— Ba'zida namoz vaqtida 3 rakat o'qidim-mi yo 4 rakat-mi, deb ikkilanib qolaman (xayol bo'linadi yoki esdan chiqib qoladi). Keyin davom etib ketaveraman, lekin ko'nglimda xijillik qoladi. Shunday paytda nima qilishimiz kerak? Davom ettiraversam to'g'rimi yo boshidan o'qish kerak-mi?
— Namozxon namozda necha rakat o'qiganini bilmay, shubha qilsa, bu uning umridagi birinchi unutishi bo'lsa, namozini yangidan boshlaydi. Agar shubhasi ko'paygan bo'lsa, gumonining g'olib tarafini oladi. Agar unutishi ko'p bo'lsa, g'olib gumonga bino qiladi. Agar g'olib gumoni bo'lmasa, ozini oladi.
Abu Sa'iyd Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz namozda shakka tushib qolsa, bas, qancha o'qiganini bilmay qolsa, uch rakatmi, to'rt rakatmi? Bas, shakni tashlasin va o'zi qattiq ishongan tomoniga bino qilib o'qisin. So'ngra salom berishidan oldin ikki marta sajda qilsin. Agar besh rakat qilgan bo'lsa, o'sha ikki sajda uning namozini juftga aylantiradi. Agar to'rt rakatni tamom qilish uchun o'qigan bo'lsa, u ikki sajda shaytonning burnini erga ishqagan bo'ladi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.