning tiyilishi va farjning pokligidir...”, dedilar.
Janob Sarvari olamning hadislarini har safar o'qiganimizda, olam-olam ma'no va mazmun chiqadi. Mazkur hadisda, “ko'zning tiyilishi” va “farjning pokligi” deya axloqiy jihati ham bayon qilingan. Demak, uylanish va turmushga chiqishdagi hikmatlar kishining axloqiga ham sayqal beradi.
Er va xotin hamjihatligi
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- ...والرجل راع في أهله وهو مسؤول عن رعيته والمرأة راعية في بيت زوجها ومسؤولة عن رعيتها... (رواه البخاري)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Erkak o'z ahliga rahbar va qo'l ostidagilardan mas'ul. Ayol erining uyida rahbar va o'z qo'l ostidagilardan mas'uldir...”, dedilar.
Islom ta'limoti naqadar go'zal. Oila mavzuida bayon qilingan ushbu hadis zamirida er va xotinning zimmasidagi burchlari e'tirof etilgan. Ro'zg'or boshlig'i erkak kishi o'z oilasida rahbar bo'lib, barcha qo'l ostidagilar, ya'ni xotini, farzandlarining moddiy va ma'naviy tomondan ta'minotchisi hisoblanadi. Bu muqaddas dargohning sultoni bo'lmish ota oila a'zolarining barcha zaruriy ehtiyojlarini qondirishi lozim.
O'z navbatida, oila deya atalmish mustahkam qo'rg'onning bekasi bo'lgan ayol esa, eri va farzandlarining uy yumushlariga mas'ul. Oila saltanatining vaziri bo'lmish ona ro'zg'or pokizaligi, xonadon yumushlari, ya'ni kiyim-boshlarni tozalash, taomlar tayyorlash va hokazo kabi ishlarga mas'uldir. Shu bilan birgalikda, erining mehnatu mashaqqat bilan topib kelayotgan molu mulkini isrof qilmasdan sarf qilishi va farzandlariga ham buni qadrlashni o'rgatishi lozim. Ana shunday hamjihatlik va ittifoqlik bilan qurilgan oila mustahkam, tartibli, fayzli va barakali bo'ladi.
Kasallik va ofatlardan saqlanish
قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم- "لا ضرر ولا إضرار..." (رواه أحمد وابن ماجه)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Zarar berish va zararlanish (islomda) yo'q” , dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Kishining biror kimsaga hech qanday yo'l bilan zarar etkazishi dinimizda yo'q. Shuningdek, o'zi ham zararlanishining oldini olishi lozim. Buning er-xotinlikka qanday aloqasi bor, degan savol tug'ilishi tabiiy. Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) hadislarida: “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo'lsa uylansin, chunki bu ko'zning tiyilishi va farjning pokligidir...”, dedilar.
Nikoh yoshiga etgan yigitga turli buzuq yo'llardan o'zini saqlashning eng maqbul yo'li uylanish ekani bayon qilindi. Hadisda aytilgan “farjni saqlovchi” jumlasidan murod o'zini saqlashga kuchi etmaydigan kishi uylanmasa, zino qilish xavfi borligidir. Buning oqibatidan kelib chiqadigan dardu balolarni batafsil bayon qilindi. Bunday dardlarga chalingan kishi nafaqat o'zi, balki oilasiga ham zarar etkazishi aniq. Kasalligi yuqumli bo'lsa, eng oldin oila a'zolariga, qolaversa, atrofdagi kishilarga ham ziyon etkazadi.
Ruhiy va nafsiy taskin topish
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَمِنۡ ءَايَٰتِهِۦٓ أَنۡ خَلَقَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَٰجٗا لِّتَسۡكُنُوٓاْ إِلَيۡهَا وَجَعَلَ بَيۡنَكُم مَّوَدَّةٗ وَرَحۡمَةًۚ
«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir...» (Rum, 21).
Alloh taolo insonni yuksak hikmat ila yaratdi. Kishining tabiati nimaga muhtoj bo'lsa, halol-pok yo'llar bilan o'sha narsaning muqobilini paydo qildi. Erkakni ayolga, ayolni esa erkakka muhtoj qildi. Odam naslining davom etishini ham bu ikki jins vakillarining bir-birlariga qovushishlari, ya'ni er-xotinlik asosiga bog'ladi. Shu bilan birga, ularni bir-birlaridan ruhiy, nafsiy va jismiy taskinu rohat oladigan qildi.
Erkak kishi uzoq muddat ayoli bilan qo'shilmasligi oqibatida turli kasalliklar paydo bo'lishini tibbiyot olimlari ilmiy ravishda isbotlashdi. O'z o'rnida, ayol ham ko'p muddat ersiz yashasa, turli dardlarga chalinishi aniqlandi.
Adolat peshvosi hazrat Umar (roziyallohu anhu) zamonida ushbu masala yuzasidan ham odillikni o'rnatgan. Din dushmanlari bilan bo'ladigan g'azotlar ba'zida bir necha oy davom etar, unda qatnashib uzoq muddat oilasidan olisda bo'lgan askarlarning uyida qolgan xotinlari muammolari hazrat Umarni tashvishga solardi. Bu muammoni echish maqsadida Hafsa onamizdan ayollarning bu boradagi sabrlari cho'qqisi haqida so'radi. Hafsa onamiz, bunday holda ayollar nari borsa to'rt oy sabr qila olishini aytdi. Shundan keyin Mo'minlar amiri har to'rt oyda askarlarni almashtirib turishga qaror qilib, bu borada ham odillikni yo'lga qo'ydi.
Yolg'izlik holati ushbu muddatdan oshsa, sabrsiz va diyonatsiz ayol bo'lsa, zinoga qadam qo'yish ehtimoli bor. Agar ayol sabru bardoshli, ibo-hayoli bo'lsa, bu muddat o'tishi bilan ayollarga xos kasalliklar vujudga kelishi ehtimolini tabobat ahllari ta'kidlashgan. Demak, er-xotinlikning manfaatli tomonlaridan biri har tomonlama bir-birlaridan taskin va halovat olish, buning asosida turli kasalliklardan saqlanishdir.
Solih zurriyot qoldirish
عن سعيد بن أبي هلال أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: " تناكحوا تكثروا فإني أباهي بكم الأمم يوم القيامة ". (رواه عبد الرزاق في مصنفه)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uylaninglar, nasl qoldiringlar, ko'payinglar, bas, men qiyomat kuni sizlardek ummat (ko'pligi) bilan faxrlanaman”, dedilar (Imom Abdurrazzoq rivoyati).
Ushbu hadisda Muhammad (alayhissalom) halol yo'l bilan nasl qoldirish, ko'payishga targ'ib etib, bunday komil e'tiqodli ummatlarning ko'pligidan faxr qilishlarini aytganlar.
Shu bois ota-ona o'z farzandiga oilaning fazilat va hikmatlarni tushuntirishi, nikohda avvalo, Parvardigor rizosi borligi va Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) targ'iblari, uni ikki dunyo baxtu saodatini ko'zlab amalga oshirishni uqtirishi lozim. Ana shunda farzand aqlli va nafsiga hokim, shayton gapiga uchmaydigan, inson sha'niga dog' tushiradigan buzuqliklardan uzoqda bo'ladi.
Ba'zan ayrim badavlat otalarning noto'g'ri fikrlari quloqqa chalinadi. Ular fikricha, voyaga etgan farzandga moddiy yordam yoki ma'naviy ko'mak berish shart emas. Ushbu yoshdagi har bir farzand o'zi ishlab mablag' topishi va topgan mollari hisobidan uylanishi yoki xohlagan maqsadda ishlatishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu fikr zamirida otaning xasis va johilligi ko'zga tashlanadi. Bunday fikr dinimiz ta'limotiga zid.
Hazrat habibur Rahmon (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida ota-onaning farzandi oldidagi burchlaridan biri farzand voyaga etganda o'g'il bolani uylash, qiz bolani esa turmushga chiqarish ekani aytilgan.
Yuqorida aytib o'tilganidek, o'ziga xos “tarbiyaviy uslub” qo'llamoqchi bo'lgan, aslida molu davlatni farzandlaridan ham qizg'anadigan ota bu “tarbiya”sining ortidan ko'p xatolarga yo'l qo'yadi.
Birinchidan, farzand pul topish maqsadida turli ko'cha-kuylarga kiradi. To'g'rimi, egrimi, qing'irmi, qiyshiqmi, qaysi yo'l bilan bo'lsada pul topish yo'lini izlaydi. Bu yo'lda unga birovning haqini eyishmi, o'g'rilikmi, noqonuniy tijoratmi, farqi yo'q. Chunki farzand nazoratsiz qolgani oydek ravshan. Tarbiyasiga mas'ul bo'lgan ota esa e'tiborsiz.
Ikkinchidan, farzand ko'zlangan boylikni qay yo'sinda bo'lsada topdi, deylik. Ana endi, topgan davlatini yaxshilikka sarflashi amrimahol. Molu davlat topilganidan keyin, farzand ota maslahatiga quloq solmaydi. Otaning “noyob uslubi” shunday “ish” beradiki, oqibatda toshbag'ir, mehrsiz va ziqnalik borasida ota va farzand yo'llari birlashadi. Ammo ota-bola o'rtasidagi hurmat-e'tibor, qadr-qimmat, mehr-muhabbat, biror ishda maslahat solish, birdamlik borasida yo'llari ayro-ayro bo'lib, bunday fazilatlardan mosuvo qoldi.
Shuning uchun har bir ota-ona o'z dilbandiga baxillik va xasislik qilmasdan, mollarini ularning hayot yo'llari chiroyli yo'lga tushguncha isrof qilmasdan sarflagani maqbul. Zotan, har bir insondan keyin uy-joyiga egalik qiladigan, uni eslab duo qiladigani ana shu farzandlari bo'ladi. Shu bois, har bir mo'min kishi Alloh ato etgan davlatni kimga va nima maqsadda sarflashi lozim ekanini chuqur anglashi zarur.
Bu borada janob Faxrul koinotning (sollallohu alayhi vasallam) muborak hadislariga murojaat qilamiz:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « دِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِى سَبِيلِ اللَّهِ وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِى رَقَبَةٍ وَدِينَارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ أَعْظَمُهَا أَجْرًا الَّذِى أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِك». (رواه مسلم)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh yo'lida ehson qilingan dinor, qul ozod qilish uchun sarf qilingan dinor, miskinlarga sadaqa qilingan dinor, ahlingga nafaqa qilingan dinorlarning eng savobi kattasi ahlingga nafaqa qilganingdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ota-onaning navbatdagi vazifasi o'g'liga odobu iffatli, Yaratganga itoatli soliha qizni tanlashdir. Shu bois mo'min doimo Allohdan xushxulq ayol va undan dunyoga keladigan farzandning salohiyatli bo'lishini so'rab, ushbu duoni o'qiydi:
رَبَّنَا هَبۡ لَنَا مِنۡ أَزۡوَٰجِنَا وَذُرِّيَّٰتِنَا قُرَّةَ أَعۡيُنٖ وَٱجۡعَلۡنَا لِلۡمُتَّقِينَ إِمَامًا٧٤
«...Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko'z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin» (Furqon, 74).
Oqila qizni uyiga kelin qilgan ota-onaning o'g'li birinchi kecha kelin huzuriga kirganida, nimaga e'tibor berish kerak, degan savol bo'lishi tabiiy. Shuning uchun bu borada dinimiz ta'lim bergan odoblarni bayon qilamiz.
Birinchi, kuyov kelinning boshiga qo'lini qo'yib: “Bismillahir rohmanir rohim”, deb uning haqiga duo qiladi.
عن عمرو بن شعيب عن أبيه عن جده عبد الله بن عمرو: - عن النبي صلى الله عليه و سلم قال ( إذا أفاد أحدكم امرأة أو خادما أو دابة فليأخذ بناصيتها وليقل اللهم إني أسألك من خيرها وخير ما جبلت عليه . وأعوذ بك من شرها وشر ما جبلت عليه ). (رواه ابن ماجه)
Ibn Moja va Abu Dovud rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Agar biringiz uylansa, kelinning peshonasidan ushlab: “Allohning ismini (tasmiya) aytsin va bunday deb barokotli duo qilsin: “Parvardigoro, men sendan uning va unga yaratilgan narsaning yaxshiligini so'rayman. Uning yomonligi va unga yaratilgan narsaning yomonligidan panoh tilayman”, dedilar».
Ikkinchi, kelin-kuyov ikkovi ikki rakat namoz o'qib, Allohga duo qilishi mustahabdir.
Abu Shayba Shaqiqdan rivoyat qiladi: Abu Hariza ismli kishi: “Men bir joriyaga uylandim. U menga g'azab qilishidan qo'rqaman”, dedi. Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu): “Albatta, yaxshi ko'rish Allohdan va nafratlanish shaytondan. U shayton sizni Alloh halol qilgan narsaga nafrat qilishga undaydi. Hotiningga ortingda ikki rakat namoz o'qishni buyur va: “Parvardigor, meni o'z ahlimda marhamatga sazovor qilgin va ahlimni mendan marhamatga sazovor qil. Parvardigoro, bizni yaxshilikda birlashtir, agar ajratsang, yaxshilikda ajrat”, deb ayt.
Uchinchi, kuyov kelinga muloyim muomalada bo'lishi, shirinlik, ovqat va xushta'm ichimliklar – shirin choy, sut yoki sharbat olib kirishi mustahabdir.
عن أسماء بنت يزيد قالت: إنى قينت عائشة لرسول الله -صلى الله عليه وسلم- ثم جئته فدعوته لجلوتها فجاء فجلس إلى جنبها فأتى بعس لبن فشرب ثم ناولها النبى -صلى الله عليه وسلم- فخفضت رأسها واستحيت. (رواه أحمد)
Imom Ahmad “Musnad” asarida rivoyat qiladi. Asmo binti Yazid aytdi: “Oyshaning (roziyallohu anho) yuzini ochish uchun ziynatlab bezadim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning yoniga katta idishda sut olib keldilar. Undan ichdilar, so'ngra Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uni Oyshaga uzatdilar. U boshini pastga egdi va hayo qildi...”
عن عائشة : قالت قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إن أكمل المؤمنين إيمانا أحسنهم خلقا وألطفهم بأهله. (رواه الترمذي)
Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'minlarning imoni mukammali va xulqi yaxshisi ahliga mehribonidir”, dedilar.
عن عائشة قالت : قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: خيركم خيركم لأهله وأنا خيركم لأهلي. (رواه الترمذي)
Imom Termiziy rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) “Sizlarning yaxshilik qiluvchilaringiz o'z ahliga yaxshingiz va men sizlarning ahliga eng yaxshilaringizdirman”, dedilar.
Turmushning ilk paytlaridagi yaxshi muomala, shubhasiz, noqulay holatda, hadiksirab turgan bokira qizni bir oz o'ziga keltirib, muhitga moslashtiradi. Shu bilan birga, ko'nglida eriga nisbatan bir umrlik muhabbat, sadoqat va vafodorlik hislari kurtak otishiga yordam beradi.
To'rtinchi, jinsiy yaqinlik paytida kelin-kuyov liboslaridan to'la xoli bo'ladi, lekin yopinchiq ostida bo'lishi afzaldir. Bu esa hayoli bo'lishga undovdir.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar:
عَنْ يَعْلَى أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَال:َ إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ حَلِيمٌ حَيِيٌّ سِتِّيرٌ يُحِبُّ الْحَيَاءَ وَالسَّتْرَ... (رواه أحمد وأبو داود)
Imom Ahmad, Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta Alloh taolo hayoli va berkituvchidir, hayo va berkitishni yaxshi ko'radi”, dedilar.
Albatta, bu hadisdan ko'zlangan hikmat ko'p. O'z jufti bilan kishi to'laligicha rohatlanishi joiz, biroq avratni bemalol ochish durust emas. Sababini navbatdagi hadis izohlaydi:
عن ابن عمر : أن رسول الله صلى الله عليه و سلم قال إياكم والتعري فإن معكم من لايفارقكم إلا عند الغائط وحين يفضي الرجل إلى أهله فاستحيوهم وأكرموهم. (رواه الترمذي)
Imom Termiziy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Yalang'och bo'lishdan saqlaning, chunki sizlardan ajralmaydigan (farishta)lar bor. Qazoi hojat va kishi ahliga yaqinlik qilayotgan vaqtdagina joiz. Bas, ulardan (farishta) hayo qiling va ularni (farishta) hurmat qiling”, dedilar.
Beshinchi, qo'shilishdan oldin kuyov yaxshi so'zlar bilan kelinning ko'nglini xushnud qiladi.
قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: " لا يقعن أحدكم على امرأته كما تقع البهيمة ، وليكن بينهما رسول " قيل وما الرسول يا رسول الله ؟ قال " القبلة والكلام ". (رواه أبو منصور الديلمي في مسند الفردوس)
Abu Mansur Daylamiy “Firdavs” asarida rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam):
– Kishi xotini bilan hayvon kabi qo'shilmasin. Hotini va o'zi o'rtasiga elchi yuborsin.
– Elchi nima?
– O'pich va so'z.
Shuningdek, hadislarda er va ayol qo'shilish asnosida lazzat va engil bo'lishi uchun xotin bilan muvofiq bo'lishi lozimligi bayon qilingan.
Imom G'azzoliy bunday bayon qiladi:
“Er ehtiyojini qondirgach, ayolga ham nafsini qondirishga imkon bersin. Chunki ayolning inzol bo'lishi ko'pincha kech bo'ladi. Uning inzol bo'lmasligi esa aziyat. Er xotinni inzol qilishi har xil bo'lishi, muvofiq bo'lmasligi, ya'ni er xotindan oldin inzol qilishi o'rtada nafratni keltirib chiqaradi. Inzolning muvofiq kelishi esa ayolga orom baxsh etadi...”[1].
Oltinchi, qo'shilishdan avval er ushbu duoni o'qiydi:
عن ابن عباس رضي الله عنهما قال: قال النبي صلى الله عليه و سلم (لو أن أحدهم إذا أراد أن يأتي أهله قال باسم الله اللهم جنبنا الشيطان وجنب الشيطان ما رزقتنا فإنه إن يقدر بينهما ولد في ذلك لم يضره شيطان أبدا). (رواه البخاري)
Imom Buxoriy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birontangiz o'z ayoli bilan qo'shilsa, «Bismillahi, Parvardigor, bizni shaytondan va shaytonni bizga rizq qilib berganingdan chetlatgin” desa, o'rtada farzand bo'lsa, unga shayton abadiy zarar etkazmaydi», dedilar.
Yettinchi, er ayoli bilan xohlagan shaklda jinsiy yaqinlik qilishi mumkin, faqat farjga bo'lishi shart.
Alloh taolo bunday deydi:
نِسَآؤُكُمۡ حَرۡثٞ لَّكُمۡ فَأۡتُواْ حَرۡثَكُمۡ أَنَّىٰ شِئۡتُمۡۖ
«Hotinlaringiz sizlar uchun ziroatgohdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz ...» (Baqara, 223).
Oyatda aytilgan ziroatgoh bu xotinning jinsiy a'zosi. Er xohlagan shaklda qo'shilishi mumkin, faqat aynan ziroatgoh qasd qilinishi shart.
Sakkizinchi, yaqinlik qilishdan oldin tahorat qilish mustahab. Ulamolarimiz ushbu hadisni keltirganlar:
قال النبي صلى الله عليه و سلم: إذا أتى أحدُكم أهلَه ثم أراد أن يُعاود فليتوضأْ فإنه أنشطُ للعَودِ. (رواه ابن حبان والحاكم)
Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Agar birontangiz o'z ahliga yaqinlik qilsa, so'ng yana yaqinlik qilishni xohlasa, ikkisi o'rtasida tahorat olsin. Chunki u qaytishga rag'batlantiruvchidir”, dedilar.
To'qqizinchi, er va xotin qo'shilgandan keyin g'usl qilishga shoshishi afzal. Agar erinsa, uxlashdan oldin tahorat qilish mustahab.
Agar uxlab yoki erinchoqlik qilib, biror namozini qazo qilishi xavfi bo'lsa, g'usl qilib yotish afzal. Mabodo uyqu g'olib kelgan taqdirda ham, tahorat qilib yotish zarur. Ammo shu alfozda uxlab, g'usl qilgunicha namoz vaqti o'tib ketsa, gunohkor bo'ladi.
O'ninchi, er-xotin bir erda g'usl qilishi joiz.
عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ كُنْتُ أَغْتَسِلُ أَنَا وَرَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- مِنْ إِنَاءٍ وَاحِدٍ تَخْتَلِفُ أَيْدِينَا فِيهِ مِنَ الْجَنَابَةِ. (متفق عليه)
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qiladi: Oysha (roziyallohu anho) aytadi: “Janobatdan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bir idishdan g'usl qilardik. Idishda qo'llarimiz bir biriga tegardi”.
KYeYINGI MAVZULAR:
Er va xotin quyidagilardan ogoh bo'lishi lozim.;
Nafsni saqlash;
Alloma Ali Tantoviy nasihatlari;
Farzandga jinsiy tarbiyani ochiq bayon qilish;
[1]. “Ihyo ulumid din” kitobi 2-juz, 50-bet.
Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat.
Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.
Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.
Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi.
Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.
Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;
– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;
– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.
Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.
Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...
Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir.
Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.
Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!
Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.
O‘zA