Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligi Andijonda o'tgan. Buyuk tarixchi olim Abdulhay Laknaviy Hasaniy «Nuzhat ul-xavotir (Hotiralar sayri)» asarida bunday yozadi: “Hazrat Hoja Ubaydulloh Ahror uning ismini Zahiriddin Muhammad deb qo'ygan. Lekin turkiy xalqlar orasida (dovyurakligi uchun) u Boburshoh nomi bilan mashhur bo'lgan”.
Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta'lim olib, fiqh ilmi, arab va fors tillarini yaxshi o'zlashtiradi. Jumladan, ko'plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qilib, she'riyatga qiziqishi ortadi.
Boburning otasi – Umarshayx Mirzo Farg'ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug' Nigorxonim Mo'g'uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi bo'lgan. U o'qimishli va oqila ayol bo'lib, o'g'liga hokimiyatni boshqarishida yaqindan yordam bergan va bir qancha harbiy yurishlarida hamrohlik qilgan. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok bo'lgach, oilaning to'ng'ichi 12 yoshli Bobur valiahd sifatida 1494 yil iyun' oyida taxtga o'tiradi.
Bobur ikki qo'lida qilich o'ynatadigan mohir sarkarda bo'lishi bilan birga serqirra ijodkor edi. Sarkardaning Hanafiylar mazhabi fiqhida “Mubayyan” nomli asari bo'lib, unga Shayx Zayniddin (ibn Qutbuddin Hanafiy) Havofiy sharh yozib, uni “Mubayyin” deb nomlagan” (“Nuzhat ul-xavotir (Hotiralar sayri)”, 314-bet.). “Risolai aruz”da aytilishicha, bu asar milodiy 1521 yili yozilgan. Mazkur asardan shu narsa ma'lumki, Bobur fiqhga muhabbati kuchli, hanafiy mazhabida mustahkam e'tiqodli shaxs bo'lgan. Bu asar ko'p yillar davomida “Mubiyn” (“Mubayyin”) deya talqin qilib kelindi. Islomshunos olim Mirzo Kenjabek “Risolai Hoja Axrori Vali” risolasi muqaddimasida keltirishicha, aslida “Mubayyin” kitob sharhining nomidir. Uni Boburning munshiysi (shaxsiy kotib) Shayx Zayn yozgan. Bu asar yana “Fiqhi Boburiy” deb ham atalgan” (“Urdu doirai ma'orifi islomiya” enqiklopediyasi, urdu tilida. Panjob universiteti nashri, mil. 1972 y.).
Shoh Bobur «Mubayyan» asarini farzandlari Nosiriddin Humoyun va Komron Mirzoga atab, fiqhiy bir dastur sifatida yozgan. Unda Islomdagi besh farzning fiqhiy masalalari ta'lim beriladi. Ya'ni, iymon-e'tiqod, namoz, ro'za, zakot va haj masalalari she'riy tilda go'zal bayon etilgan. Tahqiq qilib, solishtirilganda “Mubayyan” asari asosida “Muxtasari Viqoya” hamda «Hidoya»i sharif kitoblari namoyon bo'ladi. Asardagi duo matnlari esa, asosan kutubi sittada, ya'ni Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy kabi olti ulug' muhaddisning kitobida kelgan hadislardan hamda Imom G'azzoliyning «Ihyou ulumid-din» asaridan olingan.
Ulug' shoir, qomusiy alloma, ma'rifatli faqih Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” yoki “Tuzuki Boburiy” asari dunyoga mashhur. Shuningdek, sarkardaning she'rlar “Devon”i majoz va haqiqatlar gavhari bo'lsa, “Volidiya” risolasi nazmiy tarjimasi uning ma'naviy holi Ubaydulloh Ahror Vali hazratlari bilan bog'liqligidan darak beradi. “Mubayyan” asarini Temuriylar davri ijtimoiy, oilaviy, diniy madaniyatining ko'rkam ifodasi deyish mumkin.
“Boburnoma”ning o'z davrida Mirzo Abdurahim ibn Bayramxon tomonidan fors tiliga tarjima qilinishi ham asarning juda ulug' qadr-qimmat topganini anglatadi.
Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR
1.Bartold V. V. Sochineniya, t. 2 (chast 2), Moskva, 1964 y.
2.Oqilov Saidmuxtor. Moturidiya va Ash'ariya ta'limotlari tarxi. Toshkent. Movarounnahr. 2015. – B. 44.
3.“Urdu doirai ma'orifi islomiya” enqiklopediyasi, urdu tilida. Panjob universiteti nashri, hij. 1392 y, mil. 1972 y.
4.Fasix Havafi. Mudjmal-i fasixi., Toshkent: 1980 y; Temurnoma (Amir Temur Ko'ragon jangnomasi). Toshkent: 1990 y.
5.Sharafiddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”, Toshkent: 1997 y.
6.Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma, Toshkent: 1997 y.; Amir Temur Ko'ragon, Qissai Temur ("Malfuzoti Temuriy"), Toshkent: 2000 y.
7.Fayziyev T. Temuriylar shajarasi, Toshkent, 1995 y;
8.Hakim Sattoriy. “Hazrati Sohibqiron”. Toshkent. G'afur G'ulom. 2005 y. – B. 20.
#xabar #haj2025 #tabrik
Muqaddas zaminda haj ibodatini ado etayotgan millionlab mo‘min-musulmonlar qatori 15 ming nafar yurtdoshlarimiz Mino va Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdalar.
Shu yil 5 iyun Arafa kuni Makkai mukarramadagi Arafot hududida bo‘lib turgan hojilarimiz toatu ibodatlarda bo‘lib, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizga Qurbon hayiti tabriklarini yo‘lladilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi) Uni haj ibodatini ixlos ila ado etayotgan hojilarimiz nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqanazar hazratlari o‘qib eshittirdilar. Unda jumladan bunday deyilgan:
“Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Shuningdek, hojilarimiz gunohlar afv etiladigan va duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Yurtboshimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, xayrli ishlari doimo bardavom bo‘lishini iltijo qilib so‘rashdi.
Shu bilan birga yurtimiz hojilari yaratib berilgan imkoniyatlar va ko‘rsatilgan ehtiromdan ruhlanib, yurtga qaytgandan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni amalga oshirishni bir ovozdan ilgari surdilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi)
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarning hajlarini mabrur aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati